“Tolibon” harakatining Markaziy Osiyodagi geosiyosiy vaziyatga taʼsiri

 AQSh hukumati qaroriga ko‘ra, tinchlikparvar kuchlar Afg‘onistonni tark etayotgan bir paytda, “Tolibon” harakatining faolligi tobora oshib bormoqda. Ayni kunlarda Afg‘oniston hukumatining harbiylari chekinishi bilan, “Tolibon” harakati bir tuman ortidan ikkinchisini qo‘lga kiritib bormoqda va bu, asosan, shimoliy mintaqadagi tumanlardan iborat bo‘lib turibdi. Xalqaro kuzatuvchilarning fikriga ko‘ra, tez orada ular viloyat markazlari va yirik shaharlarni ham egallab ola boshlaydi. Hozircha ular poytaxt Qobulni kuch bilan olish niyatlari yo‘qligini aytishmoqda, ammo mamlakatning katta qismida ular ustunlikka ega. 1996 yilda bo‘lgani singari toliblar yana boshqaruvni o‘z qo‘liga olishi ehtimoli yuqori.

Afg‘onistondagi vaziyat yaqin kunlarda qanday tus oladi? Ushbu mamlakatdagi vaziyat hamda voqealar rivoji Markaziy Osiyo davlatlari uchun nechog‘li xavfli? Xususan, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston nimalarga tayyor turishi kerak?

Ushbu savollar bilan siyosatshunos ekspertlar – siyosatshunoslik fanlari doktori, professor Abdusamad Xaydarov va siyosiy fanlar bo‘yicha falsafa doktori (PhD) Suhrob Bo‘ronovga murojaat qildik.

Afg‘onistondagi hozirgi vaziyatni qanday baholagan bo‘lardingiz?

Abdusamad Xaydarov: Ayni paytda Afg‘onistondagi vaziyat keskinlashishda davom etmoqda. Toliblar shiddatli janglarsiz birma-bir mamlakat tumanlarini egallab olmoqda. Tolibon Afg‘onistonning qo‘shni davlatlar bilan chegaralari bo‘ylab nazorat o‘rnatish va mamlakatning viloyat hamda viloyat markazlarini Qobul bilan bog‘lovchi asosiy transport aloqalarini nazorat qilishga intilyapti. Hukumat harbiy qismlari, jumladan, maxsus kuchlarning ayrim elita bo‘linmalari Tolibon tomoniga o‘tishi mamlakat qurolli kuchlarida ruhiy tushkunlik boshlanganidan dalolat beradi. Baʼzi tumanlarning jangsiz taslim bo‘lishi toliblarning mohirona tashviqoti bilan izohlanadi. Biroq, ishg‘ol qilingan tumanlarda Tolibon aholining meʼyoriy hayotini taʼminlash uchun uzluksiz xizmatlarni tashkil etish muammosiga duch kelmoqda.

Ushbu og‘ir sharoitda mamlakat rahbariyatining harakatlari tizimli oppozitsiya bilan kelishmovchiliklarni bartaraf etish uchun haqiqiy saʼy-harakatlarni namoyon etmaydi. Tizimli oppozitsiyaning o‘zi ham tarqoq va toliblarga qarshilik ko‘rsatishga qodir emas. Bu holatdan toliblar juda samarali foydalanmoqda. Shunga qaramay, Qobuldagi vaziyatning o‘zi nisbatan tinchligicha qolyapti. Hukumat Tolibonga qarshi kurashishga tayyorligini eʼlon qildi. Shu bilan birga, etnik ozchiliklarning ayrim rahbarlari o‘z tarafdorlarini qurollantirishga kirishdi.

Asosiy tashqi o‘yinchilar – Rossiya, AQSH, Xitoy, Eron, Hindiston hokimiyatni zo‘rlik bilan bosib olishga yo‘l qo‘ymaslik va qarama-qarshi tomonlarning muzokaralar stoliga o‘tirishi maqsadida qator uchrashuv va maslahatlashuvlar o‘tkazmoqda.

Suhrob Bo‘ronov: Afg‘onistondagi vaziyat murakkab pallaga chiqmoqda. Vaziyatni “qaltis” deya baholashga bir qancha asoslar bor. Birinchidan, “Tolibon” qurolli kuchlari qisqa muddat ichida Afg‘onistondagi eng muhim tumanlarni o‘z nazoratiga olmoqda. Ikkinchidan, Kobuldagi hukumat vaziyatni to‘liq qo‘lga olishga qodir emas. Uchinchidan, afg‘onlararo muzokaralar bo‘yicha mintaqaviy va xalqaro jarayonlar to‘xtab qolgan. Aniqroq aytganda, Afg‘onistondagi hozirgi vaziyat “o‘yinchilar”ning biri g‘alaba qozonsa, ikkinchisi mag‘lub bo‘ladigan “nolga teng o‘yin” holatida emas. Shu jihatdan ham vaziyatni “qaltis” deyish mumkin.

Afg‘onistondagi joriy vaziyat AQSHning o‘z qo‘shinlarini olib chiqishga bo‘lgan harakati bilan chambarchas bog‘liq. Fikrimcha, Amerika Afg‘onistondan kuchlarini to‘liq olib chiqmaydi. Vashington Afg‘oniston siyosatida strategiyasini emas, aksincha, taktikasini o‘zgartirmoqda. Buni “Amerika Afg‘onistondan qolish uchun chiqmoqda” degan tezis bilan ifodalash mumkin. Garchi, J.Bayden Amerika harbiylarini Afg‘onistondan to‘liq olib chiqish vaqti haqida maʼlum qilgan bo‘lsa ham Vashington rahbariyati toliblarning kelishuvga rioya etmasligi yoki rasmiy Kobul bilan imzolagan strategik xavfsizlik shartnomasi orqali istiqbolda ushbu mamlakatdagi harbiy ishtirokini u yoki bu tarzda qonuniylashtirish variantlari mavjud.

Sizningcha, Afg‘onistondagi voqealar rivoji yaqin kunlarda qanday tus oladi?

Abdusamad Xaydarov: Toliblar AQSH bilan 2020 yilning fevral oyida shartnoma imzolaganidan beri o‘zini g‘olib deb hisobladi va bu his endi so‘nggi bir yarim oy ichida ko‘plab tumanlarni bosib olish bilan kuchaymoqda. Bizningcha, mamlakatdagi voqealar rivojining bir necha ssenariylari mavjud.

Birinchi ehtimoliy ssenariy – toliblar tumanlarni zo‘rlik bilan bosib olishda davom etib, viloyat markazlarini egallashga kirishishi mumkin. Agar bu tendensiya saqlanib qolsa va hukumat tizimli oppozitsiya bilan kelishmovchiliklarni bartaraf eta olmasa, toliblar bir necha viloyat markazlarini egallashi hamda isteʼfoga chiqish taklifi bilan hukumatga ultimatum qo‘yishi mumkin. Ammo, bu variant amalga oshishi uchun toliblar hozircha yetarli kuch va resurslarga ega emas.

Ikkinchi ehtimoliy ssenariy – Afg‘oniston va qo‘shni davlatlar uchun keyingi qator salbiy oqibatlarga olib keladigan fuqarolar urushining davom etishi.

Qolaversa, shunday vaziyat yuzaga kelishi mumkinki, unda hukumat isteʼfoga chiqishga majbur bo‘ladi hamda Tolibonga qarshi asosiy siyosiy kuchlar rahbarlari ishtirokida vaqtinchalik hukumat tuziladi. Bunday burilish, asosiy tashqi o‘yinchilar yordami bilan afg‘onlararo muzokaralar jarayonini qayta boshlash va murosaga erishishga imkon beradi.

Muzokaralar jarayonini qayta boshlash toliblar va mamlakatning asosiy etnik guruhlar va din vakillari ishtirokida koalitsion/inklyuziv hukumat tuzish uchun zarur bo‘ladi.

Suhrob Bo‘ronov: Aslida, Afg‘oniston bo‘yicha ertaga nima bo‘lishini ham bashorat qilish juda mushkul. Lekin, voqealar rivoji va tahlil orqali taxmin qilinsa bo‘ladiki, toliblar katta ehtimol bilan hokimiyatga yaqin kelishi mumkin. Faqat bu jarayon 90-yillar o‘rtalaridagi holat singari bo‘lmasa kerak. Ular hokimiyatni to‘liq egallaydi, deyishdan yiroqman. Fikri ojizimcha, bu yerda uchta ssenariy mavjud:

1. Konstruktiv. Rasmiy Kobul va “Tolibon” o‘rtasida murosa olib borilib, koalitsion hukumat tuzilishi;

2. Destruktiv. Mamlakatda fuqarolar urushi qayta faollashuvi;

3. Toliblarning hokimiyatni to‘liq qo‘lga kiritishi.

Afsuski, ikkinchi ssenariyning amalga oshishi ehtimoli yuqori. Chunki, hozir Afg‘oniston shimolida ham Kobul hukumatidan bo‘lak turli etnik guruhlar “Tolibon”ga qarshi jiddiy kurash olib bormoqda. Bu esa etnosiyosiy vaziyatni yana-da chigallashtirib, Afg‘oniston parchalanib ketishiga, afg‘onlararo muzokaralar esa yillab cho‘zilishiga olib kelishi mumkin.

“Tolibon” harakati mamlakat shimoliga intilar ekan, uning shimoliy qo‘shnilari Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekistonning jarayonlarga nisbatan munosabati turlicha shakllanmoqda. O‘zbekiston Afg‘oniston bilan anʼanaviy do‘stona aloqalar va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini asrash, betaraflikni saqlash hamda qo‘shni mamlakat ichki ishlariga aralashmaslik tarafdori ekanligini, Tojikiston esa hozircha hech qanday tahdid yo‘qligi, ammo “har doim yuqori tayyorgarlik holatida bo‘lish kerak”ligini taʼkidlamoqda.

Joriy vaziyat Markaziy Osiyo mintaqasi uchun qanchalar xavfli, xususan, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston nimalarga tayyor turishi kerak?

Abdusamad Xaydarov: Afg‘onistondagi hozirgi vaziyat, albatta, murakkab va bu Markaziy Osiyo davlatlarini vaziyatga munosib javob berishga majbur qiladi. Mintaqa davlatlarida Toliblar Afg‘oniston chegaralaridan tashqariga chiqish maqsadini ko‘zlamasliklari haqida tushuncha mavjud. Shunga qaramay, qochqinlar paydo bo‘lishi va hukumat harbiy qismlari o‘z hayotini saqlab qolish uchun chegaralarni kesib o‘tishi ham ehtimoldan holi emas.

Mavjud vaziyat tufayli Afg‘onistondan kelib chiqadigan xavfsizlik uchun anʼanaviy tahdidlar vaqtincha orqa fonda qoldi. Ushbu tahdidlarni afg‘onlararo muzokaralarni qayta boshlash va mamlakatda uzoq muddatli tinchlikka erishish orqali minimallashtirish mumkin. Muzokara jarayonini qo‘llab-quvvatlash va Afg‘onistonda bir qator transport kommunikatsiya hamda energetika loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha O‘zbekistonning tashabbuslari ham aynan shu maqsadga qaratilgan.

Suhrob Bo‘ronov: Biz har qanday holatda ham Afg‘onistonga xavf yoki tahdid manbai sifatida emas, balki strategik imkoniyatlar omili sifatida qarashimiz lozim. Shaxsan men joriy vaziyatni Markaziy Osiyo mintaqasi uchun juda xavfli, deb hisoblamayman. Katta geosiyosiy kuchlarning mintaqadagi yangi “o‘yin”lari Markaziy Osiyo davlatlarini amalda sinab ko‘rmoqda. Shunday vaziyatda Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining uchinchi Maslahat uchrashuvi tezroq tashkil etilishi nihoyatda dolzarbdir. Bo‘lajak uchrashuv Afg‘onistondagi vaziyatni tashqi kuchlar aralashuvisiz muhokama etishga, barcha saʼy-harakatlarni o‘zaro muvofiqlashtirish, istiqbolda Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqalarini Afg‘oniston orqali bog‘lashdagi to‘siq va muammolarni birgalikda hal etishga imkoniyat hamda sharoit yaratishi mumkin.

Muallif: Shavkat Ikromov – Yaqin Sharq davlatlari bo‘yicha tadqiqotchi, Toshkent davlat sharqshunoslik universitetining o‘qituvchisi