Koronavirus vaksinasiga oid tadqiqotlarni xakerlar o’g’irlashga urindilar

Xitoy qoʻllovidagi xakerlar COVID-19ni davolash hamda unga qarshi vaksina bilan bogʻliq tadqiqotlar va intellektual mulkni oʻgʻirlashga uringani maʼlum boʻldi. Chorshanba (13-may) kuni AQSH rasmiylari sogʻliqni saqlash va ilmiy tadqiqotchilarni bu haqda ogohlantirganlar.

AQSH Federal qidiruv byurosi (FQB) hamda Kiberxavfsizlik va infratuzilma xavfsizligi agentligi (CISA) kasallikni oʻrganayotgan tashkilotlarni “Xitoy xalq respublikasi tomonidan tarmoqning nishonga olinishi va buzilishi ehtimoli” haqida ogohlantirgan.

“Ular COVID-19ni tadqiq qilish bilan shugʻullanayotgan tarmoqlar va xodimlardan vaksinalar, ularni qayta ishlash va sinash bilan bogʻliq intellektual mulk va tibbiyotga oid qimmatli maʼlumotlarni aniqlash va ularni noqonuniy ravishda qoʻlga kiritishga uringanlar”, deyiladi bayonotda. 

“Xitoyning ushbu sohalarga qaratilgan xatti-harakatlari mamlakatimizning COVID-19ga qarshi choralari uchun jiddiy tahdiddir”, deyiladi unda. 

FQB va CISA “COVID-19 bilan bogʻliq materiallarning oʻgʻirlanishi yoki yashirincha koʻrilishining oldini olish uchun ushbu sohalarda tadqiqot olib borayotgan barcha tashkilotlarni kiberxavfsizlikni taʼminlash va insayderlik xavfiga qarshi kurash boʻyicha maxsus ehtiyot choralarini koʻrishga chaqirgan. 

“Xitoy bunday tuhmatga keskin norozilik va qatʼiy qarshilik bildiradi”, dedi Xitoy tashqi ishlar vazirligi vakili Chjao Litszyan payshanba (14-may) kuni bayonotga javoban. 

Bu bayonot dunyo boʻylab oʻnlab kompaniyalar, tashkilotlar va mamlakatlar koronavirusning tarqalishini toʻxtatish uchun vaktsina ishlab chiqish ustida tinmay ish olib borayotgan paytda yangradi. Xitoyda paydo boʻlgan virus tufayli shu kunga qadar dunyo boʻyicha kamida 292 ming odam oʻlgan. 

Kiberhujumlar va dezinformatsiya

Bu ogohlantirishlar Eron, Shimoliy Koreya, Rossiya va Xitoy hukumati qoʻllovidagi xakerlarni soxta xabarlar yoyinlashdan tortib, ishchilar va olimlarni nishonga olish kabi koronavirus pandemiyasi bilan bogʻliq zararli faoliyatda ayblovchi xabarlarning davomi boʻldi. 

Oʻtgan hafta Britaniya va AQSH “koʻp hollarda boshqa davlat subyektlari bilan aloqador” uyushgan jinoyatchilar tomonidan sogʻliqni saqlash sohasidagi mutaxassislarga qarshi kiberhujumlar soni koʻpaygani haqida ogohlantirgan edi. 

CISA va Britaniya milliy kiberxavfsizlik markazi keng miqyosli “parollarni purkash” usuli qoʻllanganini aniqladilar – bu sogʻliqni saqlash idoralari va tibbiy tadqiqot tashkilotlariga qaratilgan, keng tarqalgan parollar yordamida hisobga kirishga urinishdir. 

Bu orada Xitoy va Rossiya rejimlari koronavirus pandemiyasi haqida yolgʻon maʼlumotlar tarqatish boʻyicha hamkorlikni jadallashtirganlar

“COVID-19 inqiroziga qadar ham biz Rossiya va Xitoy Xalq Respublikasi oʻrtasida tashviqot sohasida muayyan darajada muvofiqlashtirish borligini aniqlagan edik”, dedi AQSH Davlat departamentining global hamjihatlik markazi koordinatori Leya Gabriel. 

“Ammo pandemiya vaqtida bu hamkorlik jadallashdi”, deb aytgan u 8-may kuni jurnalistlarga AFP xabariga koʻra. 

Markaz maʼlumotlariga koʻra, Xitoy rejimi oʻzining pandemiyaga qarshi kurashini himoya qilish boʻyicha onlayn kampaniyani faollashtirgan va AQSHni tanqid qila boshlagan. 

“Pekin real vaqtga moslashib, Moskva anchadan beri qoʻllab kelayotgan usullardan keng foydalanmoqda”, dedi Gabriel. 

Shu oy boshida turli razvedka idoralarining hisobotlarida aytilishicha, Xitoy virus haqidagi xabarlarni yashirib, haqiqatni gapirgan shifokorlarning ovozi oʻchirish yoki ularni “gʻoyib boʻlishga” majburlashgacha borgan, laboratoriyalarda COVID-19 dalillarini yoʻq qilish va vaksina ustida ishlayotgan olimlarga virus namunalarini berishdan bosh tortgan edi.