Afg‘on qochqinlari yana Bishkekda namoyish o‘tkazdi

Afg‘onistondagi voqealar keskinlashar ekan, Qirg‘izistonda yashayotgan afg‘on qochqinlari o‘zlarini tezroq uchinchi bir davlatga chiqarib yuborishni talab qilgan. So‘nggi ikki haftaning o‘zida uchinchi bor namoyishga chiqishgan.

Ustma-ust namoyishga chiqayotgan o‘ttizga yaqin qochqin bu safar yana Bishkekdagi BMT vakolatxonasi binosi yonida yig‘ilgan.

Ular o‘zlarining AQSH, Kanada yoki Yevropa davlatlariga kirishlariga ruxsat berilishi va buning uchun kerakli hujjatlarning rasmiylashtirilishini talab qilgan.

Namoyishchilar so‘zlariga ko‘ra, qochqinlar orasida oxirgi 20 yil davomida Qirg‘izistonda rasmiy maqomsiz yashayotganlar ham bor.

Ular mahalliy jurnalistlarga namoyish o‘tkazayotgan afg‘on qochqinlari bilan na qirg‘iz rasmiylari va na xorij davlat elchixonalari vakillari uchrashganligini aytgan.

24.kg internet nashri ulardan birining, “Men yetti yildan beri Qirg‘izistonda yashayman, lekin ishlash uchun ruxsatnoma ham ololmayman. Agar rasmiylar hujjatlarimizni qonuniylashtirishni xohlashmasa, bizni Yevropa mamlakatlari yoki AQSHga yuborishsin. Bu bizning to‘rtinchi aksiyamiz, savollarimizga hech kim javob bermayapti. Biz javob olmagunimizcha, yig‘ilishda davom etaveramiz”, – degan so‘zlaridan iqtibos keltirgan.

Bu afg‘on qochqini, shuningdek, Qirg‘izistonda yashovchi Afg‘oniston fuqarolari hujjatlaridagi muammolar tufayli o‘z vataniga deportatsiya qilinishlaridan xavfsirashlarini ham aytgan.

Tinch norozilik namoyishini militsiya xodimlari nazorat qilib turishgan.

Afg‘on qochqinlari 19 avgust kuni AQSHning Bishkekdagi elchixonasi oldida ham mitingga chiqishgan edi.

Undan avval esa, BMTning Qirg‘izistondagi vakolatxonasi yonida yig‘ilishgan.

Namoyishchilar o‘zlariga Qirg‘iziston fuqaroligining berilishi yoki boshqa davlatga chiqarib yuborilishlarini talab qilib keladilar.

Biroq qirg‘iz rasmiylari bu masala yuzasidan halicha biror bir bayonot berishmagan.

Rasmiy maʼlumotga ko‘ra, bugungi kunda Qirg‘izistonda qochqinlik maqomini olgan 73 nafar afg‘onistonlik yashaydi va yana 67tasining arizasi ko‘rib chiqilmoqda.

Viza cheklovlari

Joriyyilning 23 avgustidan boshlab Qirg‘iziston Afg‘oniston fuqarolariga viza berishga cheklovlar qo‘ygan.

Qirg‘iziston Tashqi Ishlar vazirligiga ko‘ra, bu chora-tadbirlar Afg‘oniston Islom Respublikasidagi beqaror harbiy-siyosiy vaziyat sabab, shuningdek, istalmagan shaxs va qochqinlarning Qirg‘iziston hududiga ommaviy kirib kelishining oldini olish maqsadida qabul qilingan.

“Afg‘onistonlik talabalar uchun Qirg‘izistonga viza berish masalasi tasdiqlanish bosqichida”, deyiladi vazirlik bayonotida.

Shu bilan birga, cheklovlar diplomatik va xizmat vizalarini berishga taalluqli emasligi qayd etilgan.

Avvalroq Milliy Xavfsizlik davlat qo‘mitasi Qirg‘iziston mahalliy taʼlim muassasalarida o‘qigan Afg‘oniston fuqarolariga viza berish va mamlakat oliy o‘quv yurtlarida o‘qishni istagan 500 afg‘on yoshlarini qabul qilishga tayyor ekanliklarini bildirgandi.

Amerika Qo‘shma Shtatlari Qirg‘izistonning Afg‘oniston fuqarolariga talabalik vizalarini berish haqidagi qarorini ijobiy baholagan va 150 nafargacha afg‘on talabasining Bishkekda joylashgan Markaziy Osiyodagi Amerika Universitetida o‘qishini moliyalashtirishga tayyorligini maʼlum qilgan.

Evakuatsiya ishlari

Qirg‘izistonTashqiishlarvazirligigako‘ra, shukungachaAfg‘onistondan 24 nafarqirg‘izistonlikevakuatsiyaqilingan.

“Qirg‘iziston va Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirlari o‘rtasidagi muzokaralar natijasida 18 avgust kuni Qozog‘iston tomonining maxsus uchog‘i bilan 15 qirg‘izistonlikni Olma otaga evakuatsiya qilish to‘g‘risida kelishuvga erishildi”, deyiladi rasmiy xabarda.

Qayd etilishicha, evakuatsiya qilingan shaxslar Bishkekka olib kelingan.

Avvalroq Amerika tomoni tashkillashtirgan bortda yana to‘qqiz qirg‘iz fuqarosi Afg‘onistondan Qatarga olib ketilgan. Ular keyin Doha-Dubay-Bishkek reysi bilan Qirg‘izistonga yetkazilgan.

Afg‘onistonda qolgan Qirg‘iziston fuqarolari diplomatik vakolatxona binosida xavfsiz ekani va yaqin orada uylariga qaytarilishi qo‘shimcha qilinadi bayonotda.

Afg‘onistondagi vaziyat 2021 yil bahorida amerikalik qo‘shinlar chiqarilishi eʼlon qilinganidan keyin keskinlashgan.

“Tolibon” harakati Afg‘oniston armiyasiga qarshi hujum boshlab, 15 avgustda butun mamlakat bo‘ylab nazorat o‘rnatgan.

Prezident Ashraf G‘ani esa mamlakatni tark etgan.