Markaziy Osiyodagi suv munosabatlari: tarix va istiqbol

Markaziy Osiyo – suv resurslariga qaram bo‘lgan eng ko‘hna sivilizatsiya – tamaddunlardan biri.

Odatda Orol dengizi havzasi deb ataladigan mintaqani ikkita yirik daryo – Amudaryo bilan Sirdaryo suv bilan taʼminlaydi. Mintaqa tarixida suv resurslari har doim ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotning asosiy tayanchi bo‘lgan. Markaziy Osiyoning osmono‘par tog‘lari, vodiylari va bepoyon cho‘llari ko‘hna shaharlar barpo etilishi, tamaddunlar paydo bo‘lishi, biroq ularning suv yetishmasligi, bog‘lar va sug‘oriladigan yerlar cho‘lga aylanib ketishi oqibatida yo‘q bo‘lib ketishiga ko‘p marta guvoh bo‘lgan. Orol dengizi havzasidagi har qanday tamaddun yashab qolishining asosiy sharti suvdan qay darajada foydalana olgani bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan.

Suv bugungi kunda ham Markaziy Osiyodagi ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotning asosiy omili bo‘lib qolmoqda. Iqlim quruqligi va suv taʼminoti infratuzilmasi rivojlangani sababli mintaqa haligacha suv resurslariga qattiq bog‘lanib qolgan. Suv mavjudligi iqtisodiy taraqqiyot, ijtimoiy uyushqoqlik va siyosiy barqarorlikni belgilab beradi.

JORIY VAZIYAT

Markaziy Osiyo suv resurslarining yillik hajmi taqriban 116 km3 ni tashkil etadi va shuning 90 foizi ikkita yirik daryo tizimi: Amudaryo va Sirdaryodan hosil bo‘ladi. Mintaqadagi yer osti suvlari hajmi taxminan 43,49 km3 dir. Suv resurslarining 80 foizidan qishloq xo‘jaligida foydalaniladi, deyarli 7-8 foizidan esa sanoatda, qolgan qismidan esa ro‘zg‘orda, xizmat ko‘rsatish sohasida va boshqa maqsadlarda foydalaniladi.

Orol dengizi 1977/2013 yillar

Mintaqada suvdan tejamay-tergamay foydalanishning ekologik oqibatlari nimalarga olib kelayotgani yaxshi maʼlum. Sovet davrida ekologiya ehtiyojlari uzoq vaqt nazar-pisand qilinmay kelgani Orol dengizi qurishiga sabab bo‘ldi. Dunyodagi hajmi jihatidan to‘rtinchi o‘rinda turuvchi ko‘l qurib qolib, o‘rnida 5 million gektarlik yangi cho‘l – Orolqum hosil bo‘ldi. Qurib qolgan dengiz tubidan ko‘tarilayotgan millionlab tonna qum tuz sug‘oriladigan yerlar, aholi salomatligi va tog‘larning muz qoplamasiga salbiy taʼsir ko‘rsatmoqda. Bundan tashqari, yerlar va suv resurslarining sho‘rlanishi va inqirozga yuz tutishi mintaqadagi mamlakatlar iqtisodiyoti barqarorligiga tahdid solayotgan doimiy muammo bo‘lib qoldi.

Suv bir vaqtning o‘zida mintaqadagi iqtisodiy rivojlanishni ham kuchaytiradigan, ham cheklaydigan asosiy unsurga aylanib qoldi. Kutilayotgan iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq tarzda mintaqa suvning keskin yetishmasligi muammosiga duch kelishi va bu suvdan hozirgi kundagi foydalanishning 8-10 foizini tashkil etishi mumkin. Voqealarning turli tarzda rivojlanish ssenariylariga ko‘ra, mintaqada aholining suv bilan taʼminlanganlik darajasi yiliga mavjud 2500 m2 dan 1400 m2 ga qisqaradi. Bundan tashqari, suvdan tejab-tergab foydalana bilmaslik, uning yetkazib berish jarayonida yirik miqyosda isrof bo‘layotgani mintaqadagi vaziyat yana-da yomonlashuviga olib keladi.

SUV RESURSLARINI TARTIBGA SOLISH MEXANIZMLARI 

Markaziy Osiyo mamlakatlari mustaqillikni qo‘lga kiritgandan so‘ng suv resurslarini boshqarish va tartibga solish tizimlarini isloh qilishga bir necha marta urinib ko‘rdi.

90-yillar boshida Markaziy Osiyo mamlakatlari suv resurslarini boshqarish bo‘yicha sovet tizimlarini maksimal darajada saqlab qolishga harakat qildi. Biroq tartibga solish mexanizmlari faqat quyi darajada o‘zgartirildi, xolos. Iqtisodiyotni qayta integratsiya qilish, iqtisodiy aloqalar parchalanib ketishi natijasida o‘sish surʼatlari pasayishi suv sohasiga yomon taʼsir ko‘rsatdi. Suv taʼminoti tizimini moliyalashtirish ancha-muncha qisqarib ketdi va oqibatda 90-yillarning o‘rtalariga kelib, suv xo‘jaligi vazirliklari xodimlari soni kamaydi. Ayni holni Markaziy Osiyo mamlakatlari suv tizimlaridagi o‘zgarishlarning dastlabki bosqichi deb qarash mumkin.

Markaziy Osiyoda suv munosabatlari huquqiy jihatdan 5 ta respublika o‘rtasida qabul qilingan “Davlatlararo manbalarning suv resurslaridan birgalikda foydalanishni boshqarish va qo‘riqlash sohasida hamkorlik to‘g‘risida”gi kelishuv bilan tartibga solinadi. Suv resurslarini boshqarishda Davlatlararo muvofiqlashtiruvchi suv xo‘jaligi komissiyasi (DMSXK) asosiy rol o‘ynaydi. U o‘zaro kelishuv bilan 1992-yilda tashkil etilgan edi. Komissiya mintaqadagi suv xo‘jaligi siyosati; mintaqa suv resurslaridan kompleks va oqilona foydalanish; uzoq muddatga mo‘ljallangan suv taʼminoti dasturi; mintaqadagi har bir respublika suvdan foydalanishi uchun yillik meʼyorlarni ishlab chiqish bilan shug‘ullanadi.

DMSXK tarkibiga kotibiyat, Sirdaryo va Amudaryoning ikkita havza tashkiloti va ilmiy-axborot markazi (DMSXK IAM) kiradi. Ushbu mintaqaviy tashkilotlar DMSXKning amaliy va ilmiy-tadqiqot faoliyatini amalga oshiradi. Milliy suv xo‘jaligi idoralari rahbarlari kengashi DMSXKning oliy ko‘rsatmalar beradigan organi hisoblanadi. Bunday kengashlar yiliga ikki marta yoki undan ko‘proq o‘tkazib turiladi. Ular natijalari barcha tomonlar imzo chekkan majlis bayonnomalarida aks etadi. Qarorlar o‘zaro murosa asosida qabul qilinadi.

MINTAQAVIY MUAMMOLAR

Markaziy Osiyo mamlakatlari yangi suv munosabatlari shakllanish jarayonida turli lahzalarni boshidan kechirdi. Agar 2000-yillar boshida suv bilan bog‘liq o‘zaro munosabatlarda jiddiy muammolar va keskinliklar unchalik ko‘p bo‘lmagan bo‘lsa, keyinchalik Amudaryo va Sirdaryoda ulkan gidrotexnika inshootlari qurish va ulardan foydalanish masalasida kelishmovchiliklar paydo bo‘ldi.

Daryolarning yuqori va quyi oqimida joylashgan mamlakatlarning suvga ehtiyoji har xil bo‘lgani bilan bog‘liq mashhur dilemma suv borasidagi janjal sababchisiga aylandi, suv bilan bog‘liq masalalar Markaziy Osiyoda tobora siyosiylasha bordi va mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlikning boshqa jihatlariga ham taʼsir o‘tkaza boshladi. Bunga Qambarota GESlar kaskadi va Rog‘un GES qurilishi mintaqadagi suv va energetika munosabatlarining o‘ziga xos lakmus qog‘ozi bo‘lib qolganini misol qilib keltirish mumkin.

Bundan tashqari, so‘nggi paytlarda Qirg‘iziston 1992-yilda erishilgan bitimga ham, mintaqaviy suv hamkorligining institutsional tuzilmasiga ham ishonqiramay qaray boshladi. Ushbu mamlakat 2009-yildan boshlab Xalqaro Orol dengizini qutqarish fondidagi aʼzoligini to‘xtatib qo‘ydi. U mintaqaviy tuzilmalarning ekologiya va suv sohasidagi hamkorligi bo‘yicha bosh tashkiloti hisoblanadi.

2016-yilga qadar yirik gidroinshootlar qurish bilan bog‘liq masalalar nafaqat mintaqadagi suv munosabatlarini rivojlantirish yo‘lida to‘sqinlik qilib keldi, qolaversa, Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikka halaqit bera boshladi. Germaniyaning Adelfi tadqiqot markazi va Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologiya markazi maʼlumotlariga ko‘ra, mintaqadagi samarali hamkorlik yo‘qligi sabab yillik yo‘qotishlar miqdori 4 milliard AQSH dollarini tashkil etadi.

IJOBIY TRENDLAR – TAMOYILLAR

Uzoq yillar suv tuzilmasining bir tomonlama rivojlanishiga muxolif bo‘lib kelgan O‘zbekistondagi siyosiy o‘zgarishlar mintaqadagi suv munosabatlarining burilish nuqtasi bo‘ldi. Toshkent suv muammolarini hal etish uchun qo‘shni mamlakatlar bilan ikki va ko‘p tomonlama formatlarda faol ishlay boshladi. O‘zbekistonning dastlab ehtiyotkorlik bilan, keyin esa aniq-tiniq bayonot bergani Tojikiston Rog‘un GES bo‘yicha qurilish ishlarini boshlashiga imkon tug‘dirdi.

Bugungi kunga kelib, suv bo‘yicha hamkorlik masalalariga mintaqaviy hamkorlikdan olinajak umumiy foydadan kelib chiqib qaralmoqda. Hamkorlik masalalarini muhokama qilish uchun Markaziy Osiyo mamlakatlari Tashqi ishlar vazirlari uchrashuvi singari siyosiy platformalar tashkil etildi. Mintaqadagi 5 ta respublika rahbarlarining doimiy sammitlari chog‘ida suv masalalariga ustuvor ahamiyat berilmoqda.

Qayd etish joizki, Markaziy Osiyo mamlakatlari xalqaro hamkorlar ko‘magida Orol dengizi muammosini hal etish yo‘lida ko‘p saʼy-harakatlar qildi. Buning natijasida dengizning Qozog‘iston tarafidagi bir qismi tiklandi, O‘zbekiston Orolbo‘yi suv havzalari ekotizimini saqlab qoldi.

Bundan tashqari, yaqin vaqtdan beri O‘zbekistonda dengizning qurib qolgan tubini faol o‘rmonlashtirish boshlandi. Bugungi kunga kelib, o‘sha qurib qolgan dengizning 750 ming gektarga yaqin tubiga turli daraxt va butalar ekildi. Hukumat ekologik falokat hududini innovatsiya va investitsiyalar zonasiga aylantirish haqida qaror qabul qildi.

Garchi hozircha xulosa va bashorat qilishga erta bo‘lsa-da, davlatning Orol dengizi muammosini idrok qilishida o‘zgarishlar ko‘zga tashlanmoqda. U endi chet el ko‘magini qabul qilishda tuzoq emas, davlat ushbu mintaqaning ijtimoiy-iqtisodiy va ekologik muammolarini hal etishga jiddiy kirishdi.

Umuman olganda, ayni paytda Markaziy Osiyodagi qishloq xo‘jalik, yer va suv islohotlari hali tugagani yo‘q. Qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishi, yerga mulk sifatida qarash tizimlaridagi tartibga solish darajasi, Sovet davridagi bilan solishtirganda, pasayib ketdi. Biroq Markaziy Osiyo mamlakatlarida davlat ishlab chiqarish rejalari, yerni taqsimlash va qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga narx qo‘yishda haligacha yetakchi rol o‘ynab kelmoqda. Xususan, aynan davlat Markaziy Osiyo aholisining oziq-ovqat va suv xavfsizligini taʼminlash bilan ijtimoiy barqarorlashtiruvchi kuch bo‘lib qolmoqda. Ayni choqda bunday qattiq tartibga soluvchi tizimning kamchiligi sektorga, ayniqsa, uning infratuzilmasiga xususiy mablag‘larni kiritishga qiziqish pastligidir.

Milliy suv siyosati shakllanishi bilan bir qatorda milliy darajadagi suv xo‘jaligi idoralarining maqomi ham o‘zgardi. Ilgari mustaqil suv resurslari vazirliklari qishloq xo‘jaligi, energetika yoki atrof-muhit muhofazasi vazirliklari tarkibiga kirar, boshqaruvchi idoralar vakolatlari va obro‘si pasayib ketgan edi. Suv mamlakatlarning (yuqori va quyi oqimdagi) joylashuviga qarab, keng miqyosli milliy manfaatlarning sug‘orish uchun suv bilan taʼminlash va suvdan gidroenergiya ishlab chiqarish uchun foydalanishday bo‘lagiga aylandi. Bu Markaziy Osiyo suv tizimlaridagi o‘zgarishlarning navbatdagi bosqichi edi. Boshqa vazirliklar bilan qo‘shilib ketganlik va moliyalashtirish qisqarganiga qaramay, suv tizimlarining o‘rta bo‘g‘inida aytarli o‘zgarishlar sodir bo‘lmadi.

Qishloq xo‘jaligi va milliy maʼmuriy islohotlar/o‘zgarishlar suv xo‘jaligi sohasidagi evrilishlar/islohotlarga tobora ko‘proq taʼsir ko‘rsatmoqda. Anʼanaga ko‘ra, suv sektori hali Rossiya Markaziy Osiyoni mustamlaka qilib olganidan avval ham davlat ishi bo‘lib kelgan. Suv resurslarini davlat byurokratiyasi orqali boshqarishning uzoq anʼanasi mintaqadagi suvdan foydalanish jarayonini tartibga solishning muhim jihatlaridan biri edi.

Yaqinda Sardoba suv omborida ro‘y bergan texnogen falokat Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi munosabatlarda strategik o‘zgarishlar ro‘y berganini ko‘rsatdi. O‘zbekiston va Qozog‘iston rahbarlarining tezkor muloqoti mahalliy hokimiyat va idoralari o‘rtasida boshlangan bahs-munozaralarga chek qo‘ydi. O‘zbekiston Qozog‘istonning zarar ko‘rgan tumanlariga ko‘mak sifatida texnika va maxsus vositalar jo‘natdi. Qozog‘iston bosh vaziri o‘rinbosari falokat ro‘y bergan joyni borib o‘z ko‘zi bilan ko‘rdi. Bundan bir necha yil oldin mintaqada bunaqa holatni tasavvur ham qilib bo‘lmas edi. Markaziy Osiyo mamlakatlari rahbarlari o‘rtasida hamkorlikning pragmatik va barqaror tizimi yaratilmoqda. Bunday o‘zaro aloqalar asosida mintaqaviy hamkorlik, jumladan, birinchi navbatda tabiatni muhofaza qilish va suv resurslarini boshqarish institutlarini tashkil etish muhim ahamiyatga ega. Rog‘un, Qambarota singari ulkan suv omborlarini qurish rejalashtirilayotgan mintaqada ular xavfsizligi birinchi o‘ringa chiqadi. Shuning uchun yirik suv inshootlari xavfsizligi va ularni ishlatish bo‘yicha mintaqaviy tashkilot tuzish o‘z vaqtida oldinga tashlangan ilg‘or qadam bo‘lur edi. Yuqorida qayd etilganiday, buning uchun siyosiy iroda mavjud.

Nihoyat, Markaziy Osiyoda suvdan foydalanish masalalari har doim tabiatni muhofaza qilish masalalari bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan. Orol dengizining qurib qolishiga oid muammolar ekologiyaga beparvo munosabatda bo‘lishning yorqin namunasidir. Uzoq yillar davomida Orol muammolari rivojlanishning turli yo‘nalishlarida, baʼzan Orol dengizi muammosidan juda uzoq sohalar uchun xalqaro tashkilotlardan ko‘mak olish imkoniyatlaridan biri sifatidagi ramziy masala bo‘lib kelgan. Orol dengiziga bag‘ishlangan ko‘p sonli uchrashuvlar, konferensiyalar va son-sanoqsiz maqolalar muammoni hal etish bo‘yicha na siyosiy irodani va na aniq ko‘rishni shakllantira olmadi.

TAKLIFLAR

Yuqorida keltirilgan tahlil asosida Markaziy Osiyoda suv resurslari sohasida hamkorlik samaradorligini oshirish bo‘yicha quyidagi takliflarni berish mumkin:

  • Yangi texnik yechimlar qidirish barobarida hamkorlik va sektorlar o‘rtasida kompleks rejalashtirishga ko‘maklashish uchun yangi siyosiy va iqtisodiy ramkalar – chorcho‘plarni ishlab chiqish zarur. Kompleks rejalashtirish va sektorlararo hamkorlik chiqimlarni kamaytirish uchun ehtimol tutilgan sinergizmdan murosa holatlarini baholash, tuzilmalar va sektorlar barqarorligini taʼminlash uchun talab va markazlashtirilmagan xizmatlar sohasidagi choralar ko‘rish uchun foydalanish imkonini beradi. Tojikiston va O‘zbekistondagi suv sohasi islohotlarini davom ettirish va Turkmanistondagi o‘zgarishlar sinchiklab nazorat etilishi zarur. Milliy islohotlarni qo‘llab-quvvatlash soha vazirliklari talablariga emas, islohotlar samaradorligiga tayanishi lozim.
  • Hukumatlar suv taʼminoti sohasida tegishli rag‘batlantirish yo‘llarini joriy etishi, uni xususiy va xalqaro investitsiyalar uchun jozibador qilishi kerak. Maʼlumki, Markaziy Osiyo suv sektoridagi asosiy muammolardan biri moliyaviy barqarorlik hisoblanadi. Moliyalash hajmi kamayishi va uning yetarli emasligi deyarli barcha mamlakatlardagi hamma sektorlarni barqaror va ishonchli taʼminlash yo‘lidagi to‘siqlardan biri o‘sha hajm yetarli emasligidir. Izchil bo‘lmagan moliyalash ham ushbu sektordagi uzoq muddatli rejalashtirishga to‘sqinlik qiladi. Bu esa ishlatish va texnik xizmat ko‘rsatish borasidagi jiddiy sustkashliklarga olib keladi. Sug‘orishning deyarli 70 foiz infratuzilmasi va suv taʼminotining 50 foiz tizimi eskirib ketgan hamda tiklash yoki almashtirishga muhtoj. Bunday miqyos oqibatida suv taʼminoti sektori uchun investitsiyalar havoday zarur.
  • Suv sektorida taʼlim va ilmiy tadqiqotlar sifatini oshirish maqsadida radikal islohotlar darkor. Mamlakatlar davlat taʼlimi, ilmiy tadqiqotlar va davlat xizmatlari sektorini isloh qilish bo‘yicha saʼy-harakatlarini tugallashi shart. Bunday radikal choralarsiz suv sektori uchun malakali mutaxassislar tayyorlash muhim muammoligicha qolaveradi. Onlayn va veb-treninglar – vebinarlar tizimini qo‘llash mumkin. O‘quv dasturlarini ishlab chiqish va darsliklar yozishda ko‘mak ko‘rsatishga hamkorlikning potensial sohalari sifatida qarash kerak bo‘ladi.
  • Mintaqa ulkan infratuzilmaviy, jumladan, suv taʼminoti sohasidagi muammolarga duch kelmoqda. Eski suv taʼminoti tizimlari undan foydalanish chog‘idagi yo‘qotishlarning asosiy sababchisidir. Suv resurslarini tiklashda yordam ko‘rsatish bo‘yicha so‘rovlar keyingi besh yil davomida ortib boraveradi. Shunga qaramasdan, chala va rejalashtirilmagan reabilitatsiya suv taqsimotini yaxshilamaydi, aksincha, reabilitatsiya qilingan va qilinmagan hududlarda suvdan foydalanuvchilar o‘rtasidagi tafovutni oshirib yuboradi. Tadbirlar infratuzilmani tiklash bo‘yicha uzoq muddatli rejalar tayyorlashda milliy sheriklarga yordam ko‘rsatishga yo‘naltirilishi lozim. Shu maʼnoda suv taʼminoti infratuzilmasini yaxshilash bo‘yicha ustuvor vazifalar va aniq choralarni aniqlab olish lozim bo‘ladi. Bunday rejalar 10 yillik davr uchun tayyorlansa, ayni muddao bo‘lur edi.
  • “Industriya 4.0”, sunʼiy intellekt, dronlarni qo‘llash singari yangi zamonaviy g‘oyalar ham suv resurslari sohasidagi voqelikka aylanib bormoqda. Ko‘mak suv innovatsiyalari laboratoriyasini moliyalashtirishga yo‘naltirilishi maqsadga muvofiqdir. Ushbu g‘oya suv resurslari sohasida ishlayotgan yosh va isteʼdodli kishilarni rag‘batlantirishi mumkin.

Muallif: Iskandar Abdullayev – Markaziy Osiyo mintaqasidagi iqtisodiy hamkorlik instituti (SARES instituti) direktori o‘rinbosari, O‘zbekiston.

Manba