Taʼlim darajasi:  ahvolimiz yaxshimi?

Taʼlim darajasi indeksi – Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot Dasturining (BMTTD) umumiy ko‘rsatkichi bo‘lib, u kattalar savodxonligi indeksi va taʼlim olayotgan talabalarning jami ulushi indeksi sifatida hisoblanadi.

Indeks mamlakat aholisining taʼlim darajasi bo‘yicha erishgan yutuqlarini ikkita asosiy ko‘rsatkich bilan baholaydi:

  • Kattalar savodxonligi indeksi (2/3 vazn).
  • Boshlang‘ich, o‘rta va oliy taʼlimdagi talabalarning kumulyativ ulushi indeksi (1/3 vazn).

Taʼlim yutuqlarining bu ikki o‘lchovi yakuniy indeksda umumlashtiriladi va  0 (minimal) dan 1 (maksimal) gacha bo‘lgan raqamli qiymatlar sifatida standartlashtiriladi.

Taʼlim darajasi indeksi, garchi u universal ko‘rsatkich bo‘lsa da, bir qator cheklovlarga ega. Xususan, u baʼzi hollarda juda past yoki sezilarli darajada cheklangan bo‘lishi mumkin bo‘lgan taʼlim sifati o‘zini aks ettirmaydi. Bundan tashqari, indeksda chet elda o‘qiyotgan talabalar hisobga olinmaydi, bu esa baʼzi kichik davlatlar uchun maʼlumotlarni noto‘g‘ri ko‘rsatishi mumkin.

Demak taʼlim darajasi indeksi bo‘yicha jahondagi eng yaxshi mamlakat barchamiz bilgan, ayrimlar esa ko‘chib ketishni orzu qilgan Germaniya. Ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni Norvegiya va Buyuk Britaniya egallagan. MDH ga kiruvchi mamlakatlar ichida eng yaxshi natija esa jahonda 26 – o‘rinni egallagan, o‘zbek blogerlari sevib sayohat qiladigan Gruziyada. MDH ga kiruvchi qolgan mamlakatlar ketma-ketligi esa quyidagicha:  Belarus  (32), Qozog‘iston  (35),   Rossiya  (39), Ukraina (47), Armaniston  (64), Qirg‘iziston  (70),  O‘zbekiston (71), Ozarbayjon (80), Moldova (82) Tojikiston  (96), Turkmaniston (111).

Dunyo aholisining savodxonligi haqidagi maʼlumotlar milliy ro‘yxatga olishning rasmiy natijalaridan kelib chiqadi va YUNESKO statistika instituti hisob -kitoblari bilan taqqoslanadi. Hozirgi vaqtda indeks BMTga aʼzo davlatlarni, shuningdek alohida maqomga ega bo‘lgan baʼzi maʼmuriy hududlarni qamrab oladi, shu bilan birga reyting jadvalida mamlakatlar soni kamroq, chunki bu ko‘rsatkich bo‘yicha statistik maʼlumot berishni istamaydigan yoki bera olmaydigan davlatlar ro‘yxatga kiritilmagan. Taʼlim muassasalariga o‘qishga kirgan fuqarolar soni haqidagi maʼlumotlar YUNESKO Statistika instituti tomonidan dunyo davlatlarining tegishli davlat organlari taqdim etgan maʼlumotlar asosida to‘plangan. Indeks har ikki yilda yangilanadi, biroq BMT maʼlumotlari bilan hisobotlar odatda bir yilga kechiktiriladi, chunki ular milliy statistika idoralari tomonidan eʼlon qilinganidan keyin xalqaro taqqoslashni talab qiladi.