Moskva Qirgʻizistonning Rossiya yoʻrigʻiga yurmayotganidan hafsalasi pir boʻlmoqda

Ekspertlarning fikricha, Moskva va Bishkek oʻrtasidagi munosabatlarning sovuqlashuvi qirgʻiz rasmiylarining Moskva yoʻrigʻiga yurmay, uning rejalarini barbod qilgani bilan bogʻliq.

Guliza Urustambek Kizi/Anadolu Agency via Getty Images

BISHKEK – Qirgʻizistonda oktabr oyidagi hokimiyat almashuvidan soʻng, Moskva Bishkekka nisbatan nazar-pisandsiz munosabatini yashirmayapti. Kuzatuvchilarning taʼkidlashicha, bu Kremlning Markaziy Osiyo respublikasidagi taʼsiri kamayib borayotganidan dalolat beradi.

Qirgʻizistonda 4-oktabr kungi parlament saylovlaridan soʻng bir necha hafta davom etgan norozilik namoyishlari va siyosiy mujmallik ortidan Sooronbay Jeyenbekov inqirozga barham berish maqsadida 15-oktabr kuni prezidentlikdan ketgan.

19-oktabr kuni Oliy sud parlament sobiq deputati Sadir Japarovga nisbatan 2017-yilda odam oʻgʻirlash bilan bogʻliq ayblov hukmini bekor qilib, uni bosh vazir va prezident vazifasini bajaruvchi etib tayinladi.

Rossiya-Qirgʻiziston munosabatlarini tiklash yuzasidan qirgʻizistonlik hamkasbi Ruslan Kazakbayev bilan muzokara oʻtkazgan Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov OAV vakillari bilan uchrashuvi chogʻida asabiyroq boʻlib koʻrindi, deb yozadi Rossiyaning “Kommersant” biznes-nashri.

Qirgʻiziston tashqi ishlar vaziri Ruslan Kazakbayev (chapda) 23-oktabr kuni Moskvada Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan jurnalistlarning savollariga javob bermoqda. [Rossiya tashqi ishlar vazirligi]

23-oktabr kuni Moskvada boʻlib oʻtgan matbuot anjumanida Lavrov qirgʻizistonlik jurnalistlarning bir nechta savoliga qoʻpollik bilan javob qaytargan.

Ikki mamlakat prezidentlari uchrashadimi, degan savolga Lavrov: “Avvalo doʻstlaringiz (Qirgʻizistonning hozirgi hukumati) tugallanishi kerak boʻlgan jarayonlar – saylovlar va konstitutsiyaviy islohotlarning ketma-ketligini hal qilishlari lozim”, deb javob bergan.

Qirgʻiz tilida berilgan yana bir nechta savoldan soʻng, Lavrov oʻzini tutib tura olmadi.

“Siz mezbonning hurmatini joyiga qoʻyishingiz kerak, maylimi? Har jihatdan”, dedi Lavrov haqoratomuz hazil ohangida. “Mezbon” soʻzi rus tilida “xoʻjayin” maʼnosini ham anglatadi.

Garchi Rossiya ikki mamlakat oʻrtasida yaqin sheriklik aloqalari saqlanib qolganini daʼvo qilayotgan boʻlsa-da, muzokaralarda deyarli hech qanday muvaffaqiyatga erishilmagan.

Oliy darajada muzokaralar oʻtkazilmagani yetmagandek, Lavrov Kazakbayevga “Qirgʻizistondagi siyosiy vaziyat barqarorlashmagunicha” Rossiyaning Qirgʻizistonga moliyaviy yordami toʻxtatib turilishini aytgan.

Moskva oʻshandan beri Qirgʻiziston rasmiylari bilan muloqotdan bosh tortmoqda.

Qirgʻiziston prezidenti vazifasini bajaruvchi Sadir Japarov maslahatchisi Chingiz Aydarbekovni Moskvaga yuborgan. Aydarbekov Lavrov, Rossiya maʼmuriyati va parlamenti aʼzolari bilan “uchrashish istashini bildirgan”, deb yozadi Qirgʻizistonning 24.kg yangiliklar saytining bosh muharriri Asel Otorbayeva oʻzining Facebook sahifasida.

“Ammo u (Aydarbekov) barchadan rad javobini oldi”, deb yozgan Otorbayeva.

Nomaqbul xatti-harakat

Lavrovning xalqaro darajadagi tadbirda oʻzini bunday tutishi nomaqbul va Rossiyaning Markaziy Osiyo respublikasiga nisbatan hurmatsiz munosabatidan darakdir, deydi kuzatuvchilar.

“Lavrov orqa-oldiga qaramay gapirib, Rossiya har jihatdan mezbon-xoʻjayin ekanligini ochiq aytmoqda”, deydi Orbita.kg yangiliklar saytining muxbiri, bishkeklik Mars Abayev.

“Tajovuzkor ritorika va jamoatchilik koʻz oʻngidagi ochiq gʻazab – shumi Rossiyaning bosh diplomati?” deydi Abayev. Uning aytishicha, Lavrov haqiqatan ham Rossiyaning hurmatida boʻlgan mamlakatga aslo bunday muomala qilmas edi.

“Moskva Qirgʻizistonni, shuningdek, Markaziy Osiyodagi boshqa nochor respublikalarni hech qachon mensimagan, u mintaqadagi taʼsirini kuchaytirish va ularni nazorat ostida ushlab turish uchun bu mamlakatlarga qandaydir yordam koʻrsatishga majbur”, dedi Abayev.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin rejimining Qirgʻizistonga nisbatan gʻazabi, eng avvalo, u yerdagi inson huquqlari va soʻz erkinligi borasidagi holatning Rossiyadagiga qaraganda ancha yaxshi ekanligi bilan bogʻliq.

Qirgʻizistondagi hokimiyatning muntazam oʻzgarib turishi Putin rejimi uchun istalmagan va hatto xavfli misoldir, deydi u.

Moskvadagi mojaroli matbuot anjumanidan bir kun avval Putinning oʻzi ham ayni voqealar yuzasidan xavotirlarini bildirgan edi.

“U yerda sodir boʻlayotgan voqealar qirgʻiz xalqi uchun musibatdir”, dedi u 22-oktyabr kuni Moskvada boʻlib oʻtgan Valday xalqaro munozara klubi yigʻilishida. “Biz u yerdagi voqealarni achinish va xavotir bilan kuzatmoqdamiz.”

Putin aytayotgan “musibat” – Qirgʻizistonda Rossiyadan koʻra koʻproq demokratiya borligidir, deydi Bishkekda yashovchi sobiq qirgʻiz diplomati Murat Konokbayev.

“Mustaqil OAV, nodavlat tashkilotlar va faollar Qirgʻizistonda oʻzini erkinroq his qiladi. Masalan, ular qamoqqa tushishdan qoʻrqmay, hokimiyat va prezidentni faol tanqid qilib, norozilik namoyishlariga chiqishi mumkin”, dedi Konokbayev.

“Bunday tendensiyalar Rossiyadagi avtoritar rejimni yildan-yilga faqat kuchaytirib borayotgan Kremlni xavotirga soladi”.

Taʼsir koʻrsatishga urinish

Ayrim kuzatuvchilarga koʻra, Qirgʻiziston rasmiylari Kremlning koʻrsatmalarini tinglashdan bosh tortayotgani sabab Moskva va Bishkek oʻrtasidagi munosabatlar sovuqlashmoqda.

Ayrim kuzatuvchilar taʼkidlashicha, Rossiya rejimi soʻnggi yillarda AQSH bilan munosabatlarni faol ravishda takomillashtira boshlagan Jeyenbekovning ketishini xohlagan.

Shunday boʻlsa-da, keyingi voqealar Rossiyaning rejasi boʻyicha ketmadi, deydi bishkeklik professor va xalqaro huquqshunos olim Qayrat Osmonaliyev.

Kreml Qirgʻizistondagi qonunchilikka binoan hokimiyatning Jeyenbekovdan Japarovga oʻtishi uchun Bishkekka Putin administratsiyasi rahbarining oʻrinbosari Dmitriy Kozakni joʻnatdi, dedi Osmonaliyev.

“Moskva Jeyenbekovning prezidentlik muddatini tugatib isteʼfoga chiqishini istagandi, shunda bu tashqaridan tabiiy siyosiy jarayonga oʻxshab koʻrinar edi, ammo Jeyenbekov kutilmaganda isteʼfo berdi”, dedi u.

Osmonaliyevning taʼkidlashicha, “Rossiya shu sababli moliyaviy yordamni toʻxtatgan boʻlishi mumkin”.

Moskva Qirgʻizistondagi siyosiy vaziyatdan foydalanib, vaʼda qilingan harbiy va moliyaviy yordamdan mahrum qilish xavfi ostida mamlakat rahbariyatini oʻz izmiga boʻysundirishga urinmoqda.

Inqiroz davom etar ekan, 14-oktabr kuni “RBK” axborot agentligi Rossiya hukumatidagi manbalariga tayanib, Qirgʻizistondagi “siyosiy vaziyat barqarorlashmagunicha” Moskva Bishkekka moliyaviy koʻmak bermasligini maʼlum qildi.

Kremlning bir qancha “saboqlari” ortidan juma (13-noyabr) kuni Japarov Putin bilan telefon orqali “ikki tomonlama va koʻp tomonlama hamkorlikning joriy holatini”ni muhokama qilgan, deb xabar berdi 24.kg.

Japarovning Kreml bilan aloqalarni kuchaytirishga urinishi Qirgʻiziston uchun foydali boʻlishi mumkin, zero Moskva avvalroq Jeyenbekov hukumatiga 100 million dollarlik (8,4 milliard qirgʻiz soʻmi) moliyaviy yordam vaʼda qilgan.

Kanat Altinboyev

Manba