“C5 + …”: Markaziy Osiyoning dunyo geosiyosiy xaritasiga qaytish formulasi

2 yil oldin, 2018-yil mart oyida Ostona shahrida (hozirgi Nur-Sulton) Markaziy Osiyo davlat boshliqlarining birinchi maslahati uchrashuvi bo‘lib o‘tgan edi. U Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi munosabatlarning uzoq davr mobaynidagi turg‘unligiga barham berib, mintaqaviy hamkorlikni kun tartibiga qaytardi. Biroq mintaqaviy muloqotni qayta boshlashga intilish hozircha hech qanday amaliy natija bergani yo‘q. Davlat rahbarlarining ilk uchrashuvidan so‘ng oradan o‘tgan ikki yil mobaynida mintaqa mamlakatlari “beshlik” formatida harakat qilish va fikrlashni o‘rganmadi, ikki tomonlama munosabatlar afzalligicha qolaverdi.

Rasmiy integratsiya

Markaziy Osiyo mamlakatlari mustaqillikka erishgandan so‘ng oradan o‘tgan uzoq davr mobaynida ular integratsiyasi deyarli rasmiyatchilikdan iborat bo‘lib, yagona bozor, bojxona ittifoqi va yagona valyutaning shakllanish jarayoni esa deklarativ bo‘lib qolayotgan edi. Mintaqada yetakchilik uchun raqobatning kuchayib borgani milliy identitetni shakllantirish maqsadida umumiy tarixni o‘z millatini ustun qo‘ygan holda talqin qilish, mamlakatlar islohotlar jarayonini sinxronlashtirish o‘rniga turli islohot modellarini tanlashi ularni bir-biridan tobora uzoqlashtira boshladi va mintaqaviy hamkorlikni kun tartibidan chetga surib qo‘ydi. Qayd etish joizki, integratsiya jarayoni “Turkiston – umumiy uyimiz” shiori ostida amalga oshirila boshlagan edi. Bu mintaqada tashkil topgan chegaralardan emas, aksincha, XX asr boshlaridagi hali milliy milliy-hududiy chegaralar tortilmasidan burungi davrdan kelib chiqib qilingan ish edi.

Integratsiya bilan bog‘liq voqealarning rivojida mintaqaga tashqi faktorlar – o‘yinchilarning eʼtibori oshishi rol o‘ynadi. Masalan, Rossiya mintaqaga yaqin xorij/postsovet makonining bir bo‘lagi deb qaragan va bu yerda o‘z taʼsirini tiklashga urinayotgan edi. AQSH uzoq yillar mobaynida Afg‘onistonni mintaqaning bir qismi deb hisoblovchi “Katta Markaziy Osiyo” konsepsiyasini va “Janubiy va Markaziy Osiyo” konsepsiyasini ilgari surib keldi. Xitoy esa ikki tomonlama munosabatlar o‘rnatishni afzal bildi, mintaqaviy yondashuvni ishlab chiqishga unchalik qiziqish bildirmadi. Markaziy Osiyodagi beshta davlatni birlashtiruvchi mintaqaviy tuzilma yo‘qligi sabab ushbu jug‘rofiy makonda turli integratsiya va muloqot platmorfalarining turli-tuman mozaikasi shaklllandi.

Boy berilgan regionalizmni izlab

Regionalizm g‘oyasi qayta tiklanishiga ko‘p jihatdan 2016-yili O‘zbekistonda hokimiyat almashgani sabab bo‘ldi. Yangi rahbariyat qo‘shni davlatlar bilan munosabatlarni taftish qilishga qaror qildi. Shavkat Mirziyoyev prezidentligining dastlabki yilida Turkmaniston, Qozog‘iston va Qirg‘izistonga safar qilgani bejiz emas. Boz ustiga, Toshkent mintaqaviy muloqot formatini jonlantirishni taklif qildi.

Kun tartibida mintaqada o‘zaro ishonchni tiklash vazifasi paydo bo‘ldi, davlat rahbarlari esa hamkorlikning foydalanilmay yotgan potensiali, o‘zaro munosabatlardagi muammoli jihatlarni tartibga solishga tayyor ekani xususida gapira boshladi. Ham davlat rahbarlari, ham vazirliklar va idoralar o‘rtasidagi ikki tomonlama uchrashuvlar tez-tez o‘tkaziladigan bo‘ldi. Xalqaro sammitlar vaqtida sahna orti uchrashuvlarini o‘tkazish qiziq tamoyilga aylandi. 2017-yil Ar-Riyod shahrida bo‘lib o‘tgan arab va musulmon mamlakatlari sammiti chog‘ida Emomali Rahmon, Shavkat Mirziyoyev va Nursulton Nazarboyevning divanda o‘tirib suhbatlashayotgani aks etgan suratlar maʼlum vaqt mobaynida hamkorlik yangi davrining bosh ramziga aylangan edi.

Ikki tomonlama munosabatlarni izga solish jarayoni qotib qolgan nuqtasidan siljidi. Tomonlar chegara masalasida fikr almashishga unday boshlashdi. Xususan, O‘zbekiston va Qirg‘iziston hamda O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi chegaralarni demarkatsiya qilish masalalarida ancha-muncha olg‘a qadam qo‘yishga erishildi. Muzokaralar vaqtida ilgari taqiqda bo‘lgan hududlarni almashish g‘oyasi muhokama etiladigan bo‘ldi. Markaziy Osiyo respublikalari tabiiy resurslardan birgalikda foydalanish muammosiga ham eʼtibor qarata boshladi. Masalan, Toshkent Qirg‘iziston va Tojikistondagi GESlar qurilishiga bo‘lgan pozitsiyasini yumshatdi va ushbu loyihalarda ishtirok etishi mumkinligi to‘g‘risida bayonot ham berdi. Bundan tashqari, mintaqa mamlakatlari energetika, transport va logistika sohalarida birgalikdagi infratuzilmalarni yaratish imkoniyati haqida gap ochmoqda. Mintaqaviy aloqalarni jonlantirish haqidagi gap-so‘zlarga savdo-sotiq sohasidagi munosabatlar javobini uzoq kuttirmadi. Masalan, 2018-yilda mintaqa mamlakatlari o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi bir yil ichida 35 foiz o‘sib, 12,2 milliard AQSH dollarini tashkil etdi.

Ushbu davrning eng asosiy voqeasi 2018-yil martida Qozog‘istonda bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo mamlakatlari rahbarlarining uchrashuvi va bunday masalahatlashuvlarni har yili o‘tkazish to‘g‘risida qabul qilgan qarori bo‘ldi. Ayni uchrashuvning eʼtiborga molik jihati u tor Markaziy Osiyo doirasida tashqi ishtirokchilarsiz bo‘lib o‘tgani bo‘ldi. Bundan tashqari, mamlakatlar yetakchilari rasmiy integratsiya yo‘lini takrorlash, qandaydir ustmilliy institutlar barpo etish niyati yo‘qligini qatʼiy bildirib, maslahatlashuv formatini afzal bilishini qayd etdi.

Mintaqaviy integratsiyani qayta ishga tushirish g‘oyasiga AQSH 2015-yildayoq ilgari surgan “C+1” muloqot platformasi hamda Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha o‘tgan yili qabul qilgan strategiyasi juda mos tushadi. Vashington va Bryussel butun boshli mintaqa bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish orqali o‘z mintaqaviy siyosatini mustahkamlash uchun qo‘shimcha imkoniyatga ega bo‘ldi. Shuncha yillar davomida tobora so‘lib borgan “Markaziy Osiyo + Yaponiya” muloqot platformasi ham yangi maromda ishlay boshladi. Bunday formatga Hindiston bilan Xitoy ham qiziqishi borligini maʼlum qildi. “Hindiston – Markaziy Osiyo” muloqot platformasining ilk uchrashuvi 2019-yil aprelida Samarqandda bo‘lib o‘tgan edi. 2020-yil 16-iyulida esa “Xitoy – Markaziy Osiyo” TIV rahbarlarining ilk uchrashuvi videokonferensiya formatida o‘tkazildi.

Mintaqa integratsiyasining yangi va eski muammolari

Biroq yaxshi qo‘shnichilikning ilk quvonchli alomatlari paydo bo‘lishi bilanoq mintaqa mamlakatlari dastlabki muammolarga duch keldi. Mintaqani necha o‘n yillik bo‘laklanishdan keyin jug‘rofiy siyosat subyekti sifatida tiklash unchalik ham oson ish emasligi ko‘zga tashlanib qoldi. Markaziy Osiyo miqyosida fikrlash va beshlik formatida ishlash ko‘nikmasi yo‘qligi hamkorlik samaradorligiga putur yetkazmoqda. Markaziy Osiyo respublikalari yaqinda bir jamoada o‘ynay boshlagan, ammo maydonda bir-birini tushunib o‘ynay olmasdan muammolarga duch kelayotgan futbol jamoasini esga soladi.

Mintaqa mamlakatlariga hali ham ikki tomonlama formatda muloqot qilish qulayroq. Bunday format afzal ko‘rilayotganining sababi shuki, barcha mamlakatlarga davlat boshqaruvining vertikal va muayyan shaxsga bog‘liq tizimi xos bo‘lib, muloqot formati davlat rahbarlari o‘rtasidagi shaxsiy munosabatlarga bog‘liq bo‘lib qolmoqda. Lekin tarix shundan dalolat beradiki, bu Markaziy Osiyodagi mintaqaviy hamkorlik uchun omonat poydevor hisoblanadi. Oqibatda ikki tomonlama munosabatlar holati mintaqaviy hamkorlikka bosim o‘tkazmoqda. Siyosiy elita ikki tomonlama munosabatlar darajasidagi bahslar sabab mintaqaviy hamkorlik kun tartibini mensimaslikni odatiy hol deb biladi. Masalan, Turkmaniston prezidenti qozog‘istonlik hamkasbi bilan ixtilofi sabab davlat rahbarlarining Ostonadagi ilk uchrashuviga bormadi. 2019-yil martida Toshkentda o‘tkazilishi mo‘ljallangan ikkinchi uchrashuv bir necha marta nomaʼlum muddatga kechiktirildi. Bunga sabablar sifatida Qirg‘iziston bilan Tojikiston o‘rtasidagi chegarada vaziyatning chigallashuvi hamda Turkmaniston bilan Tojikiston o‘rtasida tranzit bilan bog‘liq mojaro ko‘rsatildi. Qizig‘i shundaki, shu paytgacha besh davlat rahbari to‘liq tarkibda uchrasha olgani yo‘q, chunki Toshkentdagi uchrashuvda Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev qatnashmagan edi. Uning o‘rniga “Elboshi” (sobiq prezident) Nursulton Nazarboyev ishtirok etdi. Garchi u uchrashuv obro‘sini oshirgan bo‘lsa-da, hujjatlarga qo‘l qo‘yish uchun qonuniy vakolatga ega emas edi.

O‘zbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YEOII) bilan aloqalari ham bu borada jiddiy ahamiyat kasb etadi. Rasman olib qaraganda, O‘zbekistonning ushbu tashkilotga potentsial kirishi Markaziy Osiyodagi muloqot jarayoniga zid bo‘lmaydi. Biroq ro‘y berayotgan voqealar Moskvaning 2005-yildagi xatti-harakatlarini va Markaziy Osiyo mintaqasi kun tartibini Yevroosiyo mintaqasiga oid kun tartibiga o‘zgartirishga urinishlarini esga solmoqda. O‘zbekistonning YEOIIga to‘laqonli aʼzo bo‘lib kirishi mintaqani “makromintaqaviy” jarayonga tortishi va Markaziy Osiyo vektorini ikkinchi darajali masalaga aylantirib qo‘yishi mumkin.

Ushbu muammolar mintaqaviy hamkorlik mohiyatini avvalgidek niyatlar haqidagi bayonotlarga aylantirib qo‘yishi mumkin. Muloqotning mintaqaviy formati hali-hanuz barqaror maromga ega bo‘lmadi, o‘rta muddatga mo‘ljallangan harakatlar rejasi ham yo‘q. Shuning uchun rasmiy bayonotlar do‘stona ekaniga qaramasdan, siyosiy ayonlar o‘zini butun boshli mintaqa vakillari sifatida tanitishdan uzoq. Ular hali ham bir-birini xabardor qilgan holda harakatlanishni boshlashi qiyin bo‘lyapti, ikki tomonlama munosabatlardagi hal etilmay qolib ketayotgan muammolar nafaqat vaqti-vaqti bilan vaziyat taranglashuviga sabab bo‘lmoqda, qolaversa, mintaqa darajasidagi muloqotlarga to‘sqinlik qilmoqda. Oqibatda mintaqa identitetini tiklash jarayoni joyida depsinib qolmoqda.

Mintaqaviy hamkorlik bo‘yicha kun tartibi ikkinchi darajali masala bo‘lib qolayotgani mavjud holatni ham ko‘rsatib bermoqda. Koronavirus pandemiyasi – COVID-19 boshlangandan beri mintaqa mamlakatlari ko‘plab ikki tomonlama maslahatlashuvlar o‘tkazdi hamda turli yirik mintaqaviy platformalarning (MDH, Turkiy kengash) onlayn majlislarida ishtirok etdi. Ayni choqda ular epidemiyaga qarshi kurash va uning oqibatlarini tugatish borasida birgalikda harakat qilish masalalarini muhokama etish uchun Markaziy Osiyo beshligi doirasida birorta ham uchrashuv o‘tkazmadi.

Hamkorlikning C5-ga asoslangan modeli

Qayta jonlantirilayotgan mintaqaviy muloqot samaradorligi yuqorida zikr etilgan muammolar hal etilishiga bog‘liq. Markaziy Osiyo mamlakatlarining siyosiy ayonlari uchinchi mamlakatlar beshlik formatida qanchalik ko‘p munosabatlarni yo‘lga qo‘ysa, mintaqa mamlakatlari jamoatchiligi darajasida qanchalik ko‘p muloqot o‘rnatilsa, 2017-yilda boshlangan jarayon muvaffaqiyati shunchalik real bo‘ladi.

Shu munosabat bilan faqat Markaziy Osiyoga yo‘naltirilgan yoki mintaqaning o‘zida shakllangan platformalarning ahamiyati oshadi. Shuning uchun “S5” yoki “S5+…” formatidagi tuzilmalar mintaqa mamlakatlari uchun ham o‘zaro, ham tashqi dunyo bilan hamkorlik modeli bo‘lib qolishi kerak. Bunday formatlar doirasidagi izchil muloqotlar siyosiy ayonlarga tafakkurning milliy darajasiga mintaqaviy fikrlashni qo‘shish imkonini beradi.

Shu bilan birga, institutsionallashni amalga oshirish va navbatdagi rasmiy integratsion mexanizmlarni yaratishdan tiyilish kerak. Shuning uchun asosiy eʼtiborni maslahatlashuv platformalarini (davlat rahbarlari, idoralar, jamoatchilik darajasida) ishlatishga qaratish zarur. Bunday maydonchalar samaradorligi mintaqaviy hamkorlik jarayonida ikki tomonlama munosabatlar rolini pasaytirish imkonini beradi. Boz ustiga, ular istiqbolda mintaqa mamlakatlari o‘rtasidagi eng o‘tkir muammolarni hal etish joyi ham bo‘lishi mumkin. Ayni choqda ko‘p narsa kun tartibining yana-da mazmunliroq bo‘lishiga va uzoq muddatli mintaqaviy loyihalarni ishlab chiqishga asosiy eʼtibor qaratishga bog‘liq bo‘ladi. Shu munosabat bilan davlat rahbarlarining joriy yilda o‘tkazilishi kerak bo‘lgan uchinchi uchrashuvini o‘tkazish yoki bekor qilish o‘ziga xos ko‘rsatkich vazifasini o‘taydi. Biroq uning o‘tkazilishini – muvaffaqit garovi deyish qiyin. Buning uchun ishtirokchilar tarkibi va yakunida aynan qanday kelishuvlarga erishilishi muhim ahamiyatga ega.

“C+” formati beshlik tarkibidagi hamkorlik odatini mustahkamlaydi va ushbu mamlakatlarning xalqaro maydondagi hamkorligini sinxronlash imkonini beradi. Ayni format tashqi o‘yinchilar konsolidatsiya – faoliyatni kuchaytirish uchun jipslashuv va u bilan munosabatlarni yagona geosiyosiy makon sifatida o‘rnatish zarurligi haqidagi signal bo‘ladi.

Integratsiya tuzilmalarida qatnashish nuqtai nazaridan, Markaziy Osiyo bugungi kunda mintaqaning ayrim mamlakatlari chuqur iqtisodiy va harbiy-siyosiy integratsiyada ekani bilan hisoblashishga majbur. Bu, qayd etish joizki, birorta yangi integratsiya tuzilmasini ishga tushirish o‘rniga muloqot platformasiga eʼtibor qaratish uchun qo‘shim dalildir. Yaqin kelajakda ushbu status-kvo – mavjud holat o‘zgarishi dargumon. Lekin bu mintaqa kun tartibini ishlab chiqishga to‘sqinlik qilmasligi kerak. Bunga Vishegard guruhiga (V4) aʼzo mamlakatlar tajribasi yaxshi misol bo‘la oladi. Ular NATO bilan YEIga aʼzo bo‘lib kirgandan so‘ng ham ko‘p tomonlama formatlarda mustahkam muzokara pozitsiyasiga ega bo‘lish uchun o‘z harakatlarini muvofiqlashtirishni davom ettirmoqda.

Mintaqaviy hamkorlik renessansi faqat Markaziy Osiyoni dunyoning geosiyosiy xaritasiga Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston hududlari sifatida qaytgandan so‘ng yuz berishi mumkin. Bu ushbu mamlakatlar bir-birini investitsiyalar, loyihalar va transport koridorlari uchun kurashda raqib deb bilishidan voz kecha olishiga bog‘liqdir. Eski yondashuv o‘rniga mintaqaviy taraqqiyot masalalarida bir yoqadan bosh chiqarib ishlash samaraliroq ekani, milliy manfaatlarni esa qo‘shnilarning manfaatlarini hisobga olmasdan turib taʼminlab bo‘lmasligi tushunchasi kelsa, Markaziy Osiyoning xalqaro kun tartibiga qaytish imkoniyatlari ancha-muncha oshadi.

Muallif: Yuriy Saruxanyan – xalqaro munosabatlar bo‘yicha mutaxassis

Manba