Maktablarda yakuniy imtihonlar bekor qilinadi, baholar avvalgi choraklar asosida chiqariladi – Sherzod Shermatov

Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov 2019–2020-o‘quv yilida maktablarda yakuniy imtihonlar o‘tkazilmasligini, o‘quvchilarning yillik baholarini istisno tariqasida joriy o‘quv yilining 3 ta chorak baholari asosida chiqarilishini ma’lum qildi.

“Prezidentimiz tomonidan karantin vaqtida aholiga imkon boricha qo‘shimcha qulaylik yaratish bo‘yicha belgilangan vazifani amalga oshirish hamda ko‘pchilik ota-onalarning iltimoslarini inobatga olib, bu o‘quv yili yakunidagi imtihonlar bekor qilinadi.

Maktablarga o‘quvchilarning yillik baholarini istisno tariqasida joriy o‘quv yilining 3 ta chorak baholari asosida chiqarish tavsiya etiladi. Shu bilan birgalikda kundalik.com tizimi joriy etilgan maktablarda karantin vaqtida tirishqoqlik bilan o‘qigan o‘quvchilarimizga rag‘batlantirish sifatida 4-chorakdagi faqat ijobiy baholarini ham yillik baholarini hisoblashda inobatga olish tavsiya etiladi”, deyiladi Xalq ta’limi vazirining Telegram kanalida e’lon qilingan xabarda.

Sherzod Shermatov karantin vaqtida “onlayn-maktab” orqali farzandlari bilan birga dars tayyorlagan barcha ota-onalarga o‘z minnatdorchiligini bildirgan.