Pul yuvish reytingida O‘zbekistonni o‘rni qayerda?

Biz pul yuvishni bilamizmi?

Pul yuvish — jinoyat natijasida qo‘lga kiritilgan pul yoki boshqa mulkka qonuniy tus berish, yaʼni noqonuniy yo‘llar bilan topilgan mulkni ochiqchasiga foydalana olish uchun norasmiy iqtisoddan rasmiy iqtisodga olib o‘tish. Ammo, baʼzi bir qonun tizimlarida “pul yuvish” atamasi terrorizmni qo‘llash, soliq to‘lamaslik va xalqaro sanksiyalarni aylanib o‘tish kabi boshqa turdagi moliaviy jinoyatlar haqida gapirilganda ham qo‘llaniladi.

Pul yuvishga qarshi Bazel indeksi (Basel Anti-Money Laundering Index) – pul yuvish va terrorizmni moliyalashtirish bilan bog‘liq mamlakatlar xavfini o‘lchash va baholash uchun qabul qilingan umumiy ko‘rsatkich bo‘lib 2012 yildan beri Bazel Universitetining mustaqil instituti bo‘lgan Bazel Boshqaruv Instituti (Basel Institute on Governance) tomonidan nashr etiladi va Birlashgan Millatlar Tashkilotining Jinoyatchilikning oldini olish va jinoiy adolat dasturlari tarmog‘i homiyligida faoliyat olib boradi. So‘rov natijalari xalqaro, hukumat, moliya va tijorat institutlari tomonidan mamlakat xatarlarini baholashning mustaqil vositasi sifatida ishlatiladi.

Reytingni hisoblash uchun ishlatiladigan ko‘rsatkichlar har xil og‘irlikdagi beshta asosiy toifaga guruhlangan:

1. Pul yuvish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurash tizimining sifati (65%).

2. Korrupsiya va poraxo‘rlik xavfi (10%).

3. Moliyaviy shaffoflik va standartlar (10%).

4. Jamoatchilik oshkoraligi va hisobdorligi (5%).

5. Siyosiy va huquqiy tavakkalchilik (10%).

2020 yilda eʼlon qilingan indeks maʼlumotlarga ko‘ra, MDH mamlakatlari ichida pul yuvish bo‘yicha yetakchi davlat bu jahonda 27-o‘rinda joylashgan Qirg‘iziston. Ikkinchi o‘rinda yana bir qo‘shnimiz Tojikiston joylashgan (jahonda 32-o‘rin). Birinchi uchlikni jahonda 43-o‘rin egasi bo‘lgan O‘zbekiston yakunlab beradi. Reytingda Rossiya 52, Ukraina 67, Ozarbayjon 66, Moldova 71, Qozog‘iston 73, Armaniston 79 va Gruziya 103- o‘rinda.

Indeksni shakllantirish metodologiyasi va uning maʼlumot manbalarining batafsil tavsifi har yili o‘tkaziladigan reytingning keyingi taqqoslash tadqiqotlari natijalariga ko‘ra berilgan.

Indeksning ommaviy nashri xavflarni ishonchli baholashni hisoblash uchun eng to‘liq maʼlumotlarga ega mamlakatlar ro‘yxatini o‘z ichiga oladi. Barcha mamlakatlar uchun o‘tkazilgan tadqiqotning to‘liq natijalari Ekspert (Expert Edition) nashrida taqdim etiladi, unga kirish obuna orqali bo‘lib, ilmiy, jamoat, davlat va notijorat tashkilotlariga bepul ochiqlanadi.