General Do‘stum Afg‘oniston tarixidagi ilk o‘zbek marshaliga aylandi

Shu kunlarda dunyo axborot agentliklari eʼtibori yana bir karra Afgʻonistonning oʻzbek millatiga mansub harbiy va siyosiy arboblaridan biri – Abdul-Rashid Doʻstumga qaratildi. Abdul-Rashid Doʻstumning tarjimai xoli – murakkab va yorqin, mushkul voqealarga boy. 

Abdul Rashid Do’stum Afg’oniston shimolidagi Juzjon viloyatining Xo’jadukka tumanida tug’ilib o’sgan. Uning otasi oʻzbek, onasi esa turkman boʻlgan. Qirq yildan ortiq Afg’onistonda harbiy-siyosiy sohada faoliyat olib boradi.

Afgʻon urushi

1979-1989 yillarda Afgʻoniston urushi davrida Doʻstum 53-sonli hukumat qoʻshinlari diviziyasi qoʻmondoni etib tayinlangan, unda oʻzbek millatiga mansub koʻplab askarlar boʻlgan. U prezident Muhammad Najibulloh boshchiligidagi sovet tuzumi tarafdori boʻlgan afgʻon hukumatini har tomonlama qoʻllab-quvvatlagan, davlatni federalizatsiya qilish  chaqirigʻi bilan chiqqan “Afgʻoniston milliy islomiy harakati”ga rahbarlik qilgan. 1989 yil 10 iyulda Doʻstum general-mayor unvonini olgan.

1992 yil, sovet hukumati tarafdori boʻlgan rejim qulagach, u poytaxti Mozori-Sharif boʻlgan va toʻrt viloyatni oʻz ichiga olgan Afgʻonistonning mustaqil shimoliy mintaqasiga rahbar boʻldi. Birozdan soʻng u hududga “Doʻstumiston” nomi berildi, bu hududning oʻz hukumati va 65 ming kishilik qurollangan armiyasi bor edi.

1996 yilda mintaqa toliblarning afgʻon hukumatiga qarshi chiqqan ikkinchi Shimoliy Ittifoqning tarkibiga kirdi, ammo 1997 yil mayda Doʻstumistan toʻxtatildi va toliblar hukmronligiga oʻtdi, ushbu mintaqadagi ikkinchi shaxs Malikning xiyonati tufayli Doʻstum Turkiyaga emigratsiya qilishga majbur boʻldi.

Abdul-Rashid 1997 yil sentyabrda Malik yana Shimoliy Ittifoq tomoniga oʻtib, Doʻstumistonni ozod qilganidan keyin oʻz vataniga qaytdi. Toliblarning Doʻstumistonga ikkinchi hujumi 1998 yil avgustida yuz berdi. Doʻstum yana mamlakatni tark etishga majbur boʻldi – u Oʻzbekistonga yoʻl oldi. U 2001 yilda, toliblar magʻlubiyatidan keyin qaytib keldi va yangi hukumat tarkibiga kirdi, shu yilning dekabr oyida esa Hamid Karzay boshqaruvi paytida Afgʻoniston mudofaa vazirining oʻrinbosari etib tayinlandi.

Prezidentlikka nomzod

2004 yilda Doʻstum prezidentlikka oʻz nomzodini qoʻydi, ammo atigi 10 foiz ovoz yigʻib, toʻrtinchi oʻrinni egalladi. Undan keyin u Afgʻoniston Qurolli kuchlari oliy qoʻmondonligi shtab boshligʻi lavozimiga tayinlandi. Biroq, 2008 yilda Abdul-Rashid sobiq ittifoqchisi Akbar Boyga hujum qilganlikda ayblanib, lavozimidan chetlatilib, surgun qilindi.

Bir yil oʻtgach, Doʻstum Afgʻonistonga qaytib keldi va uning siyosiy hayotida faol ishtirok etdi. 2009 yil oxirida u avvalgi lavozimiga qayta tiklandi, 2014 yilda esa birinchi vitse-prezident etib saylandi.

General Abdul Rashid Doʻstumning Afgʻonistonning katta siyosatiga qaytishi Markaziy Osiyo mamlakatlarida katta qiziqish uygʻotmoqda. Doʻstum rus tilini juda yaxshi biladi, shuningdek, ona tili – oʻzbek, pushtu va dariy tillarida ham soʻzlashadi. 

Birinchi o‘zbek marshali

Afg’onistonda yashovchi turkiy xalqlar sardori sifatida tanilgan o’zbek lider Abdul Rashid Do’stumga marshallik harbiy unvoni berilishi o’zbek jamoasi tomonidan qizg’in kutib olindi. Ba’zilar Do’stum siyosiy bir kelishuv asosida marshal bo’ldi desa, boshqalar marshal bo’lish Do’stumning haqqi edi, u shunga loyiq, deya urg’u bermoqda.

Rossiyalik sharqshunos, siyosatshunos, tarix fanlari doktori Aleksey Malashenko Doʻstumning marshallik unvoni Kobul va Toshkent uchun juda koʻp ijobiy tomonlari borligiga ishonadi.

“Doʻstumga marshal unvoni berilgani Gʻani va Abdulloh kelishib olganining daraklaridan biridir. Buni tan olinmagan prezident uchun oʻziga xos gʻalaba deb atash mumkin, chunki u hokimiyatga Ashraf Gʻanining oʻzi singari pushtunni olib kelmadi. Shu bilan birga Doʻstumning ulkan harbiy tajribasi va uning oʻzbeklar, tojiklar va Markaziy Osiyo xalqlarining boshqa vakillari yashaydigan Afgʻonistonning katta qismiga taʼsirini unutmaslik kerak”,deya taʼkidladi ekspert.

Afgʻoniston tarixida Do’stumdan avval ikki marshal bo’lgan. Do’stum mamlakat tarixidagi uchinchi va o’zbeklardan birinchisidir.