COVIDni to‘xtatish yoki iqtisodiyotni qutqarish? Ikkalasini ham eplash mumkin

MIT Technology Review nashrida eʼlon qilingan “Stop covid or save the economy? We can do both” maqolasining qisqartirilgan tarjimasi.

AQSHning ko‘plab shtatlarida ijtimoiy masofalanish choralari ko‘rilgandan so‘nggi ilk bandlik to‘g‘risidagi hisobotda Mehnat vazirligi 3,3 million kishi ishsizlik nafaqasi olish uchun ariza berganini maʼlum qildi. Oradan bir hafta o‘tib, aprelning ilk haftasida yana 6,6 millionta ariza kelib tushdi. Bu 1982 yilgi 695 000 ta arizadan iborat rekordni bu raqamlar bilan umuman solishtirib bo‘lmaydi.

Biroq, ushbu raqamlar mavjud inqirozni to‘liq qamray olmaydi, chunki ularga yarim ish o‘rinlari, o‘z-o‘zini ish bilan band qilganlar va erkin ishlaydiganlar kirmagan, ammo ular ham tirikchilik manbaidan uzilib qolmoqda. Moliya sohasi ekspertlari AQSH YAIMi yozga borib, 30 – 50 foiz qisqarishini bashorat qilmoqda.

Mart oyining oxirida prezident Donald Tramp “davolash muammoning o‘zidan battar” bo‘lishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini, butun mamlakat o‘sha paytda ikki hafta qolgan Pasxa bayramiga qadar ishga qaytajagini maʼlum qilgan edi. Chikago universiteti iqtisodchisi va prezident huzuridagi iqtisodiyot maslahatchilari kengashining sobiq aʼzosi Keysi Malligan virus tarqalishini kamaytirish uchun hech ish qilmaslikdan ko‘ra ko‘proq zarar keltirishi mumkinligini aytadi.

Nihoyat, Oq Uy kasallikning nazoratsiz tarqalishi modelini ishlab chiqdi. Unga ko‘ra, agar bu kasallikni nazoratsiz tarqalishiga qo‘yib berilsa, natijada 2,2 million amerikalik qurbon bo‘lishi mumkinligi bashorat qilindi, bu boshqa epidemiologlarning hisob-kitoblariga ham mos tushadi. Tramp tezroq ishga qaytish daʼvatidan voz kechib, ijtimoiy masofalanish yo‘riqnomalariga amal qilishni aprel oxiriga qadar uzaytirdi. Lekin asosiy dalil baribir saqlanib qolaverdi: koronavirus epidemiyasi davrida iqtisodiyotni qutqarish bilan odamlar hayotini saqlash o‘rtasida og‘riqli murosa mavjud.

Biroq tadqiqotlar dalolat berishicha, bu noto‘g‘ri dixotomiyadir[1]. Aslida eng yaxshi yo‘l iqtisodiy zararni cheklash va imkon qadar ko‘proq odamlarning hayotini saqlab qolishdir.

Yangi retsessiya

− Dunyo qanchalik o‘zgarib ketishini oldindan bashorat qilish qiyin, − deydi Massachusets texnologiya institutining mehnat masalalari bo‘yicha iqtisodchisi Devid Otor. – Bu biz so‘nggi yuz yilda guvoh bo‘lgan hech narsaga o‘xshamaydi.

Ilgarigi retsessiya yoki depressiya vaqtida muammoga iqtisodiy yechim ish kuchiga talabni rag‘batlantirish, yaʼni ishchilarni ishga qaytarish bo‘lgan. Biroq ayni holatda biz iqtisodiy faoliyatni atay to‘xtatib, odamlarga uyida o‘tirishni tayinlayapmiz. Otor fikricha, “gap faqat retsessiyaning qanchalik chuqurlashuvida emas. Bu – butunlay boshqa narsa”.

Eng katta xavflardan biri shuki, iqtisodiy pasayishga hech bir qarshilik ko‘rsata olmaydigan kishilar: restoran va mehmonxonalardagi maosh kam to‘lanadigan xizmat ko‘rsatish sohasi xodimlari, erkin ishlaydigan kishilar ko‘p zarar ko‘radi.

Kongress mart oxirida tasdiqlagan 2 trillion dollarlik yordam paketi ajratish to‘g‘risidagi qonunda ish to‘xtab qolishidan zarar ko‘radigan ishchilar va korxonalarga mablag‘ ajratishni hamda koronavirus nazoratga olinishi bilan iqtisodiyotni qayta ishga tushirish nazarda tutiladi. Yiliga 75 ming dollardan kam maosh oluvchi har bir katta yoshli kishiga 1200 dollar beriladi hamda ilk marta erkin ishlaydigan va o‘zini o‘zi band qilgan kishilar ham ishsizlik nafaqasi oladi. Yuz milliardlab dollarlik mablag‘lar korxonalarni saqlab qolish uchun sarflanadi. Lekin bu mamlakatning, ayniqsa, qattiq zarar ko‘rgan hududlarida yetarli bo‘lmasligi aniq.

Hayot qiymati

Korxonalarning yopilishi odam tanlashi mumkin bo‘lgan narsa, biroq nazoratsiz pandemiya iqtisodiy faoliyat uchun o‘ta salbiy oqibatlarni keltirib chiqarishi mumkin. Bunga faqat ish kuchi kamayib borayotganigina sabab bo‘lmaydi. Keng tarqalgan xavflar biznes uchun zararli: isteʼmolchilar restoranlarga oqib bormay, uchoqlarda safar qilish uchun chiptalar sotib olmay yoki o‘zini kasallikka giriftor qilish xavfi bor faoliyat turlariga pul sarflamay qo‘yadi. Chikagodagi But nomli maktabning yetakchi iqtisodchilari o‘tkazgan so‘rovga ko‘ra, fikri so‘ralganlarning 88 foizi kasallik tarqalishi oldini olish uchun “har tomonlama siyosiy javob choralari” “iqtisodiy faoliyatning keskin qisqarishi”ga sabr-toqat bilan qarashni o‘z ichiga olishi kerak, deb hisoblaydi. Deyarli 80 foiz fikri so‘ralganlar “qattiq tartibdagi izolyatsiyadan juda erta voz kechish” yana ko‘proq iqtisodiy zarar keltirishi mumkinligini aytgan.

Ayni choqda virus yuqishi sabab bo‘ladigan o‘lim holatlarini kamaytirishga qaratilgan har qanday chora-tadbir ulkan iqtisodiy foyda keltiradi. Chikago universiteti iqtisodchisi Maykl Grinstoun Londondagi qirollik kolleji tayyorlagan kasallik tarqalishi modeliga asoslanib dalolat berishicha, 1 martdan 1 oktyabrga qadar moʻtadil ijtimoiy masofalanish 1,7 million kishining hayotini saqlab qoladi. Uning qabul qilingan keng qamrovli iqtisodiy chora, yaʼni “statistik hayot qiymati”ga asoslanib bildirishicha, shuncha kishining o‘limiga yo‘l qo‘ymaslik iqtisodiyotga 8 trillion dollar yoki AQSH YAIMning 1/3 qismiga yaqin foyda keltiradi.

Shu o‘rinda muallif 1918 yilda ro‘y bergan gripp pandemiyasini tadqiq qilgan Massachusets texnologiya instituti qoshidagi Sloan maktabi iqtisodchisi Emil Verner so‘zlarini keltiradi: “Biz vaziyatga aralashish yoki normal iqtisodiyotga qaytishdan birini tanlamasligimiz kerak. Tanlovimiz iqtisodiy ahvol hozir yomon bo‘ladigan, ammo kelgusida yaxshi bo‘lib ketadigan aralashuv yoki hech narsa qilmaslikdan iboratdir, u holda pandemiya nazoratdan chiqib, iqtisodiyotga katta zarar keltirishi mumkin”.

Tadqiqotchi fikricha, o‘sha pandemiya AQSHdagi milliy ishlab chiqarish 18 foiz tushib ketishiga sabab bo‘lgan, ammo oradan bir yil o‘tib, gripp taqalishi sabab cheklovlar joriy etgan shaharlarda iqtisodiy ko‘rsatkichlar ancha yaxshilangan.

Bugungi iqtisodiyot asosan xizmat ko‘rsatish sohasiga yo‘naltirilgan bo‘lib, 100 yil oldingidan farq qiladi. Lekin bugungi shaharlardagi vaziyat o‘ylab ko‘rishni taqozo qiladi. Vernerga ko‘ra, “vaziyatga aralashish iqtisodiyot uchun yomon bo‘lganiga hech qanday isbot yo‘q. Pandemiya o‘ta vayronkordir. Pirovardida vaziyatni yumshatishga qaratilgan har qanday siyosat iqtisodiyotga foyda keltiradi”.

Iqtisodiyotni tiklash

Shu kunlarda Nyu-York universiteti iqtisodchisi va Nobel mukofoti laureati Pol Romerning fikrlari asabiy yangramoqda: “Biz yo iqtisodiyotdan yoki odamlardan ayrilishday og‘ir vaziyatga tushib qoldik”, deydi u.

Olimga ko‘ra, nisbatan oson strategiya “ham virusni cheklash, ham iqtisodiyot tiklanishiga yo‘l ochish”dir.

Yechim, deydi Romer, kim infeksiya yuqtirganini aniqlash uchun kasallik alomatlari bo‘lmagan har bir kishini qayta-qayta tibbiy tekshiruvdan o‘tkazishdir. (Kasallik belgilari bor kishilar COVID-19 yuqtirgan deb hisoblanishi va shunga yarasha davolanishi kerak). Kimda tekshiruv vaqtida virus aniqlangan bo‘lsa, “o‘zini yakkalashi”, kimda aniqlanmagan bo‘lsa, ishga chiqishi, sayohat qilishi va boshqalar bilan muloqot qilishi mumkin, biroq ular har ikki hafta yoki shunga yaqin muddatda qayta tekshiruvdan o‘tkazilishi lozim. Agar sizda kasallik aniqlanmagan bo‘lsa, qo‘lingizda samolyotga chiqish yoki restoranga bemalol kirishga ruxsat beradigan karta bo‘lishi kerak.

Tibbiy tekshiruvdan o‘tish ixtiyoriy bo‘lishi lozim. Romer baʼzi kishilar bunga qarshilik qilishi, hatto kasallik yuqtirgani aniqlangan bo‘lsa ham “o‘zini yakkalash”ni istamasligini tan oladi, biroq “aksariyat kishilar to‘g‘ri ishni qilishni istaydi”, deydi u va bu virus tarqalishini cheklash uchun yetarli bo‘lishi mumkin.

Romer Silikon vodiysidagi Cepheid kompaniyasi yoki dori-darmon ishlab chiqaruvchi yirik Roche kompaniyasining yangi va tez tashxis qo‘yadigan tekshiruv vositalari mavjudligini qayd etadi. Roche kompaniyasining eng yaxshi mashinalari bir kunda 4200 kishini tekshiruvdan o‘tkazishi mumkin. Mabodo 5000 ta shunday mashina ishlab chiqarilsa, kuniga 2 million kishini tekshiruvdan o‘tkazsa bo‘ladi.

‒ Bu – qo‘limizdan keladigan ish, –deydi u.

Agar virus yuqtirgan kishilar aniqlanib, izolyatsiya qilinsa, boshqalarga ishga chiqishiga ruxsat berish mumkin.

Aprel oyi boshida Chikagoning But nomidagi maktabi o‘tkazgan so‘rov natijasiga ko‘ra, iqtisodchilarning 93 foizi “iqtisodiyotning qayta yurgizib yuborish” uchun “ommaviy tibbiy tekshiruvdan o‘tkazishni ko‘paytirish”ga rozi.

AQSHning Oziq-ovqat va dori-darmon boshqarmasi sobiq direktori Skott Gottilib ham barcha kishilarni tibbiy tekshiruvdan o‘tkazishni faollashtirishni va infeksiya yuqtirganlarni “yakkalash” zarurligini taʼkidlamoqda.

Takliflar tafsiloti bir-biridan farq qiladi, lekin barchasida ishga qaytish xavfli bo‘lmasligi uchun kim himoyasiz va kim unday emasligini aniqlash niyatida turli-tuman va keng qamrovli tekshiruvlar o‘tkazish zarurligi qayd etiladi.

Biroq hademay ommaviy va tez-tez tibbiy tekshiruvlar o‘tkazilishiga oid isbotlar juda kam. Yangi tekshiruv vositalari paydo bo‘lgani bilan ularni ahvoli o‘ta og‘ir bemorlar va tibbiy frontning oldingi qatorida bo‘lgan kishilar sotib ola bilmaydi. Haligacha tekshiruv to‘plamlari va ularni o‘tkazish uchun zarur bo‘lgan jihozlar yetishmayapti.

Bunday inersiya Romerning hafsalasini pir qilyapti. U Kongress ajratgan 2 trillion dollarlik mablag‘ni iqtisodiyot uchun “palliativ davolash” deb atadi. Uning fikricha, 100 milliard dollar tibbiy tekshiruvlar uchun sarflansa edi, ahvol “ancha yaxshilangan bo‘lur edi”.

Bir kun kelib iqtisodiyotni ochishimizga to‘g‘ri keladi. Ehtimol, pandemiya chekina boshlashi alomatlari paydo bo‘lgunga qadar sabr qilarmiz yoki iqtisodiy azoblar rahbarlar uchun ham, og‘ir zarar ko‘rgan mintaqalarda yashaydigan aholi uchun chidab bo‘lmas ahvolga olib kelar. Keng qamrovli tibbiy tekshiruvlar o‘tkazmaydigan bo‘lsak, o‘sha kun kelganda, biz odamlarni virus yuqtirish xavfi bor-yo‘qligini va uni boshqalarga yuqtirishi mumkinligini bilmay, qaytarib ishga jo‘natamiz. “Biz bu haqda noto‘g‘ri o‘ylayapmiz”, deydi Romer. Gap shundaki, bir kun kelib, iqtisodiyot qayta ishga tushirilganda ommaviy tekshiruvlarni o‘tkazmay turib, virus tarqalishi nazorat ostida deb o‘ylash xomxayol bo‘lganini ko‘ramiz.

Bu – asta-sekinlik bilan kechadigan jarayon, infeksiya yuqmagan yoki immuniteti baquvvat kishilarga birinchi bo‘lib ish joylariga qaytishga ruxsat berilishi mumkin. Biroq tibbiy tekshiruvlarsiz biz ushbu o‘tish davrini qanday boshqarishni bilmaymiz. Bunday holatda Trampga xos tarzda iqtisodiyotni qutqarish yoki o‘lim holatlari keskin ortib ketishidan birini tanlashga majbur bo‘lib qolamiz.