O‘zbekistonni turkiy integratsiya jarayoniga qo‘shilishi

O‘zbekiston rahbariyati turkiy integratsiya jarayoniga qo‘shilish haqida qaror qabul qildi va bu Turkiy davlatlar hamkorligi kengashi (TDHK) ahamiyatini oshirib yubordi. Umuman olganda, turkiy integratsiya istiqboli qanday baholanmoqda?

* O‘zbekiston 2019 yil 15 oktyabridan boshlab rasman Turkiy kengash aʼzosiga aylandi. Ushbu muhim qaror kengashning Bokudagi sammiti chog‘ida qabul qilingan edi. TDHK dinamik platforma va uning potensiali ortib bormoqda. Maʼlumki, turkiy integratsiya jarayoniga Turkmaniston bilan Vengriya qiziqish bildirmoqda. 2021 yil noyabrida Istanbulda bo‘lib o‘tadigan Turkiy kengash sammitida 5 ta aʼzo mamlakat rahbarlari bilan birga Turkmaniston va Vengriya yetakchilari ishtirok etishi ham kutilmoqda. Ushbu ikki mamlakat TDHKning potensial aʼzolaridir. Ular dastlabki bosqichda alohida maqomga ega bo‘lishi ham mumkin. Bundan tashqari, Turkiy kengashning kengayib ketgan maqsad va vazifalari hisobga olinsa, uning xalqaro tashkilotga aylanish ehtimoli ham yo‘q emas.

Integratsiyaning ushbu yo‘nalishini, mabodo u mamlakat egamenligiga daxl qilmaydigan, bir “katta og‘a” o‘rniga boshqasi paydo bo‘lmaydigan taqdirda, istiqbolli deb hisoblash mumkin. Ayni loyihani iqtisodiy, ijtimoiy muammolarni hal etish, turkiy tilli mamlakatlarning transport, logistika va xavfsizlik sohasidagi hamkorligini mustahkamlash, dunyo sahnasida madaniy va taʼlim sohasidagi hamkorlik, o‘zaro manfaatli ish birligi va o‘zaro ko‘makni kuchaytirish tomon yo‘naltirish zarur. Turkiy integratsiya turkiy mamlakatlar uchun har xil to‘siqlarsiz umumiy madaniy va ijtimoiy makon bo‘lishi shart. Ushbu tashkilotning istiqboli ulkan va O‘zbekistonning unga to‘laqonli aʼzo bo‘lib kirishi uning jug‘rofiy joylashuvi, tarixiy merosi, demografik potensiali va iqtisodiy rivojlanishi, shuningdek, tashkilotning roli va ahamiyatidan kelib chiqib, xalqaro maydondagi mavqeini yana-da mustahkamlaydi. Turkiy integratsiya tashkiloti istiqbolda turkiy mamlakatlar egamenligini taʼminlash va mustahkamlash omili bo‘lishi kerak.