Ashxobodda yangi “Toshkent” bog‘i quriladi

Ashxobodda Turkmaniston va O‘zbekiston o‘rtasidagi do‘stlik sharafiga Toshkent bog‘i qurilishi boshlandi.

Maʼlum bo‘lishicha, qariyb 30 ming kvadrat metr maydonda peyzaj bog‘i, favvoralar, platforma va madaniy tadbirlar uchun sahna, o‘zbek oshxonasi bilan jihozlangan ikki qavatli choyxona, shuningdek, yigirmadan ziyod obyekt hamda O‘zbekiston poytaxtining diqqatga sazovor joylari yaratiladi.

2017 yil oktyabr oyida Toshkentda “Ashxobod bog‘i” ochilgan edi.

Prezident Gurbanguli Berdimuhamedov 2021 yil 17 fevralda O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilovga Ashxoboddagi Toshkent bog‘i qurilishi haqida gapirgan edi.

17 mart kuni Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev boshchiligidagi delegatsiya amaliy tashrif bilan Ashxobodga kelganida esa poytaxt hokimi hamkasbiga uchrashuvda Toshkent bog‘ining dastlabki loyihasini taqdim etgan.

Mana o‘sha bog‘ ishlari boshlangani xabar berilmoqda.