Tolibon hukmi ostidagi Afg‘onistonning kelajagi

Tolibonning Afg‘onistondagi kuchi mustahkamlanib borar ekan, ko‘pchilikni ikki savol qiziqtiradi: Tolibon shafqatsiz xatti-harakatlarini bas qilib, mamlakatda tinchlikni taʼminlay oladimi? Tolibon Afg‘onistonda qanday hukumat shakllantiradi va uning yaqin qo‘shnilar hamda tashqi dunyo bilan aloqasi qanday bo‘ladi? Tolibon hukmi ostidagi Afg‘onistonni tasavvur qilish uchun albatta, kelajakni bashorat qilish shart emas.

Inson Huquqlari Kuzatuvi tashkilotining 2020 yilgi hisobotiga ko‘ra, Tolibon hukmi ostidagi Afg‘onistonning ijtimoiy-iqtisodiy hayoti nihoyatda achinarli edi: xotin-qizlarning taʼlim olishi, odatda, taʼqiqlangan, ishlashga ruxsat berilgan o‘qituvchilarga soliq solingan, so‘z erkinligi yo‘q, ko‘p hududlarda televideniye va smartfon taʼqiqlangan, turli Tolibon guruhlari axloq normalarini, erkak kishi soqolining uzunligi va ayollarning paranjisini shafqatsizlik bilan nazorat qilgan.

Bugungi kunga kelib, Tolibon siyosiy jihatdan vazminlikni maqsad qilgan bo‘lsa-da, uning nazorati ostidagi baʼzi hududlarda yuqoridagiga o‘xshash noxush holatlar yana ko‘zga tashlana boshladi. Bu, albatta, harakat ekstremistik mafkurani joriy etish maqsadida ekanini, ammo tashqi dunyo bu hukumatni qabul qilishi uchun muloyimlikka intilayotgan jangarilar guruhi bo‘lib qolayotganini anglatadi. Boshqacha aytganda, siyosiy boshqaruv, qonun ustuvorligi, iqtisodiyotni boshqarish va ijtimoiy taraqqiyot masalalarida mutlaqo befarq, qobiliyatsiz ushbu guruh Afg‘onistonni o‘sha shafqatsiz davrga qaytarmaslik uchun biror ishonchli dalil keltirmadi. Hali oldinda eski davrlarning alami va hokimiyatda qudratni mustahkamlash uchun olinadigan qasoslar turganini hisobga olsak, Tolibonning vahshiy xatti-harakatlari yana-da kuchayishini anglash qiyin emas.

Ammo, 1995 yildan 2021 yilgacha Tolibon siyosiy qobiliyat jihatidan anchagina yetilganini ham unutmaslik kerak. Hali Tolibonning qudratni qanday mustahkamlashi va qanday hokimiyat shakllantirishi haqida bir nima deyish qiyin bo‘lsa-da, mazkur davr davomida Tolibon bundan keyin hokimiyatda qolishi va xalqaro miqyosda tan olinishi uchun baʼzi shafqatsizliklardan vaqtincha voz kechishi, qo‘shnilar bilan tashqi savdo va sarmoyaviy aloqalarni yo‘lga qo‘yishi, shuningdek, tashqaridan keladigan katta miqdordagi yordamga muhtoj ekanligini allaqachon anglab yetgan.

Afg‘on hukumatining butunlay qulashi va Tolibon hokimiyatining mustahkamlanishi mintaqadagi davlatlarni Tolibonni siyosiy kuch sifatida rasmiy tan olib, u bilan bundan buyon parda ortida emas, balki ochiq siyosiy aloqalar o‘rnatishga chorlaydi.

Vaqtinchalik almashinuv ko‘rinishida bo‘lsa-da, mintaqadagi qo‘shni Eron, Pokiston, Rossiya, Xitoy va Markaziy Osiyo davlatlari o‘z chegaralari xavfsizligini taʼminlash, iqtisodiy manfaatlarni ko‘zlash hamda qochqinlar oqimini cheklash uchun Tolibon bilan muzokaralar olib borishga majbur bo‘lishadi. Bu muzokalar keyinchalik tinchlik rishtalariga aylanadimi yoxud urush yo ziddiyatga – buni, albatta, vaqt ko‘rsatadi.

Muallif: Bekzod Zokirov – siyosatshunos, Tokio universitetining doktoranti