Britaniyada epidemiya cho‘qqisidan o‘tdi. Hukumat karantin choralarini yumshatish rejasini tayyorlamoqchi

Buyuk Britaniya koronavirus bilan kasallanishning eng yuqori cho‘qqisidan o‘tdi. Bu haqda mamlakat bosh vaziri Boris Jonson koronavirusdan tuzalib, ishga qaytganidan so‘ng o‘tkazilgan birinchi brifingda ma’lum qildi.

Foto: Reuters

“Biz cho‘qqini bosib o‘tdik va endi pastga qarab ketyapmiz. Biz xuddi tog‘dagi uzun tunneldan o‘tib, endi oldinda yorug‘likni ko‘rayotganga o‘xshaymiz”, — degan u.

Boris Jonson karantin choralarini yumshatish va iqtisodiyotni tiklash, bolalarni maktabga qaytarish, kompaniyalar ishini qayta tiklash bo‘yicha batafsil rejani keyingi haftada taqdim etishga va’da berdi.

Shu bilan birga, karantin choralarini bekor qilish yoki yumshatish haqida gap-so‘zlarga hali erta ekanligini ta’kidlagan.

Eslatib o‘tamiz, Boris Jonson koronavirus bilan kasallangani haqida 27-mart kuni ma’lum bo‘lgandi. 5-aprel kuni u ehtiyot chorasi sifatida avliyo Foma shifoxonasiga yotqizilgandi. Biroq keyinroq siyosatchining sog‘lig‘i keskin yomonlashib, jonlantirish bo‘limiga olingandi. 9-aprel kuni esa bosh vazir intensiv terapiyadan oddiy palataga o‘tkazilgan. 12-aprel kuni esa kasalxonadan chiqib, uyda davolanishni davom ettirgandi. 27-apreldan esa yana ishini davom ettirgan.

Avvalroq britaniyalik 99 yoshli qariya bog‘ida sayr qilib koronavirusga qarshi kurashga 30 million funt to‘plagani, Londonda o‘pkani sun’iy nafas oldirish apparatida 10 kun yotgan bemor taassurotlarini gapirib bergani haqida xabarlar berilgan edi.