Rossiyaning arab davlatlari bilan yaqinlashishga intilayotgani Eron bilan ittifoq kafolatlanmaganini koʻrsatmoqda

Moskvaning arab davlatlari bilan aloqa oʻrnatishga intilayotgani Eron rejimining sherigi deb atalgan Rossiyaning munosabatlarda sovib borayotgani va boshqalarni koʻzlayotganidan dalolat beradi.

Kuzatuvchilarning taʼkidlashicha, Rossiyaning arab davlatlari bilan munosabatlarni yaxshilashga oid soʻnggi urinishlari shuni koʻrsatadiki, Moskvaning Tehron bilan ittifoqi Eron rejimi umid qilganidek mustahkam boʻlmasligi mumkin.

Sovet Ittifoqining parchalanishi va Rossiyaning xalqaro maydonda yakkalanib qolishi ortidan prezident Vladimir Putin yillar davomida Yaqin Sharq, Afgʻoniston, Markaziy Osiyo va boshqa joylarda oʻz oʻrnini tiklashga urinib kelgan.

Kreml ushbu strategiya doirasida oʻz taqdirini ittifoqchilarga muhtoj boʻlgan Eron bilan bogʻlagan, bu davlat esa uning yadroviy faoliyatini cheklash va mintaqadagi jangarilarni qoʻllab-quvvatlashni toʻxtatishga qaratilgan xalqaro hamjamiyat bosimini eʼtiborsiz qoldirib kelmoqda.

Rossiya Bashar Asad rejimi tarafida Suriya mojarosiga aralashuvi orqali Yaqin Sharqdagi taʼsirini kuchaytirishga intildi, u yerdagi Eron bilan ittifoq esa tobora kuchsizlanib bormoqda.U doimiy ravishda Suriyadagi taʼsirini kuchaytirishga harakat qilar ekan, neft, gaz va fosfat sanoatini nazorat qilish orqali oʻzini harbiy va iqtisodiy sohada mustahkamlab, bu jarayonda asta-sekin Eronni siqib chiqarmoqda.

Eronning dushmanlari bilan oʻynashish

Eron bilan munosabatlardagi ziddiyat soʻnggi oylarda yanada kuchaygan – Tehronning tarixiy dushmanlari boʻlgan Fors koʻrfazi hamkorlik kengashiga aʼzo davlatlar bilan Rossiyaning diplomatik faolligi avjiga chiqqan.

Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning soʻnggi diplomatik qadamlaridan biri – shu oy Moskvada uning bahraynlik hamkasbi Abdullatif bin Rashid az-Zayaniy bilan uchrashgani boʻldi.

Rossiya Fors koʻrfazi mamlakatlari uchun xavfsizlik rejasi tashabbusini ishlab chiqmoqda, dedi Lavrov.

“Butun Fors koʻrfazi mintaqasida jamoaviy xavfsizlikni yoʻlga qoʻyish masalasini Eronning ishtiroki nazarda tutilgan holda kengroq muhokama qilish masalasi shular jumlasidan”, dedi Lavrov TASS xabariga koʻra.

Lavrov shuningdek, mart oyining toʻrt kuni davomida Moskvaning “ikki tomonlama siyosiy muloqotni” yoʻlga qoʻyish va savdo-iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlashga oid saʼy-harakatlari doirasida Fors koʻfazi hamkorlik kengashi aʼzolari: Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari va Qatarga tashrif buyurgan.

Shunday boʻlsa-da, bu tashrif manfaatlar ziddiyati, iqtisodiy opportunizm va siyosiy piarga toʻla boʻldi , deydi kuzatuvchilar.

Rossiyaning Yaqin Sharq va boshqa hududlar, xususan, Suriya va Liviyadagi manfaatlari gʻarazli, joylashish huquqini olish va tabiiy resurslardan foydalanish boʻyicha shartnomalar imzolashga qaratilgan boʻlib chiqdi.

Fors koʻrfazi hamkorlik kengashi davlatlari buni sezmasligi mumkin emas, deydi kuzatuvchilar.

Fors koʻrfazi davlatlari AQSH bilan oʻzaro munosabatlarni xavf ostiga qoʻyib, Rossiya bilan aloqalarni chuqurlashtirishga bormaydi, zero ular Rossiyaning Eron va boshqa davlatlar bilan oʻrnatgan oʻqiga u qadar ishonmaydilar, deydi xalqaro munosabatlar boʻyicha qatarlik mutaxassis Mahmud Abdul Munaym.

Rossiyaning mintaqadagi rejalari va manfaatlari Fors koʻrfazi davlatlarining manfaatlariga zid keladi, dedi Abdul Munaym, bu esa Fors koʻrfazi davlatlari xavfsizligiga nisbatan “taqiq chizigʻi” bilan teng.

Mart oyida Livanning “Hizbulloh” tashkiloti vakillaridan iborat delegatsiyaning Moskvaga tashrifi FKHKning Rossiyaga nisbatan munosabatini yana bir karra ochiqladi.

Suriyadagi ayovsiz raqobat

Putin Suriyadagi mojarodan butun mintaqada Rossiyaning taʼsirini yoyish uchun foydalandi, 2015-yilda Suriya maydoniga kirib kelib, urushdan aziyat chekayotgan davlatga Rossiyaning harbiy va iqtisodiy taʼsirini muttasil kuchaytirdi.

Rossiya va Eronning sherikligi asosan Asadni qoʻllab-quvvatlash bilan bogʻliq umumiy maqsaddan boshlandi, ammo bu munosabatlar Moskva uchun tobora foydasiz, Eron uchun esa tobora xavfliroq boʻlib bormoqda.

Suriya rejimi bilan kelishuvga erishishda muvaffaqiyat qozongan Rossiya Eron Islom inqilobi posbonlari korpusi (IIPK) bilan jangchilar yollash boʻyicha raqobatni kuchaytirgan.

Suriyalik iqtisodchi va Damashq universiteti oʻqituvchisi Mahmud Mustafoning aytishicha, ularning ikkovi ham Suriya rejimini iqtidorda ushlab turish uchun sarflagan mablagʻini qaytarib olish maqsadida rekonstruksiyaga oid manfaatli shartnomalar tuzishda raqobatlashmoqda.

Uning soʻzlariga koʻra, Eron rejimi Suriyaga kiritgan sarmoyalaridan katta daromad olishga umid qilgan edi, ammo Eronning yangi biznes imkoniyatlaridagi ulushi Eron rejimining umidlari va baholariga javob bermasligi tobora oydinlashmoqda.

Bu asosan Rossiyaning taʼsiri va Suriyaning sharqiy choʻlidagi (Badiya) fosfat konlari hamda Tartus va Latakiyadagi savdo portlari kabi daromad keltiruvchi loyihalar ustidan nazorati bilan bogʻliq.

Aftidan, Rossiyaning rejalari kengayib, “Eronning hisob-kitoblariga xalaqit berdi, oqibatda Rossiya Eronni u koʻz tikkan koʻplab daromad manbalaridan mahrum etdi”, deydi Mustafo.

Eron Xitoyga yaqinlashmoqda

Yaqinda Eronning Xitoyga yaqinlashishga qaror qilgani Tehron Moskvaning ishonchli sherik emasligini anglayotganidan dalolat berishi mumkin, deydi kuzatuvchilar.

Mart oyida Eronning Xitoy bilan imzolagan strategik bitimi doimiy neft taʼminoti evaziga Pekinning 25 yil davomida Eronga 400 milliard dollar miqdorida sarmoya kiritishini koʻzda tutadi. Ikki taraf eʼlon qilgan tafsilotlarga koʻra, neft sotuvdagidan pastroq narxda taklif etiladi.

Ammo ikki mamlakat oʻrtasida hamkorlikda qurol ishlab chiqish, harbiy mashqlar va razvedka maʼlumotlari almashinuvini oʻz ichiga oluvchi yanada kengroq strategik hamkorlik kabi ochiqlanmagan masala xavotirga sabab boʻlmoqda.

Bu bitim bilan zaiflashgan, global miqyosda yakkalanib, burchakka qadalgan va iqtisodiy qulash yoqasida turgan Eron rejimi dadil va qatʼiyatli Xitoy rejimining izmiga tushadi.

Koʻpgina kuzatuvchilar Pekinning kreditlar (zaif mamlakatlarga ogʻir shartlar asosida ulkan kreditlar taklif qilishdan iborat oʻzining asosiy majburlash vositalaridan biri) bahonasida Erondan yanada koʻproq imtiyozlar talab qilishidan xavotirda.

Bu hatto harbiy imtiyozlarga ham borib yetishi mumkin, deydi ular.