Mehnat munosabatlarida gender tenglik kerak (mi?)

Xotin-qizlar dunyo aholisining yarmini tashkil etadi, bu esa, insoniyat salohiyatining yarmiga teng deganidir. Biroq mavjud to‘siqlar tufayli ular hali ham davlat, siyosiy va iqtisodiy sohalarga yetarlicha jalb etilmagan. Insonning eng muhim huquqlaridan biri bo‘lgan gender tenglik jamiyatda tinchlik va totuvlikni taʼminlash hamda barqaror rivojlanish asosida inson salohiyatini to‘la ro‘yobga chiqarishda muhim rol o‘ynaydi. Xotin-qizlarning jamiyat hayotiga jalb qilinishi iqtisodiy o‘sishni taʼminlashi, ularning mavqei teng bo‘lmasligi esa butun jamiyat uchun jiddiy siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy oqibatlarga olib kelishi isbotlangan, bu esa davlatlarning milliy iqtisodiyotni rivojlantirish va tinchlik va farovonlikni saqlash borasidagi imkoniyatlarini jiddiy ravishda cheklab qo‘yishi mumkin.

Gender tengligi inson huquqlari bo‘yicha xalqaro huquqning bir qismiga aylandi. Gender tengligi zamonaviy jamiyatning asosiy maqsad va qadriyatlaridan biridir. Barqaror rivojlanish maqsadlari hozirgi kungacha erishilgan yutuqlarni yana-da chuqurlashtirish va kengaytirishga qaratilgan bo‘lib, butun jahonda xotin-qizlarga qarshi kamsitishlarni butunlay yo‘q qilishni ko‘zda tutadi. Hozirgi kunda baʼzi hududlarda sezilarli darajadagi gender tengsizlik saqlanib qolmoqda, xususan bunday tengsizlik haq to‘lanadigan ish o‘rinlarini egallash hamda mehnat bozorida yaqqol kuzatilmoqda. Jinsiy zo‘ravonlik xavfi, bepul parvarishlanish imkoniyatining cheklanganligi va uy-ro‘zg‘or tashvishlari hamda davlat boshqaruvi sohalarida mavjud bo‘lgan kamsitishlar xotin-qizlarning rivojlanishi yo‘lida hanuz katta to‘siqlarni tug‘dirib kelmoqda. Shunday qilib, barqaror rivojlanishning beshinchi maqsadida to‘g‘ridan-to‘g‘ri “gender tengligini taʼminlash va barcha xotin-qizlarning imkoniyatlarini kengaytirish” haqida so‘z boradi.

Koronavirus epidemiyasi xotin-qizlarning sog‘lig‘i, iqtisodiyotidan tortib, xavfsizligi va ijtimoiy himoyasiga qadar mavjud tengsizlikni kuchaytirmoqda.

Insonning har tomonlama tengligi – inson huquqlari sohasidagi muhim prinsiplardan biridir. Jamiyat hayotining barcha sohalarida ayollar bilan erkaklar o‘rtasida to‘liq tenglikka erishish ushbu prinsipning asosiy talabi hisoblanadi.

Bugungi kunda dunyodagi inson huquqlari uchun yeng katta muammo – gender tengligiga erishishda xotin-qizlarga imkoniyatlar berish;

Mamlakatda gender tenglikni taʼminlash va ayollarning ijtimoiy sharoitlarini yaxshilashga qaratilgan davlat siyosatini amalga oshirishda faol ishtirok etish imkoniyatlarini kengaytirish;

Ayollar huquqlari kamsitilishining barcha shakllariga barham berish bo‘yicha umumeʼtirof etilgan xalqaro normalarni milliy qonun hujjatlariga implementatsiya qilish yuzasidan takliflar ishlab chiqish;

Kasbiy segregatsiya, ish haqi o‘rtasidagi farq, aholining iqtisodiy faol qatlami orasida ayollarning ulushini ko‘paytirish masalalari bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish kabilardir;

Mamlakatimizda so‘nggi yillarda xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning ijtimoiy sharoitlarini yaxshilash, kasb-hunar taʼlimini tashkil etish va bandligini taʼminlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar izchil amalga oshirilmoqda.

Davlatimiz rahbarining xotin-qizlarni jamiyatning barcha sohalariga faol jalb etish borasidagi tashabbuslari barqaror rivojlanish maqsadlari uchun ayollarning salohiyatini to‘la-to‘kis ro‘yobga chiqarish uchun teng imkoniyatlar yaratishda global tendensiyalarga to‘la mos keladi.

Biroq, masalaning boshqa tomoni ham bor ayol kishiga barcha sohalarda ishlashi, erkak kishi bilan teng mehnat faoliyatini yuritishi qanchalik to‘g‘ri? Gender tenglikda xomiladorlikdagi turli o‘zgarishlar va undan keyingi davrlarda ish beruvchi tomonidan qanday yo‘l tutilishi kerak? (agar gender tenglik turgan bo‘lsa!)

Yuqoridagi sabablar tufayli gender tengligi oliy darajada yo‘lga qo‘yilgan Yaponiya, Germaniya va Fransiya kabi rivojlangan davlatlarda ayollarni tug‘ish va farzand parvarish qilish davri ko‘p vaqt talab etgani bois, ayollardagi reproduktiv vaqt o‘tib ketmoqda. Aholi yoshi esa qarib bormoqda…

Balki, ish beruvchining mehnat munosabatlaridagi “tenglik” tushunchasini olib tashlanishi to‘g‘ri bo‘lar?! Siz qanday fikrdasiz?

Mavzuga yana qaytamiz!