Oliy Majlis deputati Doniyor G‘aniyev o‘zbek tiliga yana ko‘proq maqom berishga chaqirdi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Doniyor G‘aniyev Rossiya tashqi ishlar vaziri rasmiy vakili Mariya Zaxarovaning o‘zbek tili bo‘yicha bahslarga sabab bo‘lgan bayonotiga munosabat bildirdi.

Deputat Zaxarovaning bayonotini O‘zbekiston ichki ishiga “burun suqish”, deb taʼrif berdi, va davlat idoralarida o‘zbek tilini kengroq joriy qilish uchun yana-da ko‘proq choralar qo‘llashga chaqirdi.

“Zamonaviy diplomatiya qoidalariga ko‘ra, bir suveren davlatning mansabdor shaxslari yoki rasmiy vakillari boshqa bir suveren davlatning ichki siyosiy-ijtimoiy ishlarida ishtirok etishi hamda OAVlarda bunday masalalar yuzasidan munosabat bildirishiga ruxsat berilmaydi. Lekin bu davlatning Ukrainaning suveren chegaralarini ham hurmat qilmaganini eslasak, uning rasmiy vakili tomonidan diplomatiyaning oddiy etika qoidalariga amal qilinmasligiga ajablanmasa ham bo‘ladi”, deydi Doniyor G‘aniyev.

Oliy Majlis qonunchilik palatasi deputati o‘zbek tili to‘g‘risidagi qonun muhokamasiga Rossiya rasmiysining aralashganidan qaysidir maʼnoda xursandligini bildirgan.

“Boshqa tomondan, “Davlat tili to‘g‘risida”gi Qonunning yangi tahriri loyihasi muhokamasiga Rossiya tashqi ishlar vazirligi vakili Zaxarovani aralashib, “burun suqqanidan” qaysidur maʼnoda xursandman. Chunki, birinchidan bugungi kungacha til masalasi ko‘pchilik tomonidan ijtimoiy muammo sifatida ko‘rib kelinayotgan bo‘lsa, Zaxarovani bu mavzuga aralashishi ortidan esa davlat tili siyosiy masala sifatida kun tartibiga chiqdi. Davlat tili davlat suvereniteti ramzlaridan biri ekanligi, uning maqomi, obro‘si va amaliyotda qo‘llanishi muhim ekanligini ko‘pchilik tushunib yetmoqda”, deydi Doniyor G‘aniyev.

Deputatning taʼkidlashicha, shundan kelib chiqib, parlament ham, hukumat ham o‘z siyosiy irodasini “Davlat tili to‘g‘risida”gi qonun loyihasini tezlik bilan qabul qilib, uning ijrosi ustidan qatʼiy nazorat o‘rnatish bilan namoyon etishi kerak.