Iroqliklar Xitoy iqtisodiy investitsiyalari bahosini shubha ostiga olmoqdalar

Ayrim kuzatuvchilarning fikricha, Xitoy bilan tuzilgan iqtisodiy kelishuv Iroqni Xitoydan qarzdor qilib, Eron ekspluatatsiyasi uchun yoʻl ochadi.

Iroqning Eronga moyil fraksiyalari va siyosatchilari mamlakat qurilish bozorida Eron rejimining strategik ittifoqchisi boʻlgan Xitoyga ustuvorlik berilishiga erishmoqchi.

Ammo ularning ambitsiyalari “Xitoy bilan yaqin aloqalar faqat Eron rejimiga xizmat qiladi” deb hisoblaydigan Iroq muxolifati bilan toʻqnash kelmoqda. Tahlilchilar nazarida Xitoy Iroq iqtisodiyoti hisobiga oʻz manfaatlarini kuchaytirishga intiladi.

“Kataib Hizbulloh” va “Asoib Ahlul-Haq” singari Eronga moyil jangari guruhlar oʻzlariga aloqador ommaviy axborot vositalarini 2019-yil 23-sentabrda tuzilgan Iroq-Xitoy kelishuvini faollashtirishga chaqirmoqdalar.

20 yilga moʻljallangan kelishuv oʻsha vaqtda bildirilgan eʼtirozlar va uning bandlariga oid tafsilotlar boʻyicha keskin munozaralar tufayli bajarilmay qolgan edi.Kelishuvda Xitoyning Iroqqa 10 milliard dollar qarz berishi va u Iroq neftini Xitoyga sotishdan olingan daromad hisobiga bosqichma-bosqich uzilishi koʻzda tutilgan. Bu kredit Iroqdagi yirik infratuzilma loyihalarini moliyalashtirish uchun safarbar etiladi.

Shartnomaga qarshi boʻlganlarning fikricha, u Iroq neftini uzoq muddat Xitoy garovida qoldiradi va Iroqni Xitoydan qarzdor qilib qoʻyadi.

Ular, shuningdek, Eronga aloqador jangari guruhlar oʻz taʼsiridan foydalanib, Xitoy loyihalarida Eron kompaniyalariga ikkinchi darajali operatsion shartnomalar berishga urinishidan xavotir bildirmoqdalar.

Iroqdagi Xitoy investitsiyalarining umumiy hajmi 20 milliard dollarni tashkil qiladi, ularning aksariyati energetika sektorida, degan edi 2019-yil iyul oyida Xitoyning Bagʻdoddagi elchisi Chjan Tao.

Iroqning manfaatlari hamma narsadan ustun

Koʻpchilikning fikricha, xavotirlar faqat “Eron va uning ittifoqdoshlariga xizmat qiladigan” Xitoyning kelgusi loyihalari va shartnomalariga tegishli, deydi Iroqning strategik tadqiqotlar markazi rahbari Gʻozi Fayzal Husayn.

Shu yilning boshida Iroq 2 milliard AQSH dollar evaziga Xitoyga 48 million barrelga yaqin neft xomashyosini (2021-yil iyuldan 2022-yil iyungacha) yetkazib berish boʻyicha shartnomani muzlatib qoʻydi, deydi u.

Iroqning Basradagi Al-Fav porti loyihasini Xitoyga topshirishdan bosh tortishi ham Xitoy va Eron tarafdorlarining saʼy-harakatlariga toʻsiq boʻldi, deydi Husayn.

2021-yil aprel oyida port qurilishiga oid yirik loyihani amalga oshirishda Iroq xitoylik raqobatchini chiqarib yuborganidan keyin Janubiy Koreyaning Daewoo kompaniyasini tanlagan.

“Milliy manfaatlar shart qilib qoʻyilishi asosiy mezon”, deydi Husayn. “Hukumat ayni damda shunga eʼtibor qaratmoqda, Xitoy, Eron va boshqa mamlakatlar manfaatlarini koʻzlaydigan hamkorlik oʻrnatishga emas.”

“Xitoy investitsiyalariga nisbatan munosabat adovatli deb qaralmasligi kerak”, deb qoʻshimcha qildi u. “Iroqqa aloqalar va shartnomalar zarur, ammo bu Iroqning mustamlakaga aylanib qolishi va Iroq boyliklarini Xitoy va boshqalarga qarz evaziga berilishiga olib kelishi kerak emas.”

Eron-Xitoy kelishuvi

Eron hukumati 2019-yildagi jami 400 million AQSH dollarga teng kelishuvi doirasida “xalqning neftdan olingan boyligini Xitoyga sotib yuborgan”, bu Xitoyga bir qancha sektorlardagi loyihalarni rivojlantirish va amalga oshirishga imkon beradi, deb aytgan u. Uning soʻzlariga koʻra, Xitoy oʻz vositachilari orqali Iroqda ham xuddi shunday qilmoqchi.

Eronning Xitoy bilan ittifoqidagi ajablanarli jihat shundaki, u Xitoy “musulmonlar huquqlarini anchadan beri buzib kelayotganiga” eʼtibor qaratmayapti, deydi u.

Xitoy hukumatining Shinjon viloyatidagi etnik musulmonlar, uygʻurlarga nisbatan olib borayotgan zoʻravonliklari hujjatlar bilan isbotlangan, shuningdek u musulmonlarning oʻnlab qadamjolari, jumladan Imom Osim ziyoratgohini ham yoʻq qilib yuborgan.

Ammo, Islom respublikasi hukumati bunga eʼtibor bermay, Eron neftini sotish boʻyicha 25 yillik shartnomani imzolamoqda.

Siyosiy Gʻanim al-Obidga koʻra, Eron Xitoy bilan yaqin munosabatga kirishish bilan oʻz iqtisodiyotini xalqaro sanksiyalar yukidan qutqarib qolmoqchi.

U Xitoy va Rossiya, shuningdek Shimoliy Koreya bilan “global lager” tuzib, Gʻarb bosimiga qarshi turuvchi ittifoqni mustahkash niyatida.

Bu orada Pekin oʻz ittifoqchilari yordamida barcha mintaqalarda taʼsir doirasini kengaytirishni koʻzlamoqda, deydi Al-Obid.

Xitoyning umumiy maqsadi dunyo boʻylab shunchaki “iqtisodiy gegemonligini” yoyishdan koʻra kattaroq boʻlishi, shuningdek oʻz investitsiyalarini himoya qilish bahonasida “harbiy taʼsir” oʻrnatish niyatida boʻlishi ham mumkin, deb taʼkidladi u.

Iroq – muvozanatlashgan hamkorlik tarafdori

Al-Obidga koʻra, Iroqdagi vositachi kuchlar mamlakatdagi yirik investitsiyalarda Xitoyga ustuvorlik berishga urinmoqda, ammo ularning maqsadi har safar puchga chiqib, hafsalasi pir boʻlib qolmoqda.

Aslini olganda, bunday investitsiyalar Iroqning boyliklari va xalqining kelajagi hisobidan inqiroz yoqasida turgan Iroq iqtisodiyoti va rejimi uchun shunchaki “hayotni saqlab qoluvchi kuch” boʻladi, xolos.

Unga koʻra, jangari guruhlar Iroqning faqat Eron-Xitoy-Rossiya bilan hamkorlik qilishini istaydilar.

Iroq hukumati umumiy manfaatlarga asoslangan mamlakatlar bilan muvozanatli hamkorlik aloqalarini oʻrnatish orqali bu jangarilarga muvaffaqiyatli qarshi kurashmoqda, deb taʼkidladi u.

Shu bilan birga, u Iroqning Iordaniya, Misr va Saudiya Arabistoni kabi mintaqaviy mamlakatlarni keng koʻlamli investitsiyalar orqali infratuzilmani tiklash choralariga jalb qilish harakatlarini olqishladi.

Shanba (28-avgust) kuni Iroq mintaqani larzaga solayotgan inqirozga yechim topishda Bagʻdodga “birlashtiruvchi rolni” taqdim etishni koʻzlagan mintaqaviy yetakchilar sammitiga mezbonlik qilgan.

Sammit Iordaniya, Misr, Qatar, Birlashgan Arab Amirliklari, Quvayt, Turkiya, Iroq, Eron, Saudiya Arabistoni va Fransiya yetakchilarini jamlagan.