Olimpiada g‘oliblari ko‘p qavatli uylar devorida

O‘zbek rassomlari, «Novda Group» illyustratorlari Tokio-2020 olimpiadachilarining natijalarini ko‘p qavatli uylar devorida mural ko‘rinishida tarixga muhrlash taklifini bildirishdi.

2020 yilda, poytaxtning Sergeli tumanida, Ziyo Forum ilm-fan va taʼlim-tarbiyani rivojlanish fondi tashabbusi bilan yosh rassom Xasan Maycheyev tomonidan shifokorlarga bag‘ishlangan ilk mural yaratilgan edi.

Pandemiya davrida shifokorlar ko‘rsatgan qahramonliklarga bo‘lgan ehtirom barchaning ko‘z o‘ngida yaraladigan va isteʼdodli rassomlar tomonidan bajariladigan yangi madaniy inqilobga aylandi.

Eʼtiborga loyiq tomoni shundaki, bunday tashabbuslar Sergeli tumani hokimi Elbek Shukurov tomonidan mamnuniyat bilan qo‘llab-quvvatlanadi.

To‘qqiz qavatli binodagi uch bolakayning O‘zbekiston bayrog‘ini musaffo osmonga ko‘targani tasvirlangan strit-art buning yaqqol namunasidir.

Eʼtiboringizga «Novda Group» tomonidan Olimpiada chempionlari mavzusiga bag‘ishlab yaratilgan mural konsepsiyalarini taqdim etamiz.

Mualliflar taʼkidlab o‘tganidek, ushbu asar sportchilar va murabbiylarning mashaqqatli mehnati uchun o‘ziga xos yodgorlik va hurmat timsoli, shuningdek Yurtimiz mustaqilligining 30 yilligiga yorqin sovg‘a bo‘ladi.