O‘zbekistonning Afg‘oniston oldidagi mavqei qanday?

CAAN saytida berilgan maqoladan olingan maʼlumotlar

Farhod Tolipov: O‘zbekistonning mavqei Tojikistonnikidan hayratlanarli tarzda farq qiladi, chunki rasmiy Dushanbe “Tolibon”ning Afg‘onistondagi hokimiyatini prinsipial tarzda tan olmayapti. Ushbu bir-biriga qarshi ko‘ringan holatda aslida mavqelarning o‘xshashligi yashiringan: ikkala davlat ham inklyuziv – ushbu mamlakatda barcha manfaatdor tomonlar ishtirokidagi koalitsion hukumat tuzishni yoqlamoqda va bir guruh hokimiyatni zo‘ravonlik bilan egallab olishini qoralamoqda. Tojikistonning ham Afg‘onistonda iqtisodiy manfaatlari bor, biroq Dushanbe Afg‘onistondagi vaziyat bo‘yicha prinsipial bayonotlar bermoqda. Aftidan, mintaqadagi eng yirik, musulmon aholisi juda ko‘p bo‘lgan va tig‘iz yashaydigan O‘zbekiston nozik masalalar va turli-tuman ig‘volardan ehtiyot bo‘lishi kerakligi mantiqan to‘g‘ri.

Shu paytgacha Toshkentning Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish borasidagi harakatlari bilan bog‘liq 1990-yillardan beri ilgari surib kelayotgan tashabbuslari davlatning o‘ta faol mavqeini aks ettirib keladi. Biroq ular Afg‘onistondagi urushni to‘xtatish va tinchlik o‘rnatish ishini chin maʼnodagi hissa qo‘shish nuqtai nazaridan juda oz samara berdi. Ayni paytda jahon hamjamiyatida ushbu mamlakatning “Tolibon” harakati rahbarligidagi kelajagiga shubha bilan qarayotganlar soni ortib bormoqda. Boz ustiga, agar “Tolibon” terroristlarni yashirish va o‘z tartibini zo‘ravonlik bilan o‘rnatishni davom ettiradigan bo‘lsa, uni tan olmaslik haqida ochiq daʼvatlar yana-da ko‘proq yangraydigan bo‘ladi. Toliblar hokimiyatga kelishi bilan boshlangan gumanitar inqiroz o‘sha skeptitsizmni kuchaytirmoqda. Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston Afg‘onistondagi vaziyat va o‘z loyihalarini amalga oshirish borasida bosiq bo‘lishi, shuningdek, ushbu masalada BMT roli va mavqeiga qarab mo‘ljal olishi kerak, fikrimcha.

Ayni choqda O‘zbekiston tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Farhod Arziyev, Afg‘oniston Markaziy Osiyoning ajralmas qismi, deb yaqinda bergan bayonoti, to‘g‘risi, hayron qoldirdi. So‘nggi paytlarda ushbu tezis turli platformalar, siyosiy va ekspert doiralarida tez-tez jaranglab, jug‘rofiy-siyosiy, tarixiy va hatto jug‘rofiy faktni ancha-muncha buzib ko‘rsatmoqda. Aksincha, Afg‘oniston Janubiy Osiyoning bir bo‘lagidir, ushbu mamlakatsiz, Janubiy Osiyo tushunchasi maʼnosini yo‘qotadi. Bundan tashqari, bu mamlakatda ro‘y bergan va uni xalqaro terroristlar boshpanasi va Markaziy Osiyo uchun tahdidlar o‘chog‘iga aylantirgan so‘nggi voqealar Afg‘onistonni mintaqamizga butunlay begona qilib qo‘yadi. Afg‘oniston bilan do‘stona munosabatlar o‘rnatish va hamkorlik qilish, turli tinchlikparvar daʼvat va bayonotlar berish mumkin, ammo ushbu Janubiy Osiyo mamlakatini Markaziy Osiyoning bir qismi deb atash noto‘g‘ri.

Rustam Mahmudov: O‘zbekiston Afg‘onistondagi inqiroz juda tez hal etilishi va ushbu mamlakatda tinchlik o‘rnatilishidan so‘zsiz manfaatdor va ushbu jarayonga hissasini qo‘shishga harakat qilmoqda. Bunga 2018 yilda Afg‘oniston bo‘yicha, 2021 yilda esa Markaziy  va Janubiy Osiyoning o‘zaro bog‘liqligi bo‘yicha o‘tkazilgan xalqaro konferensiyalarni va ularda Afg‘oniston asosiy masalalardan biri sifatida muhokama qilinganini misol qilib keltirish mumkin. Nazarimda, O‘zbekiston mavqeida pragmatizm bilan umidlar o‘zaro qorishib ketgan.

Pragmatizm shundaki, “Tolibon” harakatiga Afg‘oniston ichki siyosiy jarayonining ajralmas qismi sifatida qaralmoqda. O‘zR TIVning birinchi o‘rinbosari Farhod Arziyev aytganidek: “biz “Tolibon”ga afg‘on jamiyatining rad etib bo‘lmas omili sifatida qaraymiz”. Toliblarning bugun Afg‘onistonda ustunlik qilayotgani rad etib bo‘lmas haqiqatdir. AQSH va ittifoqchilarining “Tolibon” bilan 20 yigirma yil davomidagi qarama-qarshiligi toliblarning 2001 – 2002 yillardagi mag‘lubiyatdan so‘ng nafaqat omon qolishi, hatto Afg‘onistondagi yetakchi kuchga aylanishi aholining asosiy qismi ularni qo‘llab turgani bilan bog‘liqdir. Ayni choqda toliblarning jiddiy raqibi yo‘q. Oldingi Shimoliy ittifoqdan asar ham qolmadi, afg‘on kuchishlatar tizimlari yirik shaharlar va viloyatlar nazoratini ular qo‘liga jangu jadalsiz topshirib, qumday sochilib ketdi.

Hozirgi kunda toliblar Afg‘onistonning boshqa siyosiy kuchlari bilan til topishishi va muzokaralar natijasida kolalitsion hukumat tuzishiga umid qilmoqda. Mabodo chindan ham shunday hukumat tuziladigan va uni jahon hamjamiyati tan oladigan bo‘lsa, bu hol Afg‘onistonning mintaqadagi savdo-sotiq va iqtisodiy aloqalarga to‘laqonli qo‘shilishi va mamlakatni tiklash jarayoni boshlanishiga yo‘l ochib beradi. Biroq mana shu yerda boshqa va murakkabroq o‘yin boshlanadi.

Afg‘oniston bilan bog‘liq o‘yinning yangi davrasi iqtisodiyotga borib taqaladi. Hozircha toliblar G‘arbdan yordam ola bilmaydi – ushbu mamlakat markaziy bankining  avuarlari (bankning chet el valyutasi, qimmatli qog‘ozlar va oltindan iborat chet mamlakatlar banklarida saqlanayotgan aktivlari) harakati muzlatilib, XVJ va YEIning yordam ajratishi to‘xtatib qo‘yildi. Tez orada Xitoy bilan Rossiyadan yirik miqdordagi investitsiyalar kelishi ham dargumon. Hech kim hukumatini jahon hamjamiyati tan olmagan mamlakatga ko‘p pul tikmaydi. Faqat musulmon dunyosining ayrim yetakchi mamlakatlari qolyapti. OAV xabar berishicha, Turkiya Kobul aeroportini boshqarishga rozilik bergan. Fors ko‘rfazi bo‘yidagi ayrim mamlakatlar ham ko‘mak berishi ehtimoldan xoli emas. Ammo bu YAIMning kamayib ketishi, pulning qadrsizlanishi va ishsizlik oshishi, qashshoqlik, ocharchilik va qurg‘oqchilik tahdidi bilan bog‘liq fundamental iqtisodiy muammolarni hal etishi mushkul. Buning uchun pul umuman yo‘q. Afg‘oniston anʼanaga ko‘ra tashqi yordamga qattiq bog‘lanib qolgan. Jahon banki maʼlumotlariga ko‘ra, oldingi hokimiyat davlat xarajatlarining 70 foizgacha bo‘lgan qismi grantlar hissasiga to‘g‘i kelgan. Tashqi savdo-sotiqda har doim ko‘p milliard dollarlik surunkali tanqislik kuzatilgan.

“Tolibon” halqaro ko‘mak va investitsiyalar olish uchun islom dinining mutaassiblik versiyasiga asoslangan mafkura prinsiplarini ancha-muncha o‘zgartirishiga hamda barcha asosiy inson haqlarini tan olgan holda eʼtiqodi, jinsi va etnik mansubligidan qatʼi nazar, barcha afg‘onlar uchun so‘zda emas, amalda tinch jamiyat qurishiga to‘g‘ri keladi. Ayni choqda mavjud iqtisodiy muammolarni eʼtiborga oladigan bo‘lsak, ichki o‘zgarishlarga erishishi uchun muddat juda oz.

Yana toliblar mamlakatdagi terrorchilik guruhlari hozirligi masalasini ham hal etishi zarur, bu mintaqa mamlakatlari, ayniqsa, Xitoy bilan Rossiya uchun muhim. ISHID – Xuroson tashkiloti Kobul aeroportida so‘nggi uyushtirgan terrorchilik amali “Tolibon” harakati uzoq yillardan beri unga qarshi kurash olib borayotgan bo‘lsa ham, bu borada muvaffaqiyatga erisha olmaganidan dalolat beradi. Bu chet el investitsiyalari xavfsizligini taʼminlashni yana-da murakkablashtiradi.

Afg‘onistonni boshqarish uchun “12 lar kengashi” tarzida tanlangan boshqaruv shakli ham savollarni keltirib chiqarmoqda. Tajriba ko‘rsatishicha, 12 aʼzoning har biri ko‘rpani o‘ziga tortishi ehtimoldan xoli emas, bu hol korrupsiya va ichki siyosiy kurashning yangi o‘rami uchun potensial jihatdan qulay sharoit yaratib beradi.

Yaqin vaqtda Afg‘onistondagi vaziyat qaysi yo‘nalishda rivojlanishi va shu munosabat bilan O‘zbekistonning ushbu mamlakatga nisbatan strategiyasiga qanday tuzatishlar kiritilishi maʼlum bo‘lishi aniq.