Darig‘a Nazarboyevaning iste’fosi atrofidagi voqealar haqida siyosatshunos Arkadiy Dubnov bilan intervyu

2 may kuni Qozog‘istonda kutilmagan siyosiy voqelik sodir bo‘ldi. Mamlakat prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev parlament yuqori palatasi spikeri Darig‘a Nazarboyevaning vakolatini tugatish to‘g‘risida farmonni imzoladi. Ko‘p o‘tmay Qozog‘iston Markaziy saylov komissiyasi Nazarboyevaning deputatlik vakolatlarini tugatganini e’lon qildi.

lboshi Nursulton Nazarboyevning to‘ng‘ich farzandi Darig‘a Nazarboyeva rasman mamlakatning ikkinchi odami hisoblanardi. O‘tgan yil 20 mart kuni Qozog‘istonda ko‘p narsa o‘zgarib ketdi. Nazarboyev iste’foga chiqdi, o‘rnini senat raisi To‘qayev egalladi. Prezident ketgach, uning o‘rnini egallaydigan va To‘qayev prezident bo‘lib bo‘shab qolgan senat raisligi Darig‘a Nazarboyevaga topshirildi. Xalq tomonidan saylanmagan va prezident tayinlagan Nazarboyeva senatda kutilganidek boshchilik qila olmadi. Shunday bo‘lsa-da, uning iste’foga chiqarilishi kutilmagan holat bo‘ldi.

Darig‘a Nazarboyevaning nega iste’foga chiqarilgani, bu mamlakat siyosiy hayotida qanday o‘zgarish qilgani haqida uzoq gapirish mumkin. Ammo «Qozog‘istonda qo‘shhukmronlik tugadimi?», «To‘qayev endi podshohi mutlaq bo‘ldimi?», kabi nozik savollarga ekspert javob bergani tuzukroq. «Meduza» Darig‘a Nazarboyevaning iste’fosi atrofidagi voqealar haqida siyosatshunos Arkadiy Dubnov bilan intervyu uyushtirdi.

– Bu vaziyat qanday paydo bo‘ldi?

– Darig‘a Nazarboyevaning iste’fosi Qozog‘istondagi hukumat topshirilishining davomi bo‘ldi. Nazarboyev iste’foga chiqar ekan Darig‘ani senat spikeri lavozimiga qo‘yib ketgandi. Bu voqea To‘qayev prezidentlikka kelishi bilan bir vaqtda sodir bo‘ldi. Ortda qolgan bir yil davomida Darig‘a davlat rahbari bilan solishtirib kelindi.

– Nazarboyev Darig‘aning senat raisiga aylanishi mojaro keltirib chiqarishini bilganmidi?

– Menimcha, Nazarboyev bunday bo‘lishini nafaqat sezgan, balki shunaqa bo‘lishini hisobga olgan ham. Nazarboyev uchun o‘rinbosari ustidan nazorat o‘rnatish muhim edi. Shu sababli mamlakatning ikkinchi raqamli odami etib aynan Darig‘a tayinlandi. Bu ish vaziyat oila uchun yomon tomonga o‘zgarsa, «kechuvda otlarni bezarar almashtirish uchun» qilindi deylik.

Darig‘aning senat tomonidan saylanmagani va otasi prezidentligi davrida prezident kvotasi asosida senatga kiritilgani avvalboshdan uning kamchiligi bo‘lib kelgan. Uni oldingi prezident qanday tayinlagan bo‘lsa, hozirgi prezident xuddi shunday olib tashlashini kutish mumkin edi. Tushunishimcha, To‘qayev shu tarzda tinch to‘ntarishning oldini oldi. Pandemiya vaqtida esa bunday xavf chindan paydo bo‘lgandi.

16 mart kuni Qozog‘istonda favqulodda holat e’lon qilindi. Yaqinda Darig‘a Nazarboyeva Konstitutsion kengashga (Qozog‘istonda Konstitutsion sud shunday ataladi) senat raisi sifatida prezidentning favqulodda holat haqidagi qaroriga qarshi chiqishga haqqi bormi yoki yo‘qligini bilish uchun so‘rov yubordi. Agar Konstitutsion sud Nazarboyevaning bunga haqqi borligini tasdiqlaganda, mamlakatda chindan qo‘shhokimlik yuzaga kelar edi.

– Va To‘qayev shu tarzda muammoni hal qildimi?

– Ha, ammo bu hali hammasi emas. Oldimizda butun boshli tenglama bor va biz uning tenglama ekanidan boshqa hech narsa bilmaymiz. Eng asosiysi, biz hali bu borada elboshining reaksiyasidan bexabarmiz. Faqatgina Darig‘a uning roziligi bilan senatdan chetlashtirilgan deb taxmin qilishimiz mumkin.

Bundan tashqari, Darig‘a bu qadar yerga urilganidan keyin qanday lavozimni egallashi ham aniq emas. Qo‘pol qilib aytganda, uning javob zarbasi qanaqa bo‘lishini bilmayman. Menimcha, u hukumatdan chetlatilganiga ko‘nib ketavermaydi va javob berishga urinadi. Ammo ayni damda o‘zida mavjud imkoniyatlar bilan xolos.

Ayrim ekspertlarning hisoblashicha, Qosim-Jo‘mart To‘qayev prezident sifatida to‘liq erkin harakatlanishni istagan

– Ya’ni, u revansh olishga intiladimi?

– Revansh deganda hukumatga qaytishni nazarda tutayotgan bo‘lsangiz, yo‘q. Hozirgi prezident To‘qayev vaqtida bu imkonsiz. Yana bir jihatdan esa uning qo‘l ostida katta mediaimperiya bor. Darig‘a o‘ziga bo‘ysunadigan media orqali To‘qayev va uning jamoasiga hujum qilishi mumkin. To‘qayev balki buni bilgandek senat spikeri lavozimiga o‘ziga yaqin bo‘lgan Maulen Ashimbayevni qo‘ydi.

– Qozog‘istonda asta-sekin demokratiya boshlanmoqda desak, bo‘ladimi?

– Keling, hozircha demokratiya haqida emas, elitadagi intriga haqida gaplashsak. Hali Nazarboyev tirik ekan uning ismi ko‘p narsani anglatadi. Qozog‘istonda shunday gap bor: «yaxshi otaning ismi yomon farzand uchun 40 yil umr degani».

Arkadiy Dubnov
Mixail Tereshchenko / TASS / Vida Press

– Nazarboyevning salomatligi haqida ma’lumot bormi?

– Uning salomatligi yaxshi emasligini tasdiqlaydigan yoki inkor qiladigan hech qanday ma’lumot yo‘q. Venediktov tvitterda bu borada ma’lumot tarqatdi. Mening Qozog‘iston hukumatidagi jiddiy manbalarim esa uning ma’lumotlarini rad etishdi. Ammo kim biladi deysiz, bir tomondan Qozog‘istonda ma’lumotlar Turkmanistonda bo‘lgani kabi yashirilmaydi. Boshqa tomondan elboshining rezidensiyasi poytaxtdan 250 km uzoqda joylashgan va ma’lumotni filtrlash uchun yetarlicha imkon bo‘ladi. Shu bois u qizining chetlatilganiga qanday reaksiya bildirganini bilib bo‘lmaydi.

– To‘qayev Nazarboyevning qizini uning elboshining ruxsatisiz bo‘shatgan bo‘lishi ham mumkinmi?

– Bo‘lishi mumkin. Men bu qaror Nazarboyevning roziligida amalga oshirilgan degan taxmin bilan fikr yurityapman. Ammo bu faktni tasdiqlaydigan yoki rad etadigan ma’lumot yo‘q.

– Bu vaziyat Nazarboyevlar oilasidagi mojarolar sabab yuzaga kelgan bo‘lishi mumkinmi?

– Albatta. Bu voqealar Darig‘a, uning otasi, oilasi va umuman butun mamlakatga ta’sir qilishi mumkin.

Nursulton Nazarboyevning nabirasi Oysulton kokain iste’moliga o‘rganib qolgani tufayli davolanishga yuborilgan
AISULTAN NAZARBAYEV`S FACEBOOK PAGE

– Darig‘aning Rossiyada yashash huquqini olgani oxirgi nuqta bo‘lgani aytilmoqda…

– Bilasizmi, men mojaro deganda oilaning ichki muammolarini nazarda tutgandim. Darig‘aning kichik o‘g‘li Oysultan Nazarboyevga nabira emas, o‘g‘il bo‘lishini aytdi. Kechirasiz-u, onasi Darig‘a, otasi esa Nazarboyev ekanini aytayotgan Oysultan elboshi va qizini juda noqulay ahvolga solib qo‘ydi.

Bundan tashqari, Darig‘a va uning katta o‘g‘li Nuraliga tegishli xorijdagi ko‘chmas mulklar aniqlangan. Rossiyada yashash huquqini qo‘lga kiritgani esa Darig‘aga qarshi qo‘llanishi mumkin bo‘lgan juda kichik argument.

Nazarboyevlar oilasining qirollikdagi eng badavlat kishilar yashaydigan Bishops-avenyu ko‘chasidagi uyi

– Gulnora Karimovaning ko‘rguliklari Darig‘aning ham boshiga tushishi mumkinmi?

– Yo‘q, unga qamoq xavf solmayapti.

– Nega, boshqacha siyosiy madaniyat sababmi?

– Yo‘q, madaniyatlar-ku o‘xshash, Nazarboyevning hukumatini Karimovniki bilan taqqoslab bo‘lmasa ham. Shunchaki Gulnora keltirgan zarar milliardlar bilan o‘lchanardi. To‘g‘ri, bu turdagi rahbarlar va ularning farzandlari kabi Darig‘a ham aybsiz emas, ammo unga bu qadar jiddiy ayblovlar qo‘yilishiga ishonish qiyin.

– Bu vaziyatda kuch ishlatar tizimlarning roli qanday?

– Mamlakatda bir tashkilot yaqqol ajralib turadi. Bu Milliy xavfsizlik qo‘mitasi. Tashkilot rahbari Karim Masimovning mamlakatdagi obro‘si juda baland. U sobiq bosh vazir va Nazarboyevning eng ishongan odami. Nazarboyev Karimovning o‘limidan bir necha kun o‘tib Masimovni xavfsizlik qo‘mitasiga rahbar qilib tayinlagandi. Chunki elboshi aynan Masimov har qanday fors-major holatida muvozanatni ushlab tura olishiga ishongan. Shunday ekan, mamlakatda xavfsizlik xizmatining, xususan Masimovning roli keyinchalik ham muhim bo‘lib qolaveradi.

– Hukumat tepasiga kelganiga bir yil bo‘lgan To‘qayev nihoyat mustaqil siyosatchi sifatida gavdalanmoqda, deyish mumkinmi?

– Albatta. Men To‘qayevning muxlisi emasman, lekin u boshqacha turdagi rahbarlar toifasidan ekanini ko‘rsatmoqda. U zamonaviy va ayni damda aqlli. Boshida u g‘alati odam sifatida ko‘ringandi. Masalan, poytaxt nomini Nur-Sulton deb o‘zgartirishni taklif qilib tanqidlar girdobida qolib ketdi. Ammo keyinchalik u o‘zini yaxshi tomondan ko‘rsata boshladi. Voqealarga o‘z vaqtida munosabat bildirdi, odamlar bilan uchrashib, obro‘sini ko‘tarib oldi.

Bu oldingi rahbarning harakatlaridan keskin farq qilardi. To‘qayev namoyishlarni cheklash va matbuotga bosim o‘tkazishni qo‘llamadi, har qanday keskin harakatlarni qoraladi. Albatta, bu harakatlari doim ham foyda bermadi. Masalan, namoyishchilar o‘zlarini provakatsion tarzda tutib, uning qarorini shubhada qoldirdi.

– Ya’ni, To‘qayev Nazarboyevga o‘xshamaydigan siyosatchi?

– Aynan shunday. U ancha liberal ko‘rinmoqda.

 Bunga Nazarboyevning o‘zi ruxsat berganmi?

– Men boshqacharoq aytgan bo‘lardim: u o‘rinbosariga ishonch bildirmoqda. Uning barcha qarorlarini ham qo‘llamasligini aytgan bo‘lsa ham. Nazarboyev ba’zi chiqishlari bilan u hamon To‘qayevni tuzatish huquqiga egaligiga ishora qilgandek bo‘ldi. Go‘yoki odamlar buni «u hammasini nazorat qilyapti» deb tushunishlari kerak.

Bu voqeagacha siyosiy elita hal qiluvchi qarorlar qabul qilinayotgan «markaz» Oq o‘rdadami (prezident qarorgohi) yoki Kutubxonadami (Nazarboyevning qarorgohi shunday ataladi) deb ikkilanib qolgandi. Shu sababdan mamlakatda yuzaga kelgan byurokratik shizofreniya nomenklaturaviy muvozanatni ta’minlamasligi aniq edi. Endi esa To‘qayev yaqqol yetakchi ekani ko‘rindi. Menimcha, muammo hal bo‘ldi.

– Odatda avtoritar yetakchilar oxirigacha oilasi uchun kurashadi. Nega Nazarboyev bunday qilmadi?

– Misolingiz unchalik to‘g‘ri deb o‘ylamayman. Karimov misolida buni ko‘rdik. Menimcha, tez orada boshqa qo‘shni mamlakatlarda ham buning misolini ko‘ramiz. Ko‘pchilik o‘ylayotgandek Tojikiston va Turkmanistonda ham hukumat almashinuvi «xamirdan qil sug‘urgandek o‘tmaydi» (har ikki mamlakatda prezidentlar o‘g‘illarini hukumatning yuqori lavozimiga tayinlagani nazarda tutilmoqda – tarj.).

Rahbarlar tarixda qolishni va kamida hayotining qolgan qismini obro‘-izzat bilan o‘tkazishni xohlashsa, farzandlarining nafsini nazorat qilishi kerak. Bu borada Asqar Akayevni eslash kifoya. Qirg‘iziston prezidentida hammasi yaxshi edi, ammo farzandlari ulg‘ayishi bilan ishlar chappasiga keta boshladi. 2005 yilda Akayev «mintaqaning asosiy demokrati» nomini «ag‘darilgan prezident» nomiga almashdi. Marhamat, savolingizga javob mana shu: Nazarboyev uchun tarixda qoladigan nomi farzandlarining nafsidan ustunroq.

Elboshi hukumatga qaytmasligi aniq. Qozog‘iston hukumatida hozir faqat bir narsa haqida o‘ylashmoqda: elboshini ikki oydan so‘ng nishonlanadigan 80 yoshli yubileyiga eson-omon yetkazish. Bu uchun esa Darig‘a yoki muxolifatchilarning haddan tashqari faolligi keltirib chiqaradigan xaosning oldini olish kerak. Menimcha, Nazarboyev bunga munosib, buni chin ko‘ngildan aytyapman. U ajoyib yetakchi va dunyoqarashi kengligi bilan ajralib turadi.