O‘zbekiston “Global tinchlik indeksi”da yuqoriladi

O‘zbekiston 2021 yilgi «Global tinchlik indeksi» (Global Peace Index)da 13 pog‘ona yuqorilab 163 mamlakat ichida 90-o‘rinni band etdi. Indeks bilan batafsil ushbu havolada tanishishingiz mumkin.

O‘tgan yilgi indeksda O‘zbekiston 103-o‘rinda edi.

Sobiq ittifoq mamlakatlari indeksda quyidagi o‘rinlarni egalladilar: Moldova — 59, Qozog‘iston — 67, Qirg‘iziston — 76, Armaniston 94, Tojikiston — 97, Turkmaniston — 109, Belarus — 117, Ozarbayjon 121, Ukraina — 142, Rossiya — 154-o‘rin.

Eng tinchliksevar mamlakat — Islandiya (1-o‘rin). Keyingi o‘rinlarda: Yangi Zelandiya (2), Daniya (3), Portugaliya (4), Sloveniya (5).

Eng oxirgi o‘rinlarda: Afg‘oniston (163), Yaman (162), Suriya (161), Janubiy Sudan (160), Iroq (160).

Ma’lumot uchun: AQSh — 122, Xitoy — 100, Eron — 142, KXDR — 151, Janubiy Koreya — 57, Yaponiya — 12-o‘rinda.

“Global tinchlik indeksi” (GPI) Iqtisodiyot va tinchlik instituti tomonidan 14 yildan beri tuzib kelinadi. Indeks asosan uch toifaga quriladi: «Cho‘zilib ketgan nizolar», «Muhofaza va xavfsizlik» hamda «Harbiylashish». Bular ham o‘z navbatida 23 indikatorga bo‘linib, mamlakatlarning tashqi va ichki tinchliksevarligi baholanadi.

Indikatorlar, xususan, jamiyatning jinoyatlarga munosabati, har 100 ming aholiga to‘g‘ri keluvchi qotilliklar va mahkumlar soni, quroldan foydalanish imkoniyati, har 100 ming aholiga to‘g‘ri keluvchi politsiya va xavfsizlik xizmati xodimlari soni, qurolli nizolardagi ishtiroklar va qurbonlar soni, harbiy xarajatlar, siyosiy barqarorlik, ichki nizolarning davomiyligi va hokazolarni o‘z ichiga oladi.