“Chiroyli” avtoraqamlarning toifalari hamda narxlari o‘zgardi

Hukumat qarori (350-son, 04.06.2020 y.) bilan Jismoniy va yuridik shaxslarga avtotransport vositalari uchun ro‘yxatdan o‘tkazish davlat raqami belgilarini oshirilgan to‘lov stavkalari bo‘yicha berishda “O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi” AJ axborot tizimida auksion o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirishlar kiritildi.

Kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, “chiroyli” raqamlar 6 ta toifaga ajratildi (ilgari 3 ta toifa edi).

Shuningdek, ayrim “chiroyli” raqamlarning boshlang‘ich narxlari va toifalari ham o‘zgardi.

Xususan, 333, 444, 666, 999 raqamlar kombinatsiyasi 1-toifadan 2-toifaga o‘tkazilgan bo‘lsa, 003, 004, 006, 008, 009, 030, 040, 303, 400, 404, 600, 900, 909 kabi raqamlar 2-toifadan 3-toifaga o‘tkazildi.

Toshkent shahridagi 2-toifa raqamlarining boshlang‘ich narxi agar ular har xil kombinatsiyadagi harflar bilan bo‘lsa bazaviy hisoblash miqdorining 30 baravari (ilgari 40 baravar), bir xil kombinatsiyadagi harflar bilan bo‘lsa bazaviy hisoblash miqdorining 40 baravari (ilgari 50 baravar) etib belgilandi.