Rossiya COVID-19dan vaksinasini maqtashdan charchamayapti

Kreml qanoti ostidagi sogʻliqni saqlash mutasaddilari dunyoning turli mamlakatlarida muvaffaqiyatli vaksinalar haqidagi eʼlonlarga javoban “Sputnik V” vaksinasining samaradorligi haqida yana bong ura boshladilar.

MOSKVA – Seshanba (24-noyabr) kuni Rossiya rejimi oʻzining “Sputnik V” koronavirusga qarshi nomzod-vaksinasi 95 foizga samarali ekanligini eʼlon qildi. Kuzatuvchilarga koʻra, Moskva xalqaro miqyosdagi boshqa raqobatchi vaksina ishlab chiqaruvchilarining bayonotlari ortidan oʻz raqamlariga shunchaki bir necha foiz qoʻshib eʼlon qilmoqda.

Pfizer va BioNTech kompaniyalarining vaksinalari 90 foiz samaradorlikka ega ekani eʼlon qilinganidan ikki kun oʻtib, 11-noyabr kuni Kreml “Sputnik V” vaksinasi 92 foizga samarador ekanini iddao qilar ekan, dunyo olimlari va kuzatuvchilar hayrat bilan boshlarini sarak-sarak qilgan edilar.

Oradan bir hafta oʻtmay, AQSH Milliy sogʻliqni saqlash instituti bilan hamkorlikda oʻzining COVID-19ga qarshi vaksinasini ishlab chiqqan Moderna biotexnologik kompaniyasining xabar berishicha, dastlabki natijalar nomzod-vaksinaning 94,5 foizga samarador ekanini koʻrsatgan.

Endi ruslar “Sputnik V” vaksinasi samadorligini 95 foizga oʻzgartirishgan.

Rossiya rejimi uning vaksinasi Selsiy boʻyicha 2-8 daraja iliqda saqlanishi mumkinligini ham qoʻshimcha qilgan. Boshqa vaksinalar esa noldan past haroratda saqlanishi talab qilinadi.

Uning samaradorligi birinchi dozadan 42 kun oʻtib olingan dastlabki natijalar asosida hisoblangan, deyiladi Rossiya sogʻliqni saqlash vazirligi, “Gamaleya” davlat tadqiqot markazi va Rossiya bevosita investitsiyalar jamgʻarmasi (RBIJ) bayonotida.

Bayonotda aytilishicha, vaksina birinchi dozadan 28 kun oʻtib, 91,4 foizga samaradorligini koʻrsatgan – bu atigi 39 holatga asoslangan raqam.

42 kundan soʻng – ikkinchi dozadan keyingi natijalar “vaksinaning samaradorligi 95% dan yuqori” ekanini koʻrsatgan.

Biroq, unda yakuniy hisob-kitoblar uchun ishlatilgan koronavirusga chalinish holatlarining soni ochiqlanmagan.

RBIJ xabariga koʻra, 22000 dan ortiq koʻngilli bitta doza va 19000 dan ortigʻi ikki doza bilan emlangan.

Elementar tekshiruvdan oʻtolmaydi

Rossiyaning daʼvolari elementar tekshiruvdan ham oʻtolmaydi, degan edi vaksinalar kelajagini takomillashtirishga xizmat qiluvchi “Human Vaccines Project” notijorat tashkiloti rahbari Ueyn Koff “Sputnik V”ning samaradorligi haqida bong urayotgan Kremlning ilk bayonoti ortidan.

“Qoʻrqamanki, ular Pfizer natijalarini koʻrib, unga shunchaki 2 foiz qoʻshib qoʻyishgan boʻlishi mumkin”, dedi Rossiyaning Klinik sinovlar tashkilotlari uyushmasini boshqaradigan va mamlakatda COVID-19 vaksinasi sohasidagi tadqiqotlar va ishlanmalarni diqqat bilan kuzatib borayotgan moskvalik huquqshunos Svetlana Zavidova Science nashri bilan suhbatda.

Yaqinda erishilgan yutuqlardan soʻng, Yevropa va Qoʻshma Shtatlarda COVID-19ga qarshi emlash dasturlari bilan bogʻliq rejalar tuzilar ekan, Rossiya prezidenti Vladimir Putin yirik rivojlanayotgan mamlakatlar ittifoqi – BRIKS aʼzolarini Rossiyaning koronavirusga qarshi vaksinalarni ommaviy ishlab chiqarishga undagan.

BRIKS Braziliya, Rossiya, Hindiston, Xitoy va Janubiy Afrika respublikasidan tarkib topgan.

Aksar tahlilchilar Kremlning birinchi boʻlib vaksina ishlab chiqish “ishtiyoqi” uning samaradorligi va xavfsizligiga salbiy taʼsir qilishi mumkinligidan xavotirda .

“Sputnik V” vaksinasining xavfsizligi atrofidagi shubhalar ortgani sayin Kreml uning reklamasini kuchaytirmoqda.

Moskvaning vaksinani targʻib qilish kampaniyasi vatanparvarlik bayonotlari bilan toʻlgan boʻlib, hech qanday tanqidni koʻtarmaydi – ayniqsa, “Kreml xavfsizlikni oʻylamayapti” degan daʼvolar Rossiyaga qarshi boʻhton sifatida rad etiladi.

Karvonsaroy va AFP