“BEVERLee Businees” – yolg‘onlar piramidasimi?

“BEVERLee Businees” kompaniyasining faoliyati firibga asoslangani haqida ko‘plab jurnalistik materiallar eʼlon qilinganiga qaramay hali hamon tegishli idoralar bunga ko‘z yummoqda. Jurnalistlar tomonidan keltirilgan dalillarni inkor etuvchi materiallar ham ko‘rinmadi. Nega?.. Bu yerda qanday sir-sinoat bor?

Panja ortidan qarash natijasida esa kompaniya o‘z harakatlarini davom ettirib, soddadil odamlarni qarmog‘iga ilintirib, mo‘may daromad orttirish bilan ovora…

Bugun koronavirus kasalligi keng tarqalib bormoqda. Odamlar har qanday usullar bilan kasallikka chalinmaslikning, virus yuqtirganlar esa samarali davolanishning usullarini qidirib qolgan. Ana shunday bir vaqtda mamlakatimizda bir necha yildan buyon biologik faol qo‘shimcha dorilari bilan tarmoqli marketing usulida savdo qiluvchi “BEVERLee Businees” guruhlari o‘z mahsulotlarini koronavirusga davo sifatida pullamoqdalar.

“BEVERLee Businees” masʼuliyati cheklangan jamiyati go‘yoki Yaponiyada ishlab chiqarilgan marjon kalsiy biologik faol qo‘shimchasini yuzdan ortiq kasalliklarga, hatto kar, soqov, ko‘rlikni ham tuzatuvchi shifobaxsh dori sifatida tanishtirmoqdalar. Telegram tarmog‘idagi “BEVERLee salomatlik akademiyasi”, “BEVERLee club Qoʼshimcha daromad” guruhlarida «Aktivniy koralloviy kalsiy» va «Koenzim QH» biologik faol qo‘shimchalarni 200 dan ortiq dardga davo sifatida reklama qilib, tarmoqli biznes yo‘li orqali sotishmoqda. Aʼzo bo‘lish uchun 390-400 AQSH dollariga 9 ta mahsulotni sotib olishingiz lozim. “BEVERLee Businees” vakillari mahsulot Olmaotadan kelishini, ammo Yaponiyada ishlab chiqarilishini aytishadi. Ushbu jamoaning Telegram sahifalarida turli guruhlari mavjud bo‘lib, ular bir necha yillardan beri saflarini kengaytirib kelmoqdalar.

“BEVERLee Businees” mahsulotining Yaponiyadagi shubhali manzili “BEVERLee Businees” MCHJ faoliyati bilan qiziqib, biz ikkita http://www.beverlee-club.com va https://beverlee-club.kz saytlariga duch keldik. Ushbu saytlarda kompaniya “Aktivniy koralloviy kalsiy» va «Koenzim QH» biologik faol qo‘shimchalari haqida qisqacha maʼlumot va sertifikatlarini topishingiz mumkin. Biroq bilingki, saytlarning mavjudligi ularga to‘liq ishonish mumkin degani emas. Qolaversa, ushbu ikki BFQ haqiqatan sertifikatga ega bo‘lishi mumkin, ammo bu uning barcha kasalliklarga daʼvo ekanini ham anglatmaydi. Bundan tashqari, ushbu mahsulot ishlab chiqaruvchisi sifatida ko‘rsatilayotgan Yaponiya firmasi ham shubhali.

Maʼlumotlarga ko‘ra, ushbu ikki mahsulot ishlab chiqaruvchisi sifatida “Shiseido pharmaceutical corporation” ko‘rsatiladi. Mazkur firma taqdim etgan biologik faol qo‘shimchalar orasida bizga 211 turdagi kasallikka davo qilib ko‘rsatilayotgan «Aktivniy koralloviy kalsiy» va «Koenzim QH» mahsulotlari topilmadi. Bundan tashqari ushbu firma sayti boshqa yirik xalqaro dori ishlab chiqaruvchilarning saytlaridan tubdan farq qiladi. Saytda mahsulotlar ustida olib borilgan tadqiqotlar, uning klinik belgilari tafsilotlari keltirilmagan. Eng asosiysi, fabrika manzili sifatida ko‘rsatilgan Yaponiyaning Chixara, Gous siti, Nara (Chihara, Gose city, Nara, 639-2241) manzilida Google map qidiruvlarida hech qanday zavod yoki fabrika topilmadi.

“BEVERLee Businees” MCHJ mahsulotlari katta ehtimol bilan Qozog‘istondagi kichik sexlarda ishlab chiqarilib, «Sdelano v Yaponii» tamg‘asi ostida sotilishi mumkinligi haqidagi versiyalar ham bor. Ushbu firmaning telegram tarmog‘idagi “BeverLee – club\Qoʼshimcha daromad” sahifasida go‘yoki Yaponiyadagi zavoddan reportaj joylashtirilgan. Ammo mazkur reportajni faktcheking usullarda tekshirib ko‘rsak, video montajdagi tasvirlar bu joyga tegishli emasligi va u Yaponiya hududida olinmaganini aniqlash mumkin. Zavod, deya taʼrif berilayotgan joy ham kichik bir sexligini ko‘rish mumkin. Shu bilan birga videoda ishlab chiqarilayotgan mahsulot reportajda old qismi bilan aniq ko‘rsatilmagan. Yana bir ajablanarli tomoni “Shiseido” biologik faol qo‘shimcha ishlab chiqaruvchi zavod, deya taʼriflanayotgan nom ostida Yaponiyada dunyoga mashhur yirik “Shiseido” kosmetologik firma mahsulotlari ishlab chiqarilishi maʼlum. Firmaga tegishli barcha, video va rasm, internet sayt maʼlumotlarida bironta yapon millatiga mansub shaxsni ham uchratmaysiz.

Savol tug‘iladi: agar firma Yaponiya kompaniyasi standartlari asosida mahsulotni Qozog‘istonda ishlab chiqarayotgan bo‘lsa, nega bu haqda internet va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarda ochiq maʼlum qilmagan. “BEVERLee Businees” MCHJ vakillari mahsulotlarini faqatgina eng ishonchli brendlar bilan nom qozongan Yaponiya mahsuloti, deya taʼriflashadi. Aynan shu savollar bilan biz kompaniya vakiliga ham murojaat qildik.

«BIZ YETKAZIB BERUVCHIMIZ MAHSULOT UCHUN JAVOB BERMAYMIZ»

foto:uza.uz

Biz “BEVERLee Businees” MCHJning rasmiy sayti Beverlee.net sahifasida ko‘rsatilgan raqamga qo‘ng‘iroq qildik. Kompaniyaning mahsulot sotuvchi agentlari bizga ana shu raqamda Azamat ismli menejer barcha savollarimizga javob berishini maʼlum qilishdi. Birinchi gal qo‘ng‘iroq qilganimizda telefonga javob bergan xodim o‘zini oddiy qorovul ekanini aytdi va savollarga javob bera olmasligini maʼlum qildi. Boshqa usullar bilan kompaniya vakillariga yo‘llagan murojaatlarimiz orqali javob bo‘lmagach, biz avvalgi raqamga yana qayta qo‘ng‘iroq qildik. Telefonni avvalgi o‘zini qorovul deb tanishtirgan yigitga juda o‘xshash ovozli kishi ko‘tardi. Bu safar u o‘zini Azamat, kompaniya menejeri deb tanishtirdi, va nihoyat, undan baʼzi maʼlumotlarni olishga erishdik.

Azamatning aytishicha, «BEVERLee Businees” MCHJ “Aktivniy koralloviy kalsiy» va «Koenzim QH» biologik faol qo‘shimchalarini faqatgina yetkazib berish bilan shug‘ullanadi. Uni ikki yuzdan ortiq kasallikka davo ekaniga ular javob bermaydi. Mahsulotlar Yaponiyada emas, Qozog‘istonda ishlab chiqarilayotgani bo‘yicha savolga ham ular masʼul emasligini bildirdi. “BEVERLee Businees” vakilining taʼkidlashicha, ular olib kelayotgan mahsulotlar, yaʼni marjon kalsiysi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tegishli hujjatga ega va ular mahsulotlarini zo‘rlab sotishmaydi. Demak, muammo, biologik faol qo‘shimcha sifatida sertifikatga ega bo‘lgan mahsulotni ikki yuzdan ortiq dardga shifo bo‘lishiga va uning orqasidan daromad qilib mashina olishga ishonayotgan sodda odamlarda, xolos.

Azamat mahsulot va tarmoqli biznes masalalari yuzasidan Qozog‘istonga murojaat qilishimizni so‘radi. U o‘z so‘zlarini yuridik tomonlama oqlay oladi. Chunki, “BEVERLee Businees” MCHJ taklif etayotgan mahsulot samaradorligiga ishonib, uni xarid qilishni istasangiz mahsulot sizning nomingizga rasmiylashtiriladi va siz buyurtmachi sifatida ko‘rsatilasiz. Dorixonalardagi mineral, vitamin va biologik faol qo‘shimchalardan farqli ravishda o‘ta qimmat bo‘lgan “BEVERLee Businees” mahsulotlarini sotib olishga undovchi jamoa haqida quyida maʼlum qilamiz.

“BEVERLee Businees” vakillari kimlar?

foto:uza.uz

BEVERLee club mahsulotini «moʻjizaviy xususiyatini» taʼriflab kelayotgan shifokorlardan biri haqida maʼlumot to‘plashga urindik. “BEVERLee club Qoʼshimcha daromad” telegram tarmog‘i maʼlumotlariga ko‘ra, o‘zini Sog‘liqni saqlash vazirligi kardiorevmatologi sifatida tanishtirgan shifokor «Aktivniy koralloviy kalsiy» va «Koenzim QH» mahsulotlarini targ‘ib qilib keladi.

Biz Sog‘liqni saqlash vazirligiga murojaat qilib, bu shifokor haqiqatan tegishli joyda ishlashi bilan qiziqdik. Sog‘liqni saqlash vazirligi bolalarni muhofaza qilish boshqarmasi mutaxassisi Nilufar Mansurovaning maʼlum qilishicha, o‘zini telegram tarmoqlarida vazirlik kardiorevmatologi, deb tanishtirgan shifokor aslida bolalar bosh revmatologi va aynan biologik faol qo‘shimchalarni keng targ‘iboti bilan shug‘ullangani va turli kasalliklarga tegishli muolajalar tavsiya qilish o‘rniga faqatgina BEVERLee club mahsulotini taklif qilgani uchun unga nisbatan tegishli xizmat tekshiruvi olib borilmoqda va uning mehnat shartnomasi bekor qilinishi mumkin. Vazirlik mutaxassisining maʼlum qilishicha, shifokor bu qilmishi uchun bir necha marotaba ogohlantirilgan. Shuningdek, u shifokor sahifasida maʼlum qilgan kafedrada ham to‘liq faoliyat yuritmaydi. BEVERLee club mahsulotining «moʻjizaviy xususiyatini» taʼriflab kelayotgan aksariyat shifokorlar hozirda hech qayerda faoliyat yuritmaydigan nafaqadagi kishilardir. Eng asosiysi, yuqorida taʼkidlaganimizdek, ushbu firma mahsulotlari bilan 200 dardga davo izlashni Sog‘liqni saqlash vazirligi tavsiya etmaydi.

“BEVERLee Businees” bugungi kunda O‘zbekiston bo‘ylab minglab vakillarga ega. Ular o‘z orqasidan ko‘plab shifo istovchi va daromad ko‘zlaganlarni ergashtirib kelmoqda. 2019 yil 27 oktyabr kuni Toshkentda «Xalqlar Do‘stligi» saroyida kompaniyaning rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tgan. “BEVERLee Businees” qatnashchilari poytaxtning yirik madaniyat saroyini bemalol to‘ldira olgan edi.

MOLIYAVIY PIRAMIDA CHO‘QQISIDA KIM BOR?

Marjon kalsiysini tarmoqli biznesda sotishni yo‘lga qo‘ygan shaxs hech kimni bu yo‘lga zo‘rlab olib kelayotgani yo‘q. Biroq, daromad olish maqsadida dorixonalardagi kalsiydan ortiqcha farq qilmagan mahsulotni bir necha barobar qimmat narxga pullash ortidan daromad qilish to‘g‘rimi? 

Buning ustiga mahsulot ko‘rsatilayotgan kasalliklarni davolamasligi isbotlangan bo‘lsa, bu biznes vakillarining ishi firib emasmi? 

Kompaniya 120-300 nafar hamkor to‘plagan vakillariga avtomobil sovg‘a qilishni vaʼda beradi. Avtomobilga ega bo‘lish ilinjida marjon kalsiyini saratondan tortib, soqovlikni ham tuzatib yuborishiga xaridorlarni aniqrog‘i sodda odamlarni ishontirishingizga to‘g‘ri keladi.

O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga ko‘ra, moliyaviy piramida shaklidagi biznes cheklangan bo‘lib, pul mablag‘lari va boshqa mol-mulklarni jalb qilishga oid noqonuniy faoliyat olib borganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilangan.

Shuningdek, dunyoga mashhur bo‘lgan ko‘pgina moliyaviy piramida asoschilarining cho‘qqisidagi shaxslar asosan «pulning tagida» qolgan. Quyi qism vakillari esa faqatgina pul yo‘qotgan. Tarmoqli marketing quyi qismi vakillari daromadi avvaliga 7, keyinchalik 40 AQSH dollaridan ortmaydi. Bu biznes ortidan faqat cho‘qqidagi tor jamoa shaxslari boyiydi xolos.

Ajablanarlisi shundaki, kompaniya mahsulotlari, unga tegishli bo‘lgan guvohnoma va uning reklamalari haqida to‘liq material O‘zA saytida va boshqa qator ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilingan bo‘lishiga qaramay ularga nisbatan chora ko‘rilmagan. “BEVERLee Businees” kompaniyasining faoliyati firibga asoslangani haqida ko‘plab jurnalistik materiallar chop etilgan bo‘lsa-da, hali hamon tegishli idoralar bunga ko‘z yummoqda. Jurnalistlar tomonidan keltirilgan dalillarni inkor etuvchi materiallar ham ko‘rinmadi.

Birgina niqob taqmagan fuqaro katta miqdorda jarimaga tortilyapti-yu, minglab odamlarga ishonchsiz mahsulotni pullayotganlar, moliyaviy piramida shakllantirayotganlar erkin faoliyatini davom ettirishmoqda. Ahmadboy, “Straus House” yoki “Avto60oy” bilan bog‘liq mojarolar bizga dars bo‘lmadimi?

Ushbu mahsulotning boshqa kalsiy mahsulotlaridan farqi, litsenziya va guvohnomasi haqidagi tekshiruvlar bilan saytimizda avvalroq eʼlon qilingan quyidagi maqolada tanishishingiz mumkin. “Ishonuvchanlarga sotilayotgan ishonchsiz dorilar haqida”.

manba:uza.uz