Buyuk Britaniya shahzodasi Charlz koronavirusdan tuzalib, karantindan chiqdi

Koronavirusga chalingan Buyuk Britaniya shahzodasi Charlz mazkur kasallikdan tuzaldi va shifokor ko‘rigidan keyin karantindan chiqdi.

Ma’lum qilinishicha, 71 yoshli shahzoda yetti kun davomida Shotlandiyadagi Balmoral qal’asida izloyatsiyada bo‘lgan. U ayni paytda o‘zini yaxshi his qilmoqda hamda Buyuk Britaniya hukumati tomonidan koronavirus pandemiyasiga qarshi kurash bo‘yicha joriy qilingan cheklovlarga rioya qilmoqda.

Shahzoda Charlzda koronavirus aniqlangandan keyin uning 72 yoshli rafiqasi ham tekshiruvdan o‘tgan va unda kasallik aniqlanmagan. Shundan so‘ng, ular Shotlandiyadagi qal’aga o‘z-o‘zini izolyatsiya qilish uchun ketgan.

Qayd etilishicha, shahzoda Charlz virusni kimdan yuqtirib olganligini aniqlash imkonsiz, chunki u kasallik aniqlanishidan oldin turli kishilar bilan ko‘plab uchrashuvlar o‘tkazgan.