1996-2001 yillar davomida Afg‘onistonni boshqargan Tolibon harakati mamlakatda xotin-qizlarning huquq va erkinliklariga nisbatan qator cheklovlar o‘rnatgan edi

Qisqacha:

Ayollar (ayol muhandislar, o‘qituvchilar va boshqa soha mutaxassislari)ning uydan tashqarida ishlashi to‘liq taʼqiqlangan. Faqatgina Qobuldagi baʼzi shifoxonalarda bir nechta ayol shifokor va hamshiraga ishlash uchun ruxsat berilgan.

Mahram (ota, aka yoki er kabi yaqin erkak qarindosh) hamrohlik qilmasa, ayollarning uydan tashqariga chiqishi to‘liq taʼqiqlangan.

Ayollarni erkak shifokorlar davolashi taʼqiqlangan.

Xotin-qizlarning maktab, universitet yoki boshqa taʼlim muassasalarida o‘qishi taʼqiqlangan.

 Agar ayollar Tolibon qoidalari asosida kiyinmagan bo‘lsa yoki mahramsiz ko‘chaga chiqqanligi aniqlansa, ularga nisbatan qamchilash, kaltaklash va og‘zaki haqoratlash jazolari qo‘llangan.

To‘piqlari yopilmagan ayollar omma oldida qamchilangan.

Kosmetikadan foydalanish taʼqiqlangan. (Tirnoqlari bo‘yalgan ko‘plab ayollarning barmoqlari kesilgan.

Ayollarga baland ovozda kulish va tovush chiqaradigan baland poshnali poyabzal kiyish taʼqiqlangan. (Hech bir begona erkak ayolning ovozini va oyoq tovushini eshitmasligi kerak).

 Ayollarga mahramsiz taksiga chiqish taʼqiqlangan.

 Ayollarning radio, televideniyeda chiqishi yoki har qanday ommaviy yig‘ilishlarda ishtirok etishi taʼqiqlangan.

 Ayollarga sport bilan shug‘ullanish yoki sport markazi yoxud klubiga kirish taʼqiqlangan.

 Ayollarga yorqin rangli kiyim kiyish taʼqiqlangan. Tolibonlarning fikriga ko‘ra, bunday ranglar “jinsiy qiziqish uyg‘otuvchi” hisoblangan.

 Ayollarning bayramlari yoki har qanday turdagi hordiq chiqarish uchun mo‘ljallangan yig‘ilishlari taʼqiqlangan.

 Ayollarga daryo bo‘yida yoki jamoat joylarida kiyim yuvish taʼqiqlangan.

 “Ayollar” so‘zini o‘z ichiga olgan barcha joy nomlari o‘zgartirilgan. Masalan, “ayollar bog‘i” – “bahor bog‘i” deb o‘zgartirilgan.

 Xotin-qizlarning o‘z uylari balkoniga chiqishi taʼqiqlangan.

 Barcha uylarning derazalari ayollar uy ichkarisidan ko‘rinmasligi uchun majburiy ravishda bo‘yalgan.

 Ayollarni suratga yoki tasvirga olish taʼqiqlangan.

 Gazeta va kitoblarda nashr qilingan yoki uylar va do‘konlarning devorlariga osilgan ayollarning rasmlari taʼqiqlangan va boshqalar.