O‘zbekistonda pandemiya davrida tez tibbiy yordam xizmatiga qancha murojaat kelib tushgani ma’lum qilindi

O‘zbekistonda pandemiya davrida, ya’ni 2020-yilning 15-martidan bugungi kunga qadar tez tibbiy yordam xizmatiga aholi tomonidan qariyb 1,5 million ta murojaat bo‘ldi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.

Foto: “Daryo”

Ma’lum qilinishicha, mazkur ko‘rsatkich mamlakat bo‘yicha kuniga o‘rtacha 30 mingdan ziyod chaqiriq tushganini ko‘rsatadi. Hozirda respublika bo‘ylab kuniga 2 yarim mingta brigada tun-u kun faoliyat olib bormoqda.

Ushbu brigadalar pandemiya davrida koronavirus infeksiyasida gumonlangan insonlarni karantinga joylashtirish, ushbu kasallikka chalingan bemorlarni maxsus shifoxonalarga yetkazish bo‘yicha faoliyat yuritmoqda. Bundan tashqari, aholi tomonidan yo‘llangan chaqiriq manzillariga o‘z vaqtida yetib borish, zarur tez tibbiy yordam ko‘rsatish, og‘ir bemorlarni shifoxonalarga yetkazish borasida ham ish olib borilmoqda.

Qayd etilishicha, ayni paytda avtomobillar parkining kengayishi, tez yordam brigadalari dislokatsiyasi qayta ko‘rib chiqilib, aholi yashash punktlariga yaqinlashtirilishi tufayli chaqiriqlarga kechikib borish kabi qator muammolar ham bartaraf etildi.

Vazirlik tomonidan ma’lum qilinishicha, oxirgi uch yil ichida tez tibbiy yordam xizmatiga ajratilayotgan mablag‘ ham bir necha barobar oshdi. Jumladan, bitta chaqiriqqa tez tibbiy yordam ko‘rsatish maqsadida ishlatiladigan dori vositalari uchun 2016-yilda 800 so‘m mablag‘ ajratilgan bo‘lsa, hozirda ushbu ko‘rsatkich 5800 so‘mni tashkil qilmoqda.

O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasiga chalinganlar soni esa 30-aprel soat 10:00 holatiga ko‘ra, 2017 nafargayetdiKasallikdan 1133 kishi tuzalishga muvaffaq bo‘ldi. 15-martdan buyon koronavirusga chalingan bemorlarning to‘qqiz nafari vafot etdi, Mamlakatda 28-apreldan buyon sog‘ayganlar soni ayni vaqtda kasallikdan davolanayotganlar sonidan ko‘p bo‘lib turibdi.