Mintaqaviy millatchilik degan hodisa mavjudmi?

Sent-Endryus universitetining katta o‘qituvchisi, doktor Filippo Kosta Buranelli Markaziy Osiyo mamlakatlarida mintaqada barqarorlik va tinchlikni saqlab qolish uchun ishlarni yaqindan muvofiqlashtirish va hamkorlikni tushunayotgan yangi mintaqaviy tartib vujudga kelayotgani haqida.

Agar savolingizda Markaziy Osiyo mamlakatlarining o‘z-o‘ziga mahliyo bo‘lishi, o‘zini o‘zi maqtashga, o‘zidan o‘zi g‘ururlanishga tushib ketishi nazarda tutilayotgan bo‘lsa, men bu savolingizga “ha” deb javob beraman – ha, Markaziy Osiyoda vaqti-vaqti bilan bunday holatlar kuzatilmoqda. Lekin shu bilan birga, yana bir muhim holatni taʼkidlamoqchiman, bu dunyoning boshqa mintaqalarida ham yuz berib turibdi. Masalan, o‘tgan yili – pandemiya davrida Yevropa mamlakatlarida pandemiyani kim oldinroq bartaraf qilishi bo‘yicha o‘zaro raqobat paydo bo‘lgan edi.

Taassufki, Markaziy Osiyo mamlakatlari tobora sharqlashib borayotganini va o‘ziga xos narsa sifatida tavsiflanayotganiga tez-tez guvoh bo‘lyapmiz. Bunday holatlar butun dunyoda yuz bermoqda, chunki bu – masalaning siyosiy jihati. Ayni chog‘da Markaziy Osiyo mamlakatlari hali-hamon davlat va millat qurilishi jarayonini boshidan kechirayotganini esdan chiqarib bo‘lmaydi.

Shuning uchun men o‘zini o‘zi maqtash va o‘zidan o‘zi g‘ururlanish g‘oyasi butun dunyoga hamma narsa mamlakatida yaxshi ekanini ko‘rsatishga urinish deb hisoblayman. Hatto ayrim ishlarni eplay olishmayotgan taqdirda ham, bunday ritorika ular mavjudligini va egamenlik bilan bog‘liq alohida haqlarni, deylik, “biz – qonuniy davlatlarmiz, biz mavjudmiz” qabilidagi bayonotlarni tasdiqlovchi diplomatik jarayondir. Bu – amaliy ish mantig‘i. Markaziy Osiyo mamlakatlari bir-biriga yordam bergani, erishilgan yutuqlar uchun bir-birini qutlagani va maqtagani boshqa masala.

Ayniqsa, pandemiya davri mintaqada muvofiqlashtirish va o‘zaro yordam nuqtai nazaridan juda namunali bo‘ldi. Masalan, bir necha hafta oldin Qozog‘iston Qirg‘izistonga ko‘p miqdordagi vaksina berdi, respublikalar o‘rtasida tibbiyot tovarlarini tashish uchun tranzit yo‘llari ochildi. Bu mamlakatlar prezidentlari bir-birini tabriklab turadi, mintaqada barqarorlikni saqlab qolish uchun bir-birini qo‘llab-quvvatlaydi.

Yaqinda men bir maqola eʼlon qildim, unda Markaziy Osiyoda “mintaqaviy tartib” hissi qanday paydo bo‘lishi haqida hikoya qilinadi. Davlatlar o‘z kuchini juda yaxshi his qiladi va baʼzan mintaqaviy kimlik zaif his qilinishini yaxshi biladi, chunki birinchi o‘rinda davlatlar turadi. Lekin ayni choqda tadqiqotim shuni isbotlaydiki, ular bir-birining ichki ishlariga aralashmaslik, bir-biriga bostirib bormaslik, diplomatiya protokoliga, xalqaro huquqning asosiy meʼyorlariga bo‘ysunish va katta lavozimdagi kishilarni hurmat qilish singari ayrim qoidalarga rioya qilish kerakligini yaxshi tushunadi. Nima bo‘lganda ham, ular o‘zi istagan ishni qilishi mumkin, chunki ular bitta mintaqaviy tartib ichida, agar mintaqada barqarorlik va tinchlikni saqlab qolishni istasa, harakatlarini muvofiqlashtirish va ayrim sohalar bo‘yicha hamkorlik qilishi shart bo‘ladi.

Bunga mintaqaviy suverenitet – egamenlik namuna bo‘lib xizmat qilishi mumkin, bu oksyumorondir (bir-biriga qarama-qarshi tushuncha), chunki egamenlikni biz odatda davlatlarga xos narsa deb bilamiz. Aslida mintaqalarning egamenligi bo‘lmaydi. Lekin tez-tez bir g‘oya ko‘zga tashlanmoqda: Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida hatto buyuk davlatlarning ham aralashishga haqqi yo‘q bo‘lgan ayrim muammolar bor.

Ushbu prinsipni birinchi bo‘lib Nulsulton Nazarboyev, so‘ngra Shavkat  Mirziyoyev, undan keyin boshqalar qo‘llab-quvvatladi.

Markaziy Osiyo davlatlari muammolarini tashqi kuchlar aralashuvisiz faqat va faqat mamlakatlarning o‘zi hal etishi shart.

Bilishimcha, amalda bunga rioya etish juda og‘ir, chunki mintaqaga buyuk davlatlar olib kelayotgan global kuchlar bor, lekin Markaziy Osiyo davlatlari buyuk kuchlar dinamikasi o‘rtasida o‘z agency‘si va avtonomiyasini qaysidir tarzda saqlab qola bildi. Ehtimol bu savolingizga to‘liq javob bo‘lmas, lekin siz mintaqaviy millatchilik mavjudligini qayd etdingiz, lekin shu bilan birga, mintaqaviy egamenlik ham bor va u tadqiq qilishga munosibdir.