Rossiyaning mintaqaviy ambitsiyalari

Rossiya rasmiylari KXSHTni mustahkamlashda davom etmoqdalar.

Moskva xalqaro siyosiy va iqtisodiy strategiyalar instituti (RUSSTRAT) rahbari, Rossiya dumasi aʼzosi Yelena Panina 21-iyul kungi maqolasida Afgʻonistondan chiquvchi tahdidlarga toʻxtalib oʻtgan.

“Garchi Tolibon (Rossiyada taqiqlangan tashkilot) oʻz faoliyatini mamlakat chegaralaridan tashqariga yoymaslik vaʼdasini bajarsa ham, ichkaridagi hokimiyatning mustahkamlanishi katta sondagi qochqinlarning paydo boʻlishiga olib keladi va ularning hammasi ham tinch fuqarolardan iborat dehqonlar boʻlmasligi mumkin”, deb yozadi u.

Uning aytishicha, mintaqada xavfsizlikni taʼminlash uchun KXSHTga aʼzo davlatlar qurolli kuchlari “Rossiya bosh shtabiga qatʼiy boʻysunishi” kerak, “jangovar va taktik tayyorgarlik darajasini oshirishga qaratilgan keskin choralar koʻrilishi zarur”.

Paninaning maqolasi ODKBga aʼzo davlatlar jamoatchiligining keskin tanqidiga uchragan.

“Rossiya armiyamizni oʻziga qatʼiy boʻysundirmoqchi”, deydi bishkeklik Altinbek Kaparov. “Bu bizning milliy xavfsizligimiz uchun hatto toliblardan ham xavfliroqdir.”

Tahlilchilarga koʻra, Moskva mintaqada oʻz geosiyosiy manfaatlarini koʻzlamoqda. Maqsad – mintaqadagi davlatlar suverenitetini cheklash, ularni Rossiyaga qaram qilish va satellit davlatlarga aylantirishdir.

Kiyevdagi Armiya, konversiya va qurolsizlanish boʻyicha tadqiqotlar markazining Osiyo-Tinch okeani hududi boʻyicha rahbari Yuriy Poytaga koʻra, Rossiya shu yil yuz bergan qirgʻiz-tojik chegara nizosi yoki doimiy afgʻon tahdidi kabi qulay bahonalardan mintaqada oʻzining qoʻshimcha harbiy bazalarini tashkil etish uchun foydalanishga intiladi.

Bu Rossiyaga katta dividendlar berishi mumkin, dedi u.

Masalan, Qirgʻizistonning Botken viloyatidagi baza Rossiyaga Markaziy Osiyoda giyohvand moddalarning noqonuniy aylanmasi ustidan nazorat oʻrnatishga yordam berishi mumkin, dedi u Kremlning bundan-da kattaroq maqsadlari borligini taʼkidlab.

“Rossiyaning Markaziy Osiyoda qoʻshimcha harbiy kuch joylashtirishi Moskvaning bu respublikalar hukumatlariga, shuningdek, qoʻshni Oʻzbekistonga taʼsirini kuchaytirish uchun dastak boʻlishi mumkin”, dedi Poyta.