Taʼlim islohotlari: anʼanaviy yoki onlayn – qay biri afzal?

2020 yilning bahorida butun jahonda taʼlim tizimi keskin o‘zgarishlarga yuz tutdi. Farzandlari masofaviy o‘qishga o‘tgan ota-onalar ham tizim bilan birga turli noqulayliklar va uning natijasidagi tushkunlikni boshdan kechirishdi. Tadqiqotlarga ko‘ra, karantin paytida o‘qituvchilarning 84 foizi, o‘quvchi va talabalarning 73 foizi hamda ota-onalarning 68 foizi onlayn taʼlim tufayli stressdan aziyat chekkan. Maktablar ham, universitetlar ham onlayn o‘qitishga to‘liq tayyor bo‘lmagani uchun taʼlim shakli o‘zgarishi favqulodda ko‘plab muammolarga sabab bo‘ldi.

Ammo buning ijobiy tomonlari ham borligini tan olish lozim. Jahondagi eng nufuzli universitetlarning professorlari, turli mamlakatlardagi taniqli o‘qituvchilarning ijodiy va kasbiy salohiyati onlayn taʼlim rivojiga safarbar qilindi. Aytish mumkinki, xalqaro ilmiy hamjamiyat hech qachon masofadan o‘qitishning samarali modellarini ishlab chiqish uchun hozirgidek ko‘p kuch sarflamagan. Garchi, bu masala o‘tgan asrning 80- yillaridan eʼtiboran, kun tartibida bo‘lib kelayotgan bo‘lsa-da.

Maʼlumki, pandemiyadan oldin ham jahon EdTech bozori faol o‘sish ko‘rsatkichlariga ega edi. Ayrim prognozlarga ko‘ra, 2025 yilga kelib, onlayn taʼlim investitsiyalari hajmi 350 milliard dollarga yetishi kerak edi, biroq, hozir bu ko‘rsatkich ancha yuqoriladi va $1 trillion dollarga yetishi mumkinligi aytilmoqda. Biz mazkur tadqiqotga tayyorgarlik ko‘rish asnosida onlayn taʼlim haqidagi keng tarqalgan stereotiplarni o‘rganib chiqib, qaysi biri oqilona, qaysi biri xato ekanligini aniqlashga harakat qildik.

Eng avvalo, bizni talabalar va oliy taʼlim muassasalari professor o‘qituvchilarining qanday onlayn platformalardan foydalanishi qiziqtirdi. Poytaxt va viloyatlardagi ayrim oliy taʼlim muassasalari talabalari va professor o‘qituvchilaridan bu xususda so‘radik. Ularning 80 foizi (jami 5 OTM, 350 nafar ishtirokchi) Zoomda yoki telegram tarmog‘i orqali dars o‘tganligini aytdi. Ishtirokchilarning 20 foizi butun jahonda onlayn taʼlim uchun foydalanilayotgan Moodle, eSlass, Google Classroom hamda onlayn kurslari bilan tanilgan Coursera, EdX, Udacity, Udemy kabi platformalarni bilishini aytdi. Bizningcha, muammo shu yerdan boshlanadi, biz O‘zbekistonda onlayn taʼlimga o‘tar ekanmiz, eng avvalo, ushbu shakldagi taʼlim platformalari va bu bo‘yicha jahon tajribasini o‘rganish zarurati bor.

Taʼlimning qaysi shakli samaraliroq?

Onlayn va anʼanaviy mashg‘ulotlarni qarama-qarshi qo‘yish odat tusiga kirib qolgan. So‘nggi o‘n yilliklarda olimlar qaysi format yaxshiroq ekanligini aniqlashga bir necha bor urinishdi. Natijada, biz onlayn o‘qishning anʼanaviydan ko‘ra samaraliroq ekanligini tasdiqlovchi yuzlab tadqiqotlarni topishimiz mumkin bo‘ldi va shu bilan birga, buning aksini ham ko‘rsatadigan ko‘plab ilmiy tadqiqotlar mavjud. Bizningcha, onlayn va oflayn o‘qishni taqqoslash noto‘g‘ri. Ikkala format ham o‘z xususiyatlariga ega. Shubhasiz, afzalliklari ham bor, ularning har biri alohida holatlar uchun samaradordir. Odatda, natija kontekst, mavzu, o‘quv maqsadlari, o‘quvchining shaxsiy xususiyatlari, taʼlim mahsulotini amalga oshirish sifati va boshqa bir qator omillarga bog‘liq”.

Onlayn taʼlim bozori juda xilma-xil. Bu – ochiq onlayn kurslar (Coursera, EdX, Udacity, Udemy), umumiy taʼlim platformalari, b2b yechimlari (birinchi navbatda har xil LMS), taʼlim uchun mobil ilovalar va kompyuter o‘yinlari, videokonferensaloqa vositalari, o‘qituvchilar bilan virtual darslar va boshqalardir. “Qay biri samaraliroq?”, degan savol esa ko‘pincha, ahamiyatli emas. Bunda platformalar imkoniyatlarini tushunish muhimroq. Eng yaxshi natijaga erishish uchun format va vositalarni to‘g‘ri birlashtirish ko‘nikmalariga ega bo‘lish zarur.

Pandemiyaning birinchi to‘lqinidan so‘ng jahondagi yetakchi universitetlar aralash darslarni joriy etish rejalarini ishlab chiqdi va amaliyotga joriy qildi. Chunki, klassik darslar onlayn-platformada ishlash bilan to‘ldiriladi. Bu qarorga kelishga nafaqat pandemiyaning davom etishiga tayyorgarlik ko‘rish zarurati, balki obyektiv sabablar ham turtki bo‘ldi. Xususan, Qo‘shma Shtatlarda o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, talabalarning 81 foizi yordamchi raqamli qurilmalardan foydalanish taʼlim sifati va akademik ko‘rsatkichlarni sezilarli darajada yaxshilaydi, deb hisoblaydi.

Kelajakda onlayn taʼlim anʼanaviy taʼlim shakli bilan almashtiriladimi?

Eng avvalo, aytish mumkinki, onlayn taʼlim shakli qariyb uch ming yillik tarixga ega bo‘lgan anʼanaviy taʼlim shaklini yaqin yuz yillikda hech qachon siqib chiqara olmasa kerak. Onlayn taʼlim anʼanaviy taʼlimni to‘ldiruvchi, uning samaradorligini yana-da oshiruvchi bir vosita bo‘lib qoladi. Hayotimiz davomida biz yangi bilim va ko‘nikmalarni muntazam o‘zlashtirishimiz kerak, taʼlim uchun ajratgan muayyan davrimizda esa bunga erishib bo‘lmaydi, albatta. Shuning uchun ishlash va yashash uchun qulaylik yaratish maqsadida kechadigan boshqa harakatlarimiz davomida ham biz taʼlim olishni davom ettiramiz, mana shu vaziyatda onlayn o‘qitish juda muhim vositaga aylanmoqda. Masofaviy format malaka oshirish, o‘ziga xos tor ko‘nikmalarni rivojlantirish, yangi dasturlar va raqamli vositalar bilan tanishish uchun juda ham qulay vositadir. Pandemiya davrida maxsus ko‘nikmalarning tez rivojlanishi kuzatildi, jamiyatning barcha qatlamlari qandaydir yangi ko‘nikmani o‘rganishga intildi. Udemy global taʼlim platformasi vakillari pandemiyaning birinchi to‘lqinida Zoom orqali videokonferensaloqa o‘tkazish va virtual jamoani boshqarish bo‘yicha darslar eng ommabop kurslardan biri bo‘lganini taʼkidlashadi.

Onlayn taʼlimning afzalliklari haqida qancha ko‘p gapirsak ham, unutmaslik kerakki, ko‘pgina mutaxassisliklar fundamental bilimlarni talab qiladi. Ularni o‘rganish uchun ko‘pincha, murakkab ilmiy-texnik bazadan foydalaniladi. Diplomini masofadan turib o‘qish natijasida olgan shifokorga borib, davolanishni hech kim xohlamasligi tayin, hatto u eng zamonaviy simulyatorlarda o‘qigan bo‘lsa ham. Bundan tashqari, klassik taʼlimning, shubhasiz, afzalligi bor, bunda eng muhim jihat – ishtirokchilarning jonli aloqasi, yuzma-yuz muloqot. Zamonaviy texnologiyalar haqiqiy “mavjudlik hissi” ni yaratish imkoniyatiga ega emas. O‘qituvchining xarizmi, og‘zaki muloqot, sinfdagi muhit o‘quv jarayonida ilhom beradi va bu taʼlim sifatiga eng ko‘p taʼsir qiladigan omillardan biridir.

 Biz yuqorida, asosan, oliy taʼlim muassasalarida onlayn taʼlim berish muammolari haqida gapirdik. Biroq pandemiya sharoitida maktablardagi onlayn taʼlim ham alohida mavzudir. Va onlayn taʼlimning bu sohada bir qator psixologik muammolari mavjud. Bolalar uchun onlayn taʼlim qiyinchilik tug‘diradi. Chunki, bola qanchalik yosh bo‘lsa, o‘qituvchi va sinfdoshlari bilan muloqotga shunchalik muhtojdir. U darslarni harakatlar, emotsiyalar, jismoniy mashqlar orqali o‘rganadi. Ayniqsa, boshlang‘ich maktab o‘quvchilarini “masofa”ga o‘tkazish eng muammoli masaladir. Maktablar ikkinchi karantinga ko‘proq tayyorgarlik ko‘rishiga qaramay, boshlang‘ich maktablarda onlayn taʼlim to‘liq sifatga yaqinlashishi ehtimoldan yiroq, chunki, bola uchun qulay taʼlim muhiti jonli muloqotni talab qiladi.

Qulaylik va arzon narx – onlayn o‘qishning asosiy afzalliklari

Istalgan vaqtda va jahonning istalgan joyida turib o‘qish imkoniyati onlayn taʼlimning eng afzal jihatlaridan biridir. Karantin davrida esa u haqiqiy maʼnoda qutqaruvchi vazifasini bajardi. Taʼlimning bu shakli yana bir jihati bilan qulay – u arzondir. Masofaviy o‘qishga o‘tib, ko‘plab maktablar o‘qituvchilari kutilmagan taʼsirni payqashdi: ko‘pchilik o‘quvchilarning ko‘rsatkichlari yomonlashgan bo‘lsa, baʼzilari, aksincha, yutuqlarga erishdi. Ko‘rinib turibdiki, formatning tubdan o‘zgarishi, odatiy o‘rganishning to‘xtab qolganligi sharoitida ham yaxshi natijalarga ega bo‘lish mumkin. Yana bir jihat, siz o‘z xohishingiz va o‘zingizga qulay vaqtda Internet orqali o‘qishingiz mumkin. Istalgan vaqtda o‘rganilgan mavzularga qaytish, murakkab mavzuda to‘xtab qolish va allaqachon tanish bo‘lgan materiallardan tez o‘tib ketish qobiliyati tufayli talabalar klassik formatga qaraganda 25-60% kamroq vaqt o‘rganadilar.

Shu bilan birga, onlayn taʼlimning arzonligi va foydalanish uchun qulayligining salbiy tomoni ham bor. Statistik maʼlumotlarga ko‘ra, onlayn-platformalarda ro‘yxatdan o‘tganlarning yarmidan ko‘pi hech qachon mashg‘ulotni boshlamaydi va boshlaganlar orasida foydalanuvchilarning atigi 20-60 foizi oxirigacha yetib boradi. Klassik kurslarda o‘qishni muvaffaqiyatli tamomlagan talabalar foizi ancha yuqori. Onlayn o‘qitish unchalik moslashtirilmagan, uni eʼtiborsiz qoldirish osonroq, chunki, talaba natija uchun faqatgina o‘zi javobgardir va o‘qishni har doim “keyinroqqa” kechiktirish mumkin.

Onlayn kurslar sifati

Har qanday taʼlim sifati haqida gapirganda, uni o‘lchovchi turli mezonlar borligini hisobga olishimiz kerak. Hech kim anʼanaviy taʼlimning sifati yuqori deya mutlaq xulosa bera olmaydi. Anʼanaviy taʼlimda ham, onlayn taʼlimda ham, yuqori sifatli, tasdiqlangan dasturlar ham, umuman talabga javob berolmaydigan, samarasiz va baʼzan shunchaki keraksiz dasturlar ham bor. Hozir Internet tarmog‘ida ko‘plab onlayn kurslar mavjud va ular soni kundan-kunga oshib bormoqda. Asosiysi, har kim, o‘z bilim darajasidan qatʼi nazar, o‘z kursini boshlashi mumkin. Qimmatbaho tarkib yo‘qligi, tasodifiylik, materiallarning sifatsizligi, hatto o‘qitishning asosiy tamoyillarini umuman noto‘g‘ri tushunish – bu muammolar, haqiqatan ham, baʼzi onlayn dasturlar uchun xosdir.

Muallif: Azamat Sharipov – O‘zbekiston Fanlar akademiyasi huzuridagi O‘zbekistonning eng yangi tarixi masalalari bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi-metodik markazining tayanch doktoranti