Xitoyning “imtiyozli qarz” diplomatiyasi!?

Qirg‘iziston: Mart oyi holatiga ko‘ra, tashqi qarzi 5 milliard dollarni tashkil etgan, uning katta qismi (40% dan ko‘prog‘i) Xitoyning Eksimbankiga tegishli, deb xabar beradi mamlakat moliya vazirligi.

2020 yilda pandemiya Qirg‘iziston yalpi ichki mahsulotiga jiddiy zarba berdi. Inqiroz sababli Qirg‘iziston qarzlarini to‘lay olmay qoldi.

O‘tgan yili koronavirus pandemiyasi tufayli kelib chiqqan iqtisodiy qiyinchiliklar sabab Qirg‘iziston hukumati bir necha bor Xitoydan kredit shartlarini yengillatishni, jillaqursa to‘lov muddatini uzaytirib berishni so‘ragan.

Qariyb bir yil davomida bu iltimoslarni eʼtiborsiz qoldirib kelgan Pekin nihoyat noyabr oyida 2020 yil uchun to‘lovni kelasi to‘rt yilga bo‘lib berishga rozi bo‘ldi, ammo bu “imtiyoz” evaziga qarzga yana 2 foizlik ustama qo‘shdi.

«Xitoydan olingan qarzlarni vaqtida qisman qaytara olmasak, ko‘p obyektlarimizni yo‘qotamiz», degan edi Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov 13 fevral kuni Kabar agentligiga.

Xitoy tenderlarning xitoylik kompaniyalarga berilishi sharti bilan Qirg‘izistonga yo‘llar, energiya infratuzilmasi va fabrikalar qurish uchun kredit taqdim etgan.

2018 yil boshida Bishkekda xitoylik kompaniya tarafidan modernizatsiya qilingan elektr stansiyasi ishdan chiqib, 20 daraja sovuqda bishkekliklarni issiqliksiz qoldirgan edi.

Yana bir mojaroli holat Issiqko‘lning shimoliy qirg‘og‘i bo‘ylab cho‘zilgan 104 km uzunlikdagi avtomobil yo‘li qurilishi bilan bog‘liq.

Xitoyning «Longhai Road and Bridge Corporation» kompaniyasi 2015 yil oxirida avtomagistralni qurish bo‘yicha tenderda g‘olib bo‘lgan. Qurilish 2017 yilda yakunlanishi kerak edi, ammo uzoq yillarga cho‘zilib ketdi. 2019 yilda ishchilar kompaniyaning maosh to‘lamayotganidan shikoyat qilgan edilar.

Avtomagistralning taxminan 20 kilometrlik uchastkasi hozirga qadar bitmagan, tugallangan qismining yuzasida esa yoriqlar paydo bo‘lmoqda.

Tojikiston ham xavf ostidagi mamlakatlardan biridir.

2018 yilning bahorida u “Dushanbe-2” elektrostansiyasining modernizatsiyasi bo‘yicha 330 million dollarlik qarzni to‘lash uchun So‘g‘d viloyatidagi Yuqori Qumarg oltin konini 50 tonna oltin zaxirasi bilan Xitoyga bergan.

«Tojikiston qarz tufayli Pekinga qaram bo‘lib qoldi», degan edi dushanbelik huquqshunos olim Sh.Hakimov EurAsia Daily bilan suhbatda. Shu sababli, rasmiylar qarzlarni to‘lay olmasliklarini anglab, Xitoyning taklifiga rozi bo‘lishdi va unga oltin konini topshirishdi», dedi u.

Bu orada Qozog‘iston qishloq xo‘jaligi yerlarini chet elliklarga sotishni taqiqlovchi yangi qonun bilan voqealarning shu kabi rivojiga yo‘l qo‘ymaslik choralarni ko‘rmoqda.

13 may kuni prezident Qosim-Jo‘mart To‘qayev mamlakatga nisbatan Xitoyning hududiy tajovuzi va investitsiyaviy rejalari borasidagi xavotirlarni tasdiqlovchi qonunni imzolagan.