Qo‘shma Shtatlar Tojikiston va Gruziyaga 2 million doza vaksina ajratildi

Qo‘shma Shtatlar payshanba (22 iyul) kuni Tojikiston va Gruziyaga 2 million dona COVID-19 vaksinasini yuborishni eʼlon qildi.  

Tojikiston yakshanba kuni (25 iyul) Covax xalqaro vaksina tarqatish tizimi orqali 1,5 million doza Moderna vaksinasini, Gruziya esa shanba kuni 500 mingta Pfizer vaksinasini qabul qilishi haqida Oq uy rasmiylari xabar berishgan.

AQSH kasalliklarni nazorat qilish va ularning oldini olish markazi pandemiya boshlanganidan beri Tojikiston sog‘liqni saqlash va ijtimoiy himoya vazirligiga qiymati yarim million AQSH dollariga teng COVID-19 laboratoriya jihozlari va qurilmalarini yetkazib bergan.

Prezident Jo Bayden dunyo bo‘ylab 80 million doza vaksina ulashishga vaʼda bergan.

Vashington Covax tizimiga 2 milliard AQSH dollari ajratgan bo‘lib, Afrika Ittifoqi mamlakatlari va boshqa 92 ta nochor mamlakat uchun 500 millionta Pfizer vaksinasini xarid qilishni rejalashtirmoqda.

Bu orada Xitoy va Rossiya tanqidchilar «vaksina diplomatiyasi» deb ataydigan siyosatni qo‘llab, nochor mamlakatlarning moyilligini qozonish uchun vaksinalarni hadya qilishga vaʼda bermoqda.

Xitoy prezidenti Si Szinpin Xitoyda ishlab chiqarilgan vaksinalarni «global jamoat manfaati» deb nomlagan, ammo xalqaro sog‘liqni saqlash mutaxassislari yangi shtammlar tarqashi ortidan sifatsiz vaksinalar yana-da ko‘proq muammo keltirib chiqarishi mumkinligidan ogohlantirmoqda.

Shu bilan bir vaqtda, Xitoy Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining (JSST) koronavirus pandemiyasining kelib chiqish sabablariga oid tergovlariga qarshilik qilib kelmoqda.

Tekshiruvlarning ikkinchi bosqichida Xitoy laboratoriyalari taftish qilinishi zarur, deb xabar bergan JSST o‘tgan haftada. Qo‘shma Shtatlar virusning Uxan virusologiya institutidan sizib chiqqani ehtimollarini tekshirishni talab qilgan edi.

Bu orada Uxan biotexnologiya laboratoriyasi Xitoy armiyasi bilan aloqador bo‘lishi mumkinligi haqida yangi dalillar paydo bo‘lgan.

JSST rahbari Tedros Adxanom Gebreyesusning taklifi «2019 yil dekabrda odamlarda dastlabki kasallik aniqlangan hududlarda faoliyat olib borgan tegishli laboratoriyalar va tadqiqot institutlarini tekshirishni» o‘z ichiga oladi.

Ammo Xitoy sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Szen Isin payshanba kuni bu rejadan «juda taajjubda» ekanligini aytgan, unga ko‘ra, bu «sog‘lom fikrga nisbatan hurmatsizlik va fanga nisbatan bepisandlikdir».

Oq uy rasmiysi esa Xitoy pozitsiyasini «masʼuliyatsiz va ochiqdan-ochiq xavfli», deb atagan hamda «hozir qarshilik qilishning vaqti emasligini» taʼkidlagan.