Samarqandda 34 kishiga koronavirus yuqtirgan tibbiyot xodimiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Samarqand viloyatida o‘zida koronavirus infeksiyasi alomatlari borligini sezgan bo‘lsa-da, karantin sharoitida tegishli tartibda davlat sanitariya nazorati organlarining tibbiy tekshiruvlaridan o‘tmay, boshqalarga kasallikni yuqtirgan tibbiyot xodimiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda viloyati prokuraturasi axborot xizmati xabar berdi.

Samarqanddagi tumanlarning biridagi tibbiyot birlashmasi bo‘lim mudiri vazifasida ishlab kelgan X.D. ismli fuqaro 20-aprel kunidan sog‘lig‘ida o‘zgarish boshlanib, o‘zida koronavirus infeksiyasi belgilarini payqagan holda uy sharoitida davolana boshlagan.

“U COVID-19 infeksiyasini yuqtirganini sezsa-da, karantin sharoitida tegishli tartibda davlat sanitariya nazorati organlarining tibbiy tekshiruvidan o‘tmasdan, 27-aprel kuniga qadar o‘zboshimchalik bilan uy sharoitida o‘zini o‘zi davolash bilan shug‘ullanib, sanitariyaga oid qonun hujjatlarini qo‘pol ravishda buzgan”, — deyiladi xabarda.

Oqibatda X.D. u bilan doimiy muloqotda bo‘lgan turmush o‘rtog‘i va boshqa qarindoshlari, o‘zi davolagan bemor va hamkasblaridan 11 nafariga, ular orqali yana 23 kishiga COVID-19 infeksiyasi yuqishiga sabab bo‘lgan.

Xabar berishlaricha, X.D.ga nisbatan 12-may kuni Jinoyat kodeksining 257-1-moddasi 1-qismi (sanitariyaga oid qonun hujjatlarni yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalari buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Qayd etishlaricha, X.D. orqali kasallik yuqtirgan jami 34 kishining bari karantinga olingan, viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasida davolanmoqda.

Avvalroq Samarqand shahrida 13-maydan karantin qoidalari kuchaytirilgani haqida xabar berilgandi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda 13-may soat 10:00 holatiga ko‘ra koronavirusga chalinganlar soni 2568 nafarga yetdi; o‘tgan davr mobaynida 10 nafar bemor infeksiya asoratlari oqibatida vafot etdi.