Markaziy Osiyo: yana rus tili muammosi?!

Rossiya rasmiylari Markaziy Osiyo mamlakatlarini rusiyzabon aholini «kamsitish va tahqirlashda» ayblamoqda.

Boshlanishi…

2 avgust kuni Qirg‘iziston poytaxti Bishkekdagi savdo markazida mast xaridor u bilan qirg‘iz tilida emas, rus tilida gaplashgan kassirdan g‘azablanib, unga qarata kalkulyatorni irg‘itganidan boshlangan.

Bishkek politsiyasi mayda bezorilik holati bo‘yicha jinoiy ish ochgan, chunki ayol jarohatlanmagan. Biroq, Rossiya ommaviy axborot vositalari bu voqea bahonasida Qirg‘izistonda rusiyzabon fuqarolarga zulm qilinayotgani haqida bong urishni boshlagan edi.

Rossiya prezidenti huzuridagi fuqarolik jamiyatini rivojlantirish va inson huquqlari qo‘mitasi 8 avgust kungi bayonotida yuz bergan hodisani «Qirg‘izistondagi vatandoshlarga nisbatan nodo‘stona harakat» va «rusiyzabon aholini til va milliy belgilarga ko‘ra kamsitishga urinish» deb atgan.

Keyinroq kengash Rossiyada ishlab vatanidagi oilasiga pul yuborayotgan qirg‘iz diasporasi vakillari Rossiyada kamsitilmayapti, deyishgacha bordi.

«Rossiyada bu odamlarga nisbatan munosabat ularning millati yoki diniga qarab belgilanmaydi», deyiladi bayonotda.

Kengash Qirg‘iziston hukumatini «vatandoshlarning kamsitilishi bilan bog‘liq barcha holatlarni imkon qadar tezroq va sinchkovlik bilan» tergov qilishga chaqirgan.

10 avgust kuni Qirg‘izistonning Moskvadagi elchixonasi oldida norozilik tadbiri uyushtirgan Rossiya Davlat dumasi aʼzosi Vladimir Jirinovskiy qirg‘izistonlik migrantlarni Rossiyadan haydash va vataniga qaytarib yuborish kerakligini aytib tahdid qilgan.

«Bitta rusni uradigan bo‘lsa, 10 mingta qirg‘izni haydash kerak. Ishsiz va pulsiz qolib ko‘rishsin», deb aytgan Jirinovskiy.

Javob…

10 avgust kuni Qirg‘iziston tashqi ishlar vaziri Ruslan Kazakboyev bu masalani Rossiya elchisi Nikolay Udovichenko bilan muhokama qilib, «Rossiya rasmiylari alohida holatlarni Qirg‘izistondagi etnik ruslarning huquq va manfaatlarining tizimli buzilishi yoki fuqarolarni etnik va diniy belgilarga ko‘ra kamsitish deb baholamasliklari kerakligini» aytgan.

«Qirg‘izistonda rusofobiya yoki boshqa agressiv millatchilik ko‘rinishlari mavjud emas, tarixni qayta yozishga urinishlar, haykallarga yoki rus tiliga qarshi kurash yo‘q», dedi Kazakbayev rus tili mamlakatda rasmiy til ekanligini taʼkidlab.

Kazakbayev Rossiya elchisiga «ayrim rossiyalik siyosatchilarning muayyan provokatsion unsurlar manfaatiga xizmat qilgan holda bu kabi muammolar bo‘yicha keskin bayonotlar berib, ularni omma oldiga olib chiqishi nomaqbul ish ekanini» aytgan.

Migrantlar g‘azabda

Rossiyaning bu reaksiyasi mamlakatdagi qirg‘izistonlik mehnat migrantlarining keskin eʼtiroziga sabab bo‘ldi. Ular Rossiyada har kuni duch keladigan mashaqqatlar oldida Bishkekdagi voqea arzimas ekanligini aytganlar.

«Markaziy Osiyolik migrantlarga munosabat qanday ekanligi hech kimga sir emas. Men bezorilar haqida emas, Rossiya hukumat idoralarida ishlaydigan odamlar, jumladan, pora bermagan migrantlarni noqonuniy qamab, kaltaklaydigan militsiya xodimlari haqida gapiryapman», deydi Moskva supermarketida ishlaydigan, Qirg‘izistonning Chuy viloyati, To‘qmoq shahridan kelgan Ulan Omorov.

«Shovinist bezorilarni esa gapirmasa ham bo‘ladi».

Rossiyada radikal millatchilar – skinxedlar ko‘p, ular migrantlarni terisining rangi va ko‘zlarining shakli boshqacha bo‘lgani uchungina metro va qorong‘i ko‘chalarda ushlab olib, do‘pposlaydilar, deydi Omorov.

Nima sababdan Rossiyalik huquq himoyachilari va siyosatchilar bu muammoni yashiradilar? deydi u.

Rossiyada diskriminatsiya faqat migrantlar bilan sodir bo‘lmaydigan ko‘rinadi.

«Markaziy Osiyodan Rossiyaga kelganlar aeroportda pasport nazoratidan o‘tayotganidayoq ularga ikkinchi darajali odam kabi munosabatda bo‘lishadi», deb yozadi sayohatchi bloger Ilya Varlamov o‘zining Telegram kanalida.

«Rossiya chegarachilari ularni sensirab gapiradi, haqorat qiladi, ularga baqiradi va qo‘pollik qiladi», deb qo‘shimcha qildi u.

Ular Markaziy Osiyoliklarni kamsitib, “churka” deb atashadi, dedi u.

Rossiyada haqorat va kamsitish holatlari nafaqat Markaziy Osiyoliklar, balki kelib chiqishi osiyolik bo‘lgan Rossiya fuqarolari bilan ham yuz beradi, deb yozgan Varlamov.

«O‘zimizning rossiyalik yakutlar, buryatlar va qalmiqlardan so‘rab ko‘ring: vatanimiz poytaxtida ularga nisbatan qanchalik hurmat bilan munosabatda bo‘lishadi, ijaraga kvartira olishi osonmi, ko‘zlarining shakli boshqacha bo‘lgani uchun “mentlar” tintuv qilishmaydimi?»

Sunʼiy muammolar

Bu orada Qozog‘istonda millatchilik ruhidagi blogger Kuat Axmetov mijozlarga faqat rus tilida xizmat ko‘rsatadigan do‘kon va boshqa muassasalar aks etgan videolavhalarni joylagach, Qozog‘istonda ham rusiyzabon fuqarolarni himoya qilishga qaratilgan shu kabi kampaniya avj olgan.

Qozog‘iston qonunchiligi biznesga oid yozuvlarning faqat qozoq yoki ikki tilda bo‘lishini talab qiladi.

Ruslar Axmetovning videolarini rus tilini Qozog‘iston ijtimoiy hayotidan siqib chiqarishga urinish deya baholaganlar.

Rossiya parlamentining yuqori palatasi – Federatsiya Kengashi spikeri o‘rinbosari Konstantin Kosachev g‘azabnok tanbeh bilan chiqdi.

«Qozog‘iston hukumati mamlakatlarimiz va xalqlarimiz o‘rtasidagi qo‘shnichilik munosabatlariga hech qanday aloqasi bo‘lmagan bu jaydari millatchilarning sharmandali qilmishlariga baho berishi shart», deb aytgan Kosachev 11 avgust kuni RIA Novosti axborot agentligiga.

Qozog‘iston ham Qirg‘iziston kabi Moskvadan kelgan ayblovlarni rad etdi.

Axmetovning xatti-harakatlariga Qozog‘iston huquq-tartibot idoralari «huquqiy jihatdan adolatli baho beradi», ammo bunday hodisalar butun dunyoda sodir bo‘lsa-da, «ular davlat tomonidan rag‘batlantiradi yoki tendensiyaga aylangan» degani emas, dedi Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev administratsiyasi rahbarining birinchi o‘rinbosari Dauren Abayev 12 avgust kuni televideniyedagi suhbatda.

«Ikki-uch odamning noloyiq xatti-harakatlariga qarab, 19 million aholiga ega mamlakatdagi vaziyat haqida xulosa qilish mumkinmi? Menimcha yo‘q», dedi Abayev.

Qozog‘istonliklarning 90 foizi rus tilini biladi, qozog‘istonlik maktab o‘quvchilarining uchdan biri rus tilida taʼlim oladi, dedi Abayev bu statistik maʼlumotlar Qozog‘istonda rus tili hurmat qilinishi va unga talab yuqori ekanini tasdiqlashini aytib.

Qozog‘istonda mutaassiblikka oid muammolar haqiqatdan ko‘ra uydirmaga yaqinroq, deydi siyosiy sharhlovchi va Turan Тимес axborot portalining bosh muharriri, Nur-sultonlik Gaziz Abishev.

Boshqa tomondan, Rossiyada shovinizm va irqchilik keng tarqalgan va hokimiyat ularning mavjudligiga ko‘z yumadi, dedi Abishev.

«Bag‘rikenglik va insoniylikni o‘zingiz amalda qo‘llab-quvvatlasangizgina, boshqalarni bunga chaqirishga haqlisiz», dedi Abishev Karavansaroy bilan suhbatda.

Bizda esa…

Ijtimoiy tarmoqlardagi “Kun.uz jurnalisti Ilyos Safarovning kimlar uchundir noqulay savoli yana til masalasini yuzaga chiqardi” deyilmoqda. Mavzuni mazkur havola orqali batafsil o‘qib tanishishingiz mumkin.

Xulosa o‘rnida: til millatning kimligini anglatib turuvchi qaysidir maʼnoda“barometri” ekanligini eslatib o‘tmoqchimiz xalos!