Eskirmas muammolar: XX asr boshlarida Turkistondagi to‘ylar

To‘y va maʼrakalardagi ortiqcha sarf-xarajatlar davriy matbuot sahifalarida muntazam ravishda ko‘tarilib turgan va qizg‘in bahs-munozaraga sabab bo‘lgan. Ushbu masalalar muhokamasida jamiyat doimo deyarli ikkiga bo‘linib, bir qismi sarf-xarajatlarni cheklash tarafdorlari boshqa qismi esa ularni cheklamaslik tarafdorlari bo‘lgan.

“Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar portalida 2020 yil 6 iyulda to‘y marosimlarini 30 kishilik tartibda o‘tkazilishini doimiy saqlab qolish haqida jamoaviy murojaatnoma joylashtirildi va uni shu paytgacha 10 mingga yaqin kishi o‘qib chiqqan. 24 oktyabr avgust holatiga ko‘ra, bu taklifga 3 482 nafar kishi yoqlab ovoz bergan bo‘lsa, 427 nafar kishi buni yoqlamagan, 78 kishi turlicha izohlar qoldirgan. Murojaat muallifi karantin vaqtida 30 kishilik to‘ylarni o‘tkazishga ruxsat berilgani va karantindan keyin ham to‘ylarni ham 30 kishi bilan o‘tkazishni davom ettirishni taklif qiladi.

Bir tomondan, bunday cheklov o‘rnatilishi maqsadga muvofiq emasdek ko‘rinadi. 2018 yil 29 iyunda Oliy Majlis Senatining o‘n beshinchi yalpi majlisida senatorlar xalqimizning milliy urf-odatlari, hududlarning o‘ziga xosligidan kelib chiqib, to‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazilishi borasida yagona, qatʼiy normalar belgilanishi maqsadga muvofiq emas, degan xulosaga kelishgan. Xalqimiz orasida to‘y-hasham va boshqa oilaviy tadbirlarni ixcham o‘tkazishni yo‘lga qo‘yishga muayyan meʼyoriy hujjat bilan emas, odamlar o‘rtasida keng ko‘lamli targ‘ibot-tashviqot, shaxsiy ibrat, namunali tadbirlar misolida erishish har jihatdan foydali ekanini ko‘rsatganligi qayd etiladi.

Ikkinchi tomondan, mazkur masalada jamiyatimiz o‘z-o‘zini boshqara olmayotgani hamda sarf-xarajatlar kundan-kun ko‘payib borayotganining guvohi bo‘lmoqdamiz. Xorijiy mamlakatlarda mehnat qilayotgan vatandoshlarimizni to‘y va u bilan bog‘liq boshqa xarajatlarni ko‘tarish uchun og‘ir sharoitda mehnat qilayotgani hech kimga sir emas. Shuningdek, ota-onalar topayotgan daromadlarini farzandlar salomatligini yaxshilash va ularga ilm berishga yo‘naltirsa, mamlakat rivojiga katta hissa qo‘shishlarini ham eʼtirof etish lozim.

Tarixga nazar tashlaydigan bo‘lsak, XX asr boshlarida ham to‘ylar va ularda yo‘l qo‘yilayotgan ortiqcha sarf-xarajatlarga nisbatan turlicha munosabatlar mavjud bo‘lganini hamda bu borada qizg‘in bahs-munozaralar bo‘lib o‘tganini ko‘rish mumkin. Jumladan, XX asr boshlarida Turkistonda jamiyatning taraqqiyparvar kuchlari o‘lka hayotidagi mavjud illatlarni ochiqchasiga tanqid qilib, ularni bartaraf etish yo‘llarini izlashga kirishganlar. To‘ylarda haddan ziyoda isrofgarchiliklarga yo‘l qo‘yilib, sharoitiga qaramay, to‘y qilishining oqibatida ko‘pgina kishilar qarzga botayotgan, qarzdorlar bor mol-mulki va yeridan ajralib qolayotgan edi. O‘lkada chop etilgan bir gazetada yoziladi: “Bir qancha boylarimiz haddidan ziyoda to‘ylar qilib, har bir odamga beqasam, movut, satin va boshqa qimmatbaho to‘nlar kiygizib xalqni hayron qildi. Keyin sag‘al kun o‘tmasdan o‘zlari hayron bo‘lib qoldilar, to‘y o‘tkazgandin bir oydan so‘ng, sinib, beobro‘ bo‘ladurlar”.

Turkiston jadidchilik harakatining rahbari, buyuk taraqqiyparvar Mahmudxo‘ja Behbudiy “Bizni kemiruvchi illatlar” nomli maqolasida xalqni kemiruvchi haqiqiy illat, har qanday davrdan eng og‘iri bo‘lgan to‘y va maʼrakalar butun Turkiston shaharlari va qishloqlarini qamrab, xalqni inqirozga yo‘naltirayotganini yozadi. Odamlarimiz kuniga 18-20 soat mehnat qilib, yemay-ichmay, dam olmay “o‘z qatorindagi odamlarni qilgan to‘yidan ziyodroq” to‘y qilishni maqsad qilishadi. Bunday to‘y o‘tkazishdagi musobaqalar natijasida qanchadan-qancha kishilar ishlab to‘plaganini bir-ikki kunda sovurib, yana qarz-havola qilib, bor budidan ayrilganlar. M. Behbudiy yozadi: “Katta to‘y qilib xotun olgan bechoralarning holiga yig‘lamoq kerak. Uch kunlik to‘yning azasi baʼzi oilalarda o‘n yil, hatto bir umr surar, balki bevatan va xonavayronlikka sabab bo‘lur”. Behbudiy qarzdorlarning achchiq qismati haqida yozar ekan, qarzdan qutilish uchun ular yer va hovlilarini sotishga majbur bo‘layot­ganlari, bu holat yana 20-30 yil davom etsa, yer va hovlilar ajnabiylarga o‘tib, aksar xalqimiz gadoylik darajasiga tushib qolishiga achinadi.

Gazetalardagi shu mavzudagi munozaralar ishtirokchilari bunday ayanchli ahvolga tushib qolmaslik uchun qizlarning ota-onalari kuyovning sharoitidan kelib chiqib, to‘y belgilashlari kerak, ular tufayli kuyov qarzdor bo‘lib qolmasin, degan xulosaga kelishadi. “Ey, ota-onalar va qiz yetimlar omonatdorlari insof qilib mazlumalarni tiriklay yondirmangizlar”, deb murojaat etadi.

O‘sha davr maʼlumotlarida keltirilishicha, kambag‘allar to‘yga 200 rubldan 1000 rublgacha sarflaganlar. Boylar esa to‘ylarga 5000 dan 10 000 rublgacha xarajat qilganlar. Bu o‘z davriga nisbatan salmoqli mablag‘ hisoblangan. O‘sha davrda 1 ta qo‘yning o‘rtacha bahosi 2,5-3 rubl (12,5 yoki 15 tanga) bo‘lgan. May oyida, yaʼni qo‘y eng qimmat bo‘lgan vaqti 2 yoshli qo‘ylar 7 rublgacha (35 tanga) bo‘lgan. 1 botmon bug‘doyning narxi 1,5-2 rubl bo‘lgan.

Misol uchun, manbalarda yozishilicha, uylanayotgan bir qassob unashtirish uchun quyidagilarni bo‘lajak kelin tomonga jo‘natgan: bir qozon palov, 100 ta katta non, 150 ta o‘rtacha non, 100 ta patir, 400 ta kichik non, 1 chelak nisholda, 4 ta holva, 1 savat o‘rik, 1 ta shoyi ko‘ylak (8 arshin), 1 ta shoyi ishton (4 arshin), 1 ta ro‘mol, 1 juft laklangan maxsi (kalish bilan) va 50 rubl pul.

«Katta to‘y» uchun esa 50 ta chopon, 25 ta ro‘mol, 3 o‘ram chit (27, 30 va 33 arshin), 25 ta qo‘y, 4 ta ot, 500 ta katta non, 1000 ta o‘rtacha va 2000 ta kichik non, 4 botmon guruch, 4 botmon un, 2 savat o‘rik, 1 savat qan­do­lat mahsulotlari, 5 bosh qand, 1 botmon sabzi va 500 rubl pul bergan.

1912 yilning 26 yanvarida “Turkiston viloyatining gazeti” sahifalarida Toshkent shahrining Beshyog‘och dahasi Qoratosh mahallasida yashagan Osimboy Qosimboy o‘g‘li o‘z farzandiga 4 kun mobaynida xatna to‘yi qilganligi xabar qilingan. Ushbu xabarga ko‘ra, bu to‘yga Toshkent shahrining har bir dahasidan bir necha yuz odamlar kelganligi, ziyofat uchun 6 ta ho‘kiz va 30 ta qo‘y so‘yib, 40 botmon undan non yopilib, qand, nisholda va murabbolar qo‘yilgan.

Nikoh to‘yigacha bo‘lgan sarf-xarajatlar ham kishilar gardaniga og‘ir yuk bo‘lib tushgan. Shuning uchun o‘sha davr matbuotida o‘lka aholisi orasida to‘ygacha ham ortiqcha sarf-xarajatlar ko‘payib ketganligi tanqid ostiga olingan. Jumladan, 1903 yilning 18 dekabrida “Turkiston viloyatining gazeti”dagi maqolada taʼkidlanishicha, mahalliy aholi tomonidan “betartib va befoyda” to‘ylar o‘tkazilgan. Unda to‘ydan oldingi urf-odatlar to‘g‘risida tanqidiy fikrlar aytilgan edi. Masalan, bir xonadonning qizini kelin qilmoqchi bo‘lishsa, o‘sha uyga bir xotin bir patnis meva va to‘rtta yog‘liq patir bilan borib, qizning ota-onasi bilan gaplashib, ular rozilik berishsa, mazkur xotinga oq ro‘mol o‘ratib yuborishgan. Ertasi kuni ikkala taraf ham boy bo‘lsa, yana to‘rt odam qiz tarafga kelgan va ularga ziyofat qilib berilgan, ularning har biriga movut chakmon berib yuborilgan edi. Undan keyin ertasi kuni bir lagan palov va bir lagan meva, 30ta katta yog‘liq patir hamda olti kiyimlik ipaklik va ipaksiz narsalarni ikki xotin olib borib, kechgacha qizning uyida mehmon bo‘lishgan, qaytishlarida ularga 2 jo‘ra atlas va 2 kiyimlik chit yoki farang berib jo‘natilgan.

Bunday sarf-xarajatlarga esa aholining aksariyat qismining qurbi yetmas edi. Qarz evaziga uylanib xonavayron bo‘lgan va bevatan qolgan odamlar son-sanoqsiz bo‘lib, jamiyatning haqiqiy muammolaridan biriga aylangan edi.

To‘y va maʼrakalardagi ortiqcha mablag‘ sarflashga qarshi bo‘lganlar to‘ylardagi isrofgarchiliklar islom shariatiga ham to‘g‘ri kelmasligini taʼkidlashadi. Chunonchi, Abdurauf Fitrat “Oila yoki oila boshqarish tartiblari” nomli asarida ushbu rivoyatni keltiradi:

“Muhammad Payg‘ambar (s.a.v.) dedilar: “To‘yda birinchi kunning taomi haq, ikkinchi kunning taomi sunnatdur, lekin uchinchi kunning taomi riyodir”. To‘yni bir-biridan qolmaslik uchun qilganlarga qarata A.Fitrat ushbu rivoyatni keltiradi: “Nabiy-alayhis-salom dedilar: “Ikki odam bir-birlaridan o‘tish uchun to‘y va ziyofat qilsalar, birontasinikiga bormanglar, ularning taomlaridan yemanglar”. U odam har bir odat va rusmning zarari yoki foydasini o‘ylab, keyin harakat qilishi lozim, degan xulosaga keladi.

Jadidlar o‘z matbuotida bunday to‘y va maʼrakalar o‘tkazish xalqning ilmsizligidan bo‘lib, dunyoning hech bir millatida bu hol uchramasligini taʼkidlaydi. Qolaversa, Qurʼon Karim va Hadisi shariflarimizdagi qoidalarga to‘g‘ri kelmaydigan holatdir, deb tushuntiriladi.

Jadid taraqqiyparvarlar to‘y marosimlarini isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymasdan, kichik qilib o‘tkazishni va ortiqcha pullarni bolalarni o‘qitishga sarflashni taklif etadilar. Bu pullarni yoshlarni Makka, Misr, Istanbul, Rusiya dorilfununlariga diniy va dunyoviy bilimlarni egallashga jo‘natish uchun sarflashga chaqirganlar, millat yoshlaridan jamiyat taraqqiyoti uchun xizmat qiladigan turli kasb egalarini, huquqshunos, muhandis, muallim, tijoratchilar hamda bank xodimlari tayyorlashga undaydi. M. Behbudiy shu pullardan bolalar uchun tarbiyat­xona (pansion) ochishni taklif etadi, bunday pansionlar ochish uchun jamiyat tuzish kerak, bu jamiyat odamlardan pul yig‘ib millat bolalarini o‘qitishi kerak. Gazeta sahifasidagi maqolalarda xatna, nikoh to‘yi va dafn marosimlarida sarflanayotgan minglarcha pullarni millat istiqboli uchun xizmat qiladigan maktab, madrasa va dorilfununlar tashkil etishga ishlatish kerakligi qayta qayta takrorlangan.

Milliy matbuot sahifalarida millat uchun zararli bo‘lgan bunday illatlar tez-tez tanqid ostiga olinadi va xalq millat manfaati uchun xizmat qilishga daʼvat etiladi. O‘sha davr gazetalaridan birida milliy jaridalarimiz (gazeta) davom etib tursa, bu bidʼatlarimiz ham yo‘q bo‘lib ketar deb, milliy matbuotdan katta umid qilgan.

Ayniqsa, 1914-1915 yillarda chop etilgan “Sadoi Turkiston” va “Sadoi Farg‘ona” gazetalarida bu borada o‘tkir fikrlar bildiradi va millatni asrlar bo‘yi davom etayotgan uyqudan uyg‘otishga harakat qiladi. “Sadoi Turkiston” gazetasi tahririyatiga Turkistonning turli joylaridan xat va xabarlar kelib turgan. Qo‘qon shahridan jo‘natilgan xabarda shaxsiy manfaatini millat manfaatidan ustun qo‘yuvchi kishilar minglab rubl sarflab to‘y qilishni xalq orasida targ‘ib qilganligi taʼkidlanadi. Chunki bunday kishilar o‘zi bundan manfaatdor bo‘lib, ular har yili to‘ylarda chopon kiyishidan 300-400 rubl foyda qilgan.

Jamiyatning ilg‘or fikrli kishilari bu urf-odatlarni isloh qilish tarafdori bo‘lsa, mahalliy aholining aksariyat qismi bunga tayyor emas va milliy to‘yga qarshi turuvchilar so‘ziga kirmay, katta to‘y qilgan boylarga hamdu sanolar o‘qishda davom etayotgan edi. Muallifi nomaʼlum bu xabarda Toshkentning katta boylaridan biri Qori boy sunnat to‘yiga 5000 nafarga yaqin odam chaqirib, 3 kungacha osh bergani, to‘y kechalari xotinlar majlisida o‘yinchi, ashulachi, yallachilar chaqirilgani maqtab o‘tilgan edi.

Turkiston taraqqiyparvarlari nafaqat davriy matbuotdagi chiqishlari bilan emas, balki to‘y va maʼrakalar islohini amalda ham qo‘llashga harakat qilgan edilar. Turkiston jadidlarining rahnamolaridan Mahmudxo‘ja Behbudiy 1909 yil 15 aprelida Maqsud Xo‘ja ismli o‘g‘liga xatna to‘yi qilib 1000 rubldan ham kam pul sarflagan. To‘yga ketadigan ortiqcha sarf-xarajat o‘rniga Samarqanddagi kutubxonaga kitoblar xarid qilgan, bu kitoblar Rossiya va Turkiyadan keltirilgan. 1909 yilning 13 mayida “Turkiston viloyatining gazeti”da M.Behbudiy o‘tkazgan to‘yga Samarqand ahlining munosabati ikki xil bo‘lganini yozar ekan, baʼzilar M.Behbudiydan o‘rnak olish kerakligini taʼkidlasa, boshqalar uning boyligi va obro‘sini hisobga olib kamida 2000-3000 rubl sarflashi kerak edi, deb tanqid qiladi. Bu misol jadidlarning bu bidʼatga qarshi kurashda ham o‘rnak bo‘lganligini va millat manfaatini ko‘zlaganligini ko‘rsatadi.

Ulardan o‘rnak olib, dabdabali to‘yga ketadigan mablag‘larning maʼlum bir qismini maktablar ochishga sarflagan kishilar ko‘payadi. Masalan, Munavvar Alifkor o‘g‘liga xatna to‘yi o‘tkazishda sarf-xarajatni kamaytirib, uning o‘rniga maktab qurdirgan. Shuningdek, Mirzo Hamdam Og‘olikov ham marhum otasi tomonidan taʼmirlangan masjiddagi maktabni yangicha usulda qurishga kirishgan. 1914 yil 3 mayda namanganlik boylardan Isʼhoqjon Mirsolihboy o‘g‘li farzandiga xatna to‘yi qilishni maslahatlashish uchun tujjorlarni chaqiradi, ular bilan maslahatlashgan holda to‘yga sarflanadigan puldan 2000 rublini maktab o‘quvchilari uchun mevalik bog‘ yaratishga va maktabga sarflashga ahd qiladi.

To‘ylar islohi haqidagi bunday xabarlar “Sadoi Farg‘ona” gazetasi tahririyatiga tez-tez kelib turgan. Chunonchi, 1915 yilda Qo‘qon tujjorlaridan Hoji Muhammadjon va mulla Yusuf Attor besh-olti nafar odamni chaqirib bir tovoq osh ila ziyofat qilib o‘g‘illarini xatna qilganlar.

Shuni aytish lozimki, bu davrda Turkistonning baʼzi boy kishilari to‘yga munosabatlarini o‘zgartira boshlashdi. Masalan, Toshkentlik Saidazimboy “meva to‘y”ni bekor qildi, yaʼni to‘yda quruq mevalar tarqatilishini bekor qildi. N.S.Likoshinning yozishicha, o‘sha davrda mushakbozlik bilan to‘y qilishgan, savdogarlar to‘ydan keyin alohida “savdogar to‘y” o‘tkazishgan bo‘lsa, XX asrning boshiga kelib bu odatlar barham topdi.

Turkiston jadidlari faqat matbuot orqali emas, balki teatr ko‘rinishlari orqali ham to‘y va maʼrakalardagi isrofgarchiliklar, ularning moddiy va maʼnaviy zararlarini ko‘rsatib, xalq ongiga singdirishga harakat qilganlar. 1915 yil 21-24 yanvarda Toshkent va Namangan ko‘ngilli teatr havaskorlari tomonidan Hoji Muinning “To‘y” fojeasi sahna tomoshasi qo‘yilgan. Xalq bu tomoshani mamnuniyat bilan tomosha qilgan.

1917 yil fevral inqilobidan keyin esa Turkiston taraqqiyparvarlarining tashkiloti “Sho‘roi Islomiya” tomonidan to‘y va maʼrakalarni tartibga solish to‘g‘risida aprelda qarornoma eʼlon qilingan. “Sho‘roi Islomiya”ning 1917 yil 22 aprel­dagi umumiy majli­si­da bu tadbirlarni amalga oshirish uchun komissiya tuzilgan. Kommissiya tarkibiga Said Ahrorxon Mahsum, Murod Xo‘ja Eshon, Hamid Xo‘ja Eshon, Abdulsamig‘ Qori kiritildi. Komissiya aʼzolari oldiga to‘y va maʼrakalarni dabdabali qilmasdan, isrofgar­chi­likka yo‘l qo‘ymasdan o‘tkazish tartiblarini xalqqa yetkazish vazifasi qo‘yilgan edi.

Qarornomada nikoh to‘ylarida kichik to‘y, qozon qaytarish, katta to‘y-bazmlar, yuz ko‘rar, hayitlarda mol so‘yib kelin ko‘rish, qiz oshi berish, ayollarning har biriga alohida non va osh tortish, sandiqda yillar davomida saqlanadigan gulko‘rpa va boshqa foydasiz mollar, aravalarga g‘alla va boshqa narsalar ortib to‘y yuborish, qalin olish va shunga o‘xshash isrofgarchiliklarga barham berish kerakligi taʼkidlanadi. Bularning o‘rniga kelin va kuyov tomondagilar kiyim va zarur uy-ro‘zg‘or buyumlarini kelishib xarid qilishi, nikoh kuni kuyov o‘z do‘stlari va mahalla kishilari bilan karnaysiz, faqat surnay bilan borib nikoh qilishi va kelin tomondagilar o‘z qarindoshlari bilan kelinni olib borishi belgilanadi. Qarornomada kuyov bilan boradigan odamlar soni 20-40 kishidan oshmasligi, kelin bilan boradigan ayollarning soni 10-20 tadan oshmasligi aytiladi. Chorlari ham bir martagina qilinib, unda ikkala tomondan ham 10 tadan ortiq kishi bormasligi tayinlanadi. Chorlarida taom tugib olib ketish uchun emas, faqat shu yerda yeyish uchun tayyorlanishiga, beshik to‘yi va chillagarazonlarni butunlay yo‘qotishga qaror qilinadi.

“Sho‘roi Islomiya” majlisi qabul qilgan qarorida o‘g‘il to‘ylarni ham ixcham qilib o‘tkazish ko‘zda tutiladi. Unda yozilishicha, faqat davlatlik kishilar ulamo va imomlarni chaqirib, kichikroq bir mavlud o‘tkazish va faqir kishilar mahalladan uch-to‘rt kishini chaqirib o‘g‘illarini xatna qildirishlari kerak edi.

“Sho‘roi Islomiya” boylarga murojaat qilib, mavludlarni ham tejamkorlik bilan amalga oshirib, to‘yga atagan pul va g‘allalarni mahallalaridagi och va yalang‘och, uy-joysiz va bechoralarga, maktab va madrasalarga, xayriya jamiyatlariga bersalar maqsadga muvofiq bo‘li­shini taʼkidlagan. Bu tartiblarga amal qilmaganlarning to‘ylarini to‘xtatib, o‘zlarini qoziga topshirish va jazolashga qaror qilingan.

 Xulosa qilib aytish kerakki, XX asrning boshlariga kelib, Turkistonda matbuot sahifalaridan turib, jamiyat taraqqiyotida to‘siq bo‘luvchi illatlardan biri to‘ylardagi isrofgarchiliklar bo‘lib, bu jamiyatning ilg‘or kishilari tomonidan tanqid ostiga olingan. Bunda maʼrifatparvarlarning roli alohida ahamiyatga ega edi. Ular to‘ylarni musobaqaga aylantirmay, mablag‘larni behudaga sarflamaslikni, undan ko‘ra, bu mablag‘larni millat taraqqiyoti yo‘liga – yoshlarga ilm berishga sarflashga daʼvat etganlar.

Muallif: Sanobar Shodmonova – tarix fanlari doktori, professor, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix institutining yetakchi ilmiy xodimi

Manba