Ivan Urgant migrantlarni haqorat qilishi qirgʻizistonliklarni gʻazabga soldi

Rossiya ommaviy axborot vositalarining Moskvadagi qirgʻiz ishchi-migrantlari jamoasini obroʻsizlantirishga qaratilgan soʻnggi urinishi qirgʻizistonliklarning gʻazabini keltirib chiqargan.

30-aprel kuni Kreml nazoratidagi “Birinchi kanal” telekanalining “Vecherniy Urgant” koʻrsatuvi boshlovchisi Ivan Urgant Rossiyaning “Soyuzmultfilm” kinostudiyasi mashhur sovet multfilmi qahramoni Cheburashka uchun berilgan mualliflik huquqlarini qaytarib olish niyatida ekanligini aytgan.

Yapon kompaniyasi bu huquqlarni 16 yil oldin sotib olgan va ularga 2023-yilga qadar egalik qiladi, deb xabar bergan TASS aprel oyida.

Agar yaponlar muddatidan avval bu huquqlardan voz kechishsa, Tokio buning evaziga “Kuril orollarini talab qilishi mumkin”, deb hazilini davom ettirgan Urgant.

Kuril orollari – Rossiya ham, Yaponiya ham daʼvogarlik qilayotgan bahsli hududlardir.

Qizil armiya urushning soʻnggi kunlarida orollar zanjirini istilo qilgani sababli, Yaponiya Ikkinchi jahon urushidan keyin Sovet Ittifoqi bilan tinchlik shartnomasini imzolamagan edi. Barcha orollar hanuzgacha Rossiya nazorati ostida qolmoqda.

Urgant bitim uchun boshqa shartlarni taklif qilgan.

“Siz bizga Cheburashkani berasiz, biz esa sizga Moskvadagi yapon restoranlarining ofitsiantlarini qaytaramiz”, dedi u qirgʻizistonlik mehnat muhojirlarini nazarda tutib.

“Shu tariqa biz ikkita xayrli ish qilgan boʻlamiz – Cheburashkani oʻz vataniga qaytaramiz va Qirgʻiziston aholisining yarmi nihoyat Tokioni koʻrishadi”, dedi Urgant kinoya bilan.

Bu gaplar uylariga qaytgan qirgʻizistonliklar uchun kulgili boʻlmadi.

“Kamsitish”

Urgant nooʻrin hazil qildi, deydi Milliy tasviriy sanʼat muzeyining sobiq direktori, bishkeklik Mira Jangaracheva.

“Qirgʻizlar oʻz oilasini boqish uchun halol mehnat qilmoqda, buyam yetmagandek shu kabi odamlarning haqoratiga chidashi kerak”, dedi 15 yil davomida BMT Taraqqiyot dasturida ishlagan Jangaracheva.

“Bunday hazillarni oʻylab topadiganlar krepostnoylik huquqi bekor qilinmagan deb oʻylaydilar, shekilli”, deb yozadi Twitter foydalanuvchisi Umay Arikova.

Rossiya teleboshlovchisining soʻzlarida yaqqol irqchilik alomatlari bor, dedi Qora-boltada yashovchi Sagʻinbek Jamanbayev.

“Bunday teleboshlovchilar omma fikrga taʼsir qila oladilar va bizga nisbatan negativ munosabatni shakllantiradilar. Urgant hamkasbi Malaxov singari gapirgan gaplari uchun uzr soʻrashi kerak”, dedi Jamanbayev.

Oʻtgan yilning sentyabr oyida “Rossiya-1” davlat telekanalining “Jonli efir” koʻrsatuvchi boshlovchisi Andrey Malaxov hech qanday dalillar keltirmay, Moskvada ishlayotgan qirgʻizistonlik taksi haydovchisi Islombek Akbarov Rossiya fuqarosini oʻldirish uchun yollanganini aytgan edi.

Oʻtgan iyul oyida Moskva markazida rossiyalik oligarx Vladimir Marugovning oʻgʻli Aleksandr Marugov mingan motosikl katta tezlikda qirgʻiz fuqarosi boshqaruvidagi taksiga borib urilishi oqibatida rossiyalik halok boʻlgan edi. Tergov natijasida Malaxovning ayblovlari oʻz tasdigʻini topmagan.

Yanvar oyida Akbarov halokatli yoʻl-transport hodisasidagi ishtiroki uchun ikki yillik qamoq jazosiga hukm qilindi, deb xabar bergan 24.kg nashri Qirgʻizistonning Rossiyadagi elchixonasiga tayanib.