Mehribonlik uylari tizimi eskirmadimi?

Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari – go‘daklar – bolalar – o‘smirlar va bitiruvchilari – insonlar, ularning keyingi taqdiri qanday yakun topayotgani bilan bu tizimning qanchalik samaradorligi bilan qiziqib ko‘rganmisiz?

U yerda tarbiyalanayotganlar kelajakda qanday insonlar bo‘lib, yetishishlari jamiyatga qanday nafi yoki zarar keltirishlari mumkinligini ham mushohada qilib ko‘rishni taklif etmoqchi edim.

So‘rovnoma natijalari unga ko‘ra tarbiyalanuvchilarda jamiyatga nisbatan ishonchsizlik, loqaydlik, o‘z turmushidan norozilik hissi mavjud…

Yaqinda bir tashkilot tomonidan o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalari bilan tanishib chiqdim (to‘g‘ri so‘rovnoma 2019 yil aprelida o‘tkazilgan bo‘lsada muammolar o‘shaligicha qolmoqda!)

Unga ko‘ra mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilarining tarbiya maskanidan keyingi taqdiri bilan bog‘liq jihatlar ham o‘rganilgan bo‘lib, unga ko‘ra tarbiyalanuvchilarning ish bilan, uy joy bilan taʼminlanishi ular duch kelayotgan muammolar bo‘yicha so‘rovlar o‘tkazilgan

So‘rovda qatnashganlarning turmush sharoitlari, kayfiyati o‘rganilganda, aksariyat yoshlarda jamiyatga nisbatan ishonchsizlik, loqaydlik, o‘z turmushidan norozilik hissi mavjudligi kuzatilgan. Jumladan, respondentlarning 38 % o‘z turmushidan mamnun emasligini maʼlum qilingan. (O‘tkazilgan so‘rovda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan jami 233 nafar yoshlar ishtirok etishdi. Respondentlar yosh kategoriyasi bo‘yicha tahlil qilinganda 16-20 yoshdagilar – 101 nafarni, 21-25 yoshdagilar – 95 nafarni, 26-30 yoshdagilar 37 nafarni tashkil etdi.)

So‘rovda qatnashgan respondentlarning 44% ishsiz bo‘lib, aksariyati o‘rta-maxsus taʼlim tizimini tugatgandan keyin o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ish topolmagan. Qolganlarining ham ahvoli quvonarli emas albatta! Shunchaki, ular o‘quvchilar,  talaba, uy bekasi sifatida qayt etilgan.

Qolgan ish bilan taʼminlanganlari ham yollanma ishchi, ofitsiant, sanitariya epidemiologik yo‘nalishida, uy taʼmirlaydigan usta, tikuvchilik, tijorat yo‘nalishida,  sportchi yoki bo‘lmasa avtomashina yuvish shoxobchasida ishlashini, atiga 5 % davlat ishida ishlashini bildirgan

Respondentlar o‘z turmushidan noroziliklarini bir qator sabablar bilan izohlab, davlat tomonidan ijtimoiy himoyaning yetarli emasligini asosiy sabab qilib ko‘rsatganlar.

Shuningdek, tarbiyalanuvchilar tomonidan ayrim rahbarlarning o‘z ishiga masʼuliyatsizligi, mehribonlik uyidagi sifatsiz taʼlim-tarbiya, ularga jamoatchilikning salbiy munosabati va eʼtiborsizligi, oilaviy hayoti, ish va shaxsiy turar joy bilan taʼminlanmaganligi, hokimliklar va prokuratura organlarining faoliyati talab darajasida emasligi, hayot qiyinchiliklari tufayli o‘z turmushidan norozi ekanligini bildirilgan. Yana tarbiyachilari tomonidan bolalarga nosamimiy munosabat, mazkur taʼlim muassasalarida ayrim pedagog kadrlar tomonidan bolalarga nisbatan yo‘l qo‘yilayotgan qo‘pol muomala, ularning shaxsiyatiga tegish, kamsitish kabi salbiy holatlar keltirilgan. Baʼzi birlari esa hech qanday sabab ham ko‘rsata olmagan.(shunchalik befarqlikdan!)

Mana shu joyida biroz to‘xtaymiz va keltirilgan omillarning qanday oqibatlar tomon olib borishi bo‘yicha variantlar ko‘rib chiqamiz

Mehribonlik uylari qanday tartibda tarbiyalanuvchilarni qamrab oladi? ota-onalari vafot etgan, ular ota-onalik huquqlaridan mahrum etilgan, ularning ota-onalik huquqlari cheklangan, ota-onalar huquqiy layoqatsiz deb eʼtirof etilgan, ota-onalar kasal bo‘lgan, ota-onalar uzoq muddat bo‘lmagan, ota-onalar bolalarni tarbiyalashdan yoki ularning huquq va manfaatlarini himoya qilishdan bosh tortgan, shu jumladan ota-onalar o‘z bolalarini tarbiya muassasalaridan, davolash muassasalaridan, aholini ijtimoiy muhofaza qilish muassasalaridan va shunga o‘xshash muassasalardan olishni rad etgan hollarda, shuningdek bolalar ota-onalarining qarovsiz qolgan boshqa hollarda qabul qilinishi kerak deb qonunchilik tartibida belgilab qo‘yilgan.

Umuman olganda, mehribonlik uylari ota-onalari qarovsiz qolgan yetim bolalarning sog‘lom va barkamol bo‘lib voyaga yetishi, jamiyatga ijtimoiylashuvi, hayotda munosib o‘rin topishlariga ko‘maklashuvi uchun tashkil etilgan muassasadir.

Biroq, tarbiyalanuvchilar tomonidan tizimni qoniqarsiz baholanishi, kelajakka ishonchsizligi nimadan?

Tarbiyalanuvchilarning hayotda o‘z o‘rnini topishda to‘sqinlik qiladigan omillardan biri – yillar davomida ularda boqimandalik kayfiyati shakllanishi bilan bog‘liq. Mehribonlik uyidagi farovon hayot (moddiy tomondan albatta!), tekin ust-bosh, o‘quv qurollari va boshqalar, homiylar tomonidan muntazam xayru ehsonlar qilinishi bolalarni o‘z hayoti uchun kurash hissidan uzoqlashtirmoqda.

Shunchaki, misol tariqasida aytish mumkinki, to‘liq oilalarda ham ota-onalar farzandi maʼlum yoshga yetguncha bu kabi sharoitlarni taʼminlab beradi. Lekin, to‘liq oiladagi farzandlar ota-onalari pulni qanday ishlab topayotganini, pul topish mashaqqatlarini ko‘rib ulg‘ayadi. Ularda harakat-mehnat qilgan inson yaxshi yashashi mumkinligini faqatgina adabiyotlarda emas balki, hayotda ko‘rib tarbiyalanish “imkoniyati” bor.

Ularning ish topa olmayotgani (yuqorida ko‘rilganidek kasbiy bilimlar talab etilmaydigan ishlarni bajarib yurishlari) sabablari esa mehribonlik uylarida amalda mavjud taʼlim-tarbiya tizimi yoshlarga sifatli taʼlim berish, ularda mehnat ko‘nikmalarini shakllantirish, kasb-hunarga hamda tadbirkorlikka o‘rgatish ishlari bugungi kun talablariga javob bermayotgani (avval ham bu muammo mavjud bo‘lgan). Natijada, mazkur toifadagi yoshlar mustaqil hayotga qadam qo‘yganlarida ish topish, muayyan mehnat bilan band bo‘lish, moddiy taʼminot bilan bog‘liq qator qiyinchiliklar yuzaga kelmoqda.

Turar-joy masalasidagi muammo

Aslida hukumat bu muammoni ham hal etib berishi belgilangan bo‘lib, Mehribonlik uyini tamomlagan yoshlar asosan hokimliklar balansidagi, yashash shart-sharoiti nuqtai nazaridan mehribonlik uyidan tubdan farq qiladigan umumiy yotoqxonalarga joylashtirilishi ularning ijtimoiylashuviga to‘siq bo‘ladigan yana bir ruhiy zarba bo‘lmoqda. Yaʼni, barcha viloyatlardagi o‘rganishlar natijasida bitiruvchilar asosan shahar va tuman hokimliklari tasarrufidagi yashash uchun noqulay bo‘lgan, sanitariya va texnik normalariga umuman javob bermaydigan yotoqxonalarga joylashtirilib, ijara asosida yashashga majbur bo‘lmoqda. Mahalliy hokimliklar balansidagi yotoqxonalarda yashash o‘ta noqulay bo‘lib, u yerdagi muhit yoshlar ruhiyatiga salbiy taʼsir ko‘rsatmoqda. Hokimliklar balansidagi yotoqxonalar tizimli nazorat qilinmasligi, u yerda spirtli ichimliklar isteʼmol qiladigan, xulqi, tarbiyasi og‘ir, fohishabozlik bilan shug‘ullanadigan insonlarning ko‘pligi kuzatilgan.

           Nega ahvol og‘ir?!

Tarbiyalanuvchilarga mustaqil fikrlash, o‘z hayoti uchun javobgarlik, kelajagi uchun masʼuliyat tuyg‘ularini shakllantirishda mehribonlik uylaridagi tarbiyaviy jarayonlarning samarasi nihoyatda past. Mehribonlik uylarida amaldagi tizim yoshlarda boqimandalik kayfiyatining paydo bo‘lishiga sabab bo‘lmoqda. Respublikadagi deyarli barcha Mehribonlik uylaridagi taʼlim-tarbiya tizimining real hayotga, bozor iqtisodiyoti sharoitlariga mos kelmasligi ham yoshlarning ijtimoiylashuviga taʼsir ko‘rsatmoqda. Yana shunisi ham borki, so‘rovnoma natijasida tayyorlangan xulosalarga ko‘ra “Mehribonlik uyi bitiruvchilarining ish bilan taʼminlanmasligi ularda turli iqtisodiy muammolarning yuzaga kelishiga sabab bo‘lmoqda. Ishsiz, pulsiz qolgan yoshlar turli qing‘ir yo‘llar orqali o‘zlarining moddiy ehtiyojlarini qondirishga majbur bo‘lishmoqda. Buning oqibatida o‘g‘il bolalarda turli jinoyatlarga, qiz bolalar orasida fohishalikka moyillik kuchaymoqda.”

Nega “Majbur” bo‘lishmoqda (?) deyilgan tabiiy savol tug‘iladi!. Tarbiyalanuvchilar uchun shuncha yillar mobaynida tayyor sharoitlar yaratib berilib ularga taʼlim-tarbiya kasbga yo‘naltirish uchun sharoitlar yaratilsada yana ularni mana shunday yomon yo‘llarga kirishga majburlanganliklari sabab sifatida ko‘rsatib o‘tilmoqda. Barcha muammo mana shu tayyor sharoitlarni yaratib berilishida. Biror bayram bo‘lsa, albatta mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari turli konsertu tomoshalarga olib boriladi yozgi, qishki taʼtil qolmay ular uchun oromgohlar tayyorlanadi (qanday sharoitlarda ekanligi boshqa masala biroq byudjetdan buning uchun albatta mablag‘lar ajratiladi). Yil mobaynida esa ehson qilmoqchi bo‘lganlar talaygina topiladi.

Soliq to‘lovchilar haqqi!

Nega bizda doim qaysidir tashkilot tomonidan (bu tashkilot albatta byudjet tashkilot bo‘lishi kerak! yana soliq to‘lovchilarning zimmasida) qandaydir qatlamlar uchun bonuslar tayyorlab berilishi kerak?

Yettimuchchasi sog‘ bo‘lgan aqli-hushi joyidagi insonlarni boqish ularga doimi tarzda tayyor sharoitlarni tayyorlab, yetkazib berilishini tizimli bajarishimiz topgan daromadlarimizdan ajratib soliqlar to‘lashimiz kerak?

Nogironligi bor, aqli zaif, alohida parvarishga muhtojlar uchun hech qanday eʼtirozlar yo‘q!

Mehribonlik uylaridagi tarbiyalanuvchilarning jamiyatga to‘liq moslashib keta olmasligi bugungi kun muammosi emas, bu avvaldan o‘rganilgan va samarasiz mexanizm ekanligi ko‘p bora isbotlab berilgan. Ushbu materialni tayyorlash mobaynida ko‘p tashkilotlarga murojaat qildim jumladan Xalq taʼlimi, Sog‘liqni Saqlash vazirliklari, hokimiyatlar, Yoshlar ittifoqi, Yoshlar ishlari agentligi kabi. Biroq, Respublikamizda nechta mehribonlik uylari mavjudligi bo‘yicha aniq va to‘liq axborot topa olmadim u yerdagi tarbiyalanuvchilarning soni to‘g‘risida gap ketishi ham mumkin emas!

Chunki, tizim shunday shakllantirilganki, mehribonlik uylari taʼlim-tarbiya kabi gumanitar yo‘nalish bo‘yicha umumiy muvofiqlashtirish Xalq taʼlimi vazirligida yana ular salomatligida muammosi bo‘lmaganlarni qamrab olar ekan, (ulardan olgan maʼlumotimga ko‘ra 19ta mehribonlik uylari va 4 SOS bolalar shaharchasi mavjud), sog‘lig‘ida muammosi bor internat tizimi bo‘yicha Sog‘liq saqlash vazirligiga murojaat etish kerak (ulardagi maʼlumot vazirlikka qarashli 6ta mehribonlik uylari bor ekan), umumiy ularni moliyalashtirish va keyinchalik ish bilan taʼminlash uy joy masalalari bo‘yicha hokimiyat tasarrufiga kiritilgan. Yoshlar Ittifoqi tarbiya muassasalarini tamomlagan yetim bolalar va ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarning ishga joylashtirilishi ustidan tizimli monitoring mexanizmini o‘rnatishi vazifasi belgilanganligiga qaramasdan, Respublikaning birorta Yoshlar Ittifoqi hududiy Kengashlarida shu kunga qadar mehribonlik uylari bitiruvchilarining manzilli ro‘yxati shakllantirilmagan. Yaqindan esa tarbiyalanuvchilarning bandligiga ko‘maklashish bo‘yicha vazifalar Yoshlar ishlari agentligiga o‘tkazilgan (ulardan olgan maʼlumotlar bo‘yicha 26ta mehribonlik uylari va 3ta SOS bolalar shaharchasi mavjud).

Soliq to‘lovchilar uchun  bir nafar mehribonlik uyi tarbiyalanuvchi qancha mablag‘ talab etishini topishni esa iloji bo‘lmadi (balki bo‘lar biroq u maʼlumotlarni qo‘lga kiritgunga qadar material kamida yarim yil tayyor bo‘lmas edi) shunchaki, oddiy hisob-kitob qilinsa, mehribonlik uyini qurish va ularni kerakli jihozlar bilan taʼminlash, pedagog kadrlar va kerakli texnik personallarni ushlab turish, o‘quv qurollar, kiyimlar umuman tizim uchun anchagina mablag‘ sarflanishi bilib olish qiyinchilik tug‘dirmaydi.

           Mehribonlik uylari bitiruvchilarining keyingi hayoti

Biroq, mehribonlik uylari bitiruvchilarining keyingi hayoti bilan qiziqish bildirgan umumiy reyestr yuritish bo‘yicha hech qaysi tashkilot doimiy shug‘ullanmasligi aniq bo‘ldi.(!)

Sohaga oid ko‘plab normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilingan bo‘lsada, ularning ijro mexanizmlarida ko‘plab kamchiliklar mavjud, ayrim hujjatlarda bir-birini inkor etadigan, bir-biriga zid jihatlar mavjud (bular to‘g‘risida alohida material tayyorlangan).

Ularni avvaldan boshdan jamiyatdan uzub olinib oilasiz bir o‘zlarini guruhlarga bo‘lib shunchaki, avvaldan belgilangan soatlarda qorinini to‘ydirildi, kiyimi alishtirildi va taʼlim berildi. Biroq, insonni asosiy qadriyatlarini belgilab beruvchi tarbiyasini berish bo‘yicha hozircha bu tizimda shtat belgilangan emas! Ularning keyingi hayoti esa javobsiz savollarga to‘laligicha davom etaveradi.

           Xulosa o‘rnida…     

Yuqorida keltirilgan faktlar va mazkur muammoni olib chiqishdan maqsad xalqni mablag‘lari hisobidan tarbiyalanayotgan shaxslarni kelajak uchun, jamiyat uchun kerakli insonlar bo‘lib tarbiyalanishi voyaga yetishi uchun samarali taʼlim berilishi ularni jamiyatning kerakli insonlari bo‘lib yetishishlari uchun ota-ona tarbiyasidan mahrum bo‘lganlar bilan ishlash  bo‘yicha olib borilgan ilmiy o‘rganishlar xulosalari va tajribalardan kelib chiqib, tizimdagi taʼlim tarbiyani hozirgi jamiyat sharoitiga moslashtirish, muqobillashtirishni tarbiyalanuvchilarning ham fikrlarini inobatga olishni ko‘rib chiqish vaqti kelgandir balki……

Jamiyatga yana bir boqimanda qatlamni emas, balki,o‘zini ham boshqalarni ham yaxshi yashashiga hissa qo‘sha oladigan insonlarni tarbiyalashga erishish kerak.