Xitoy COVID-19 manbasini aniqlash uchun AQSHdagi laboratoriyani o‘rganishga chaqirmoqda

Xitoy COVID-19 kelib chiqish manbasini aniqlash uchun Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) mutaxassislarini AQSHning Merilend shtatidagi Fort Detrik laboratoriyasiga taklif qilishni talab qilmoqda, dedi Xitoy tashqi ishlar vazirligi vakili Chjao Liszyan.

Pekin vakilining so‘zlariga ko‘ra, Vashington bu masala bo‘yicha shaffof va masʼuliyatli pozitsiyani egallashi va JSST mutaxassislarini 1943-1969 yillarda AQSHning biologik qurol dasturining markazi bo‘lgan laboratoriyaga taklif qilishi kerak.

Chjao Liszyan shuningdek, Qo‘shma Shtatlar COVID-19 bilan kasallanish darajasi yuqori bo‘lgan mamlakat ekanligi va mamlakatda kasallikni erta yuqtirish darajasi oshib borayotganligini taʼkidlagan.

“Agar laboratoriyalarni tekshirish kerak bo‘lsa, JSST Fort Detrikka borishi kerak”, – dedi Xitoy TIV vakili.

Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkiloti dunyoda COVID-19 pandemiyasini 2020 yil 11 martda eʼlon qildi. 2021 yil 27 iyul holatiga ko‘ra dunyoda 194 milliondan ortiq COVID-19 infeksiyasi qayd etilgan, 4 milliondan ortiq bemor vafot etgan.

21 iyul kuni JSST rahbari Tedros Adxanom Gebreyus COVID-19ning yangi turi paydo bo‘lish xavfi mavjudligini va bu o‘rganilgan viruslardan ham xavfli bo‘lishi haqida ogohlantirdi.

Vaksina olish vaqti keldi.