Ikki qayiqni boshqarayotgan murabbiylar yoxud bundan qaysi tomon jabr ko‘radi?

Bu mavzu har bir davrda dolzarbligini yo‘qotmagan, diqqat markazida bo‘lib kelgan.

Keling ayni vaqtda turli yoshdagi terma jamoalarimizda faoliyat olib borayotgan murabbiylarni bir eslab o‘tsak. Pasdan boshlaymiz, o‘smirlar terma jamoamizni “Paxtakor” akademiyasidagi faoliyati bilan tanilgan Olim Shokirov boshqarmoqda. Yoshlar terma jamoamiz esa bir vaqtning o‘zida uchta joyda ishlayotgan Timur Kapadze qo‘lida. Milliy terma jamoamiz esa “Bunyodkor”da mehnat qilib kelayotgan Vadim Abramov, olimpiyachilarimizga qiyin holatda “Surxon” bilan natija ko‘rsatishga intilayotgan Ravshan Haydarov ustozlik qilmoqda. Har bir yosh toifasidagi murabbiylarimiz bir vaqtda ikkita, uchta kemani boshqarishni uddasidan chiqishmoqda. Bizni bunga eʼtirozimiz yo‘q, omadini bersin. 

Gap shundaki bu tajribadan bundan bir necha yillar oldin futbolimiz juda ko‘p va xo‘p jabr ko‘rgan. Ikki kemani boshini ushlayotgan murabbiylar bilan terma jamoalarimiz biron bir natijaga erishganini ko‘rmaganmiz. Uzoqqa bormaymiz, yaqin yillarga nazar tashlaymiz va bugungi davrga bog‘laymiz. Ikki jamoani boshqara olmasligiga ko‘zi yetmagan Mirjalol Qosimov terma jamoa manfaati uchun ikki marotaba “Bunyodkor”dagi ishini yig‘ishtirishga majbur bo‘lgandi. Birinchisi JCH-2010 saralash bosqichida, ikkinchisi Osiyo kubogi-2015 tayyorgarlik jarayonida. Orada olimpiya terma jamoasini ham Incheondagi Osiyo o‘yinlariga tayyorlagan va turnirga olib borgani esimizda. Biroq, shunday murabbiylar bo‘lganki ikki jamoani ham birvarakayiga boshqarishga o‘zida kuch topa olgan yoki nimadir qila olishiga ishongan. Yakunda esa hech vaqosiz qolgan. Achinarlisi o‘sha paytdagi xatoni hozir ham takrorlamoqdamiz. Bir xatoga ikkinchi marotaba yo‘l qo‘yish bizga nima bera olishini tushunish qiyin. 

Vadim Abramov. Ayni vaqtdagi terma jamoamiz bilan birgalikda “Bunyodkor”da ham ishini davom ettirayotgan mutaxassis uchun bu holat begona emas. Abramovni paytida “Traktor” va O‘zbekiston olimpiya terma jamoasini barobar boshqargani yakunda bizni Pekin olimpiyadasidan quruq qoldirgandi. Xuddi shunaqa vaziyat 2011 yil ham takrorlandi, natija esa yana o‘sha olimpiyachilarimiz London ostonasidan ortga qaytishga majbur bo‘lishdi. BAA bilan hal qiluvchi o‘yinga olimpiya terma jamoamiz qay holatda yetib kelganini yaxshi eslasangiz kerak. Endi bugungi kunda Abramovning ham  klub ham terma jamoada ishlayotgani yana bir bor qaysidir tomonning zarariga ishlamasa bo‘lgani. O‘tgan yili “qaldirg‘ochlar” bilan bronza medallariga ega chiqqan Abramovdan klubdagilar bu yil kamida shu natijani kutishadi. Lekin, oktyabr va noyabr oylarida u yana terma jamoa bilan band bo‘ladi. Agarda JCH saralash bahslari yanvar yoki fevral oylarida o‘tadigan bo‘lsa “Bunyodkor” qiyin ahvolda qolishi mumkin. Abramov unga qadar katta urg‘uni terma jamoaning tayyorgarligi va yig‘inlarga qaratadi. 

Olimpiya terma jamoamizni yangidan shakllantirish ustida ish olib borayotgan Ravshan Haydarov ham ikki jamoani boshqarishda davom etmoqda. Fikrimizcha “Surxon”dagi vaziyat ayni vaqtda murakkab ko‘rinish olgan. Jamoa turnir jadvalining quyi o‘rinlaridan birini band etib turibdi. Ikkinchi davrada esa yana-da qiyin bo‘lishi tayin. Ham klub, ham terma jamoada ishlash Ravshan Haydarov uchun yangilik emas. 2000 yillarni boshida mutaxassis “Paxtakor” va milliy terma jam  oamizda faoliyat olib borganidan xabarimiz bor. Ayni vaqtda vaziyat boshqacha, to‘g‘ri olimpiya terma jamoamiz bundan hech qanday zarar ko‘rmasligi mumkin. Ammo, Haydarov hozir ko‘proq “Surxon”ga kerak deb o‘ylayman. 

Yoshlar terma jamoamiz bilan Tojikistonda yig‘in o‘tkazayotgan Timur Kapadze bir necha kun oldin “Lokomotiv”da Andrey Miklyayevga assistent etib tayinlandi Shuningdek uni milliy terma jamoamizda Vadim Abramovga ham yordamchi ekanligini unutmasligimiz lozim. Bundan ko‘rinib turibdiki Kapadze ikki emas, uchta jamoaning ishini olib borishiga to‘g‘ri keladi. Yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionati va JCH-2022 saralash bahslari qishda issiqroq mamlakatda o‘tishini tahmin qiladigan bo‘lsak Kapadze uchun oson bo‘lmagan davr kutayotganini sezishi mumkin bo‘ladi. “Lokomotiv” o‘zining birinchi o‘yinini 10 sentyabr kuni o‘tkazadi, Kapadze esa yig‘inni 7 sentyabr kuni yakunlab 8 sanada qaytadi. Ko‘rinib turibdiki unda “Lokomotiv”da Miklyayevga yordam berish uchun hech qancha vaqt bo‘lmaydi. Bir tomondan yoshlar terma jamoasi, seleksiya ishlarini nihoyatda puxta olib borish talab etiladi bunda.

2005-2006 yillarda tug‘ilgan futbolchilardan iborat O‘zbekiston U 14 terma jamoasini qo‘liga olgan Server Jeparov mana ikkinchi yig‘indirki Vadim Abramovga milliy terma jamoada yordam berib kelmoqda. Bilishimizcha u terma jamoada Timur Kapadzening o‘rnini vaqtincha to‘ldirib turibdi. Savol Mirko Yelichich qayerga yo‘qolib qoldi? Achinarlisi Abramov shu vaqtgacha o‘zining aniq murabbiylar shtabini shakllantirib ulgurmagani. Hozirda uning shtabidagi barcha murabbiylar terma jamoa yig‘inidan keyin o‘z jamoalariga yoki klublarga yo‘l olishadi. O‘z vaqtida milliy jamoada Qosimovga Shuhrat Maqsudov, Aleksandr Volkov, Baxtiyor Ashurmatov yordamlashgan. Ularning aniq vazifalari bo‘lardi, Ashurmatov raqiblarni o‘rganish uchun maʼlumot topib kelardi, Maqsudov va Volkov jismoniy holat ustida ish olib borardi. Babayan uchun esa Jurjevich va Jalilov xuddi shu vazifani bajarardi. 

Unutila yozgan O‘zbekiston ayollar terma jamoasi bosh murabbiyi Bahrom Norsafarov ham hozirgi kunda “Sevinch” klubini boshqarayotganini aytib o‘tish joiz. 

Terma jamoalarimizda faoliyat olib borayotgan murabbiylarning hech birining eʼtibori va diqqati faqat terma jamoaga yo‘naltirilmagan. Ular terma jamoa bilan birga o‘z klublari haqida ham qayg‘urishlariga to‘g‘ri keladi. O‘FA terma jamoalar markazi yoki rahbarlar bunga qanday qaramoqda? Balki, yetarlicha maosh to‘lanmayotgandir? Yuqorida taʼkidlaganimdek bundan qaysidir tomon pand yeb qolishi hech gap emas. Ikki jamoaning o‘rtasida turgan mutaxassislar haqida maqolani O‘tkir Hoshimovning quyidagi so‘zlari bilan yakunlayman. “O‘rtadagi odam havfli odam. Ham bolg‘adan, ham sandondan zarba yeydi“.

Abdulaziz Iskandarov.

 Manba: championat.asia