Hisobotimiz sabab bunday spekulyatsiya yuzaga kelganidan afsusdaman.

Niderlandiyaning Deltares nomli mustaqil tadqiqot markazi ekspertlari Sardoba suv omborining o‘pirilishi borasida internetda mavjud bo‘lgan maʼlumotlar hamda ortga qaytib tasvirlarni ko‘rsa bo‘ladigan satellit suratlari asosida hisobot tayyorlagan edilar.

Hisobotda o‘pirilish ko‘p yoqqan yomg‘ir, shamol to‘lqini,  quvurlarning ichki yemirilishi hamda to‘g‘on loyihalashtirish va qurilishdagi insoniy xatolar tufayli ham o‘pirilgan bo‘lishi mumkin, degan xulosalar keltirilgan.

Niderlandiyalik mualliflarning aytishlaricha, ularning hisoboti O‘zbekiston matbuotida noto‘g‘ri talqin qilingan.

“Dunyo” xabar agentligi 17 mayda o‘zining rus tilidagi sahifasida ushbu  hisobotni eʼlon qilgan va hisobotning ayrim joylarini tushirib qoldirgan. 

Ushbu xabar ortidan qator o‘zbek tilidagi nashrlar va blogerlar xorijiy ekspertlarning bu fikrini go‘yoki Sardoba fojiasiga asosiy sabab sifatida sarlavhalarga olib chiqdilar.

Mualliflaridan biri bu borada O‘zbekiston rasmiy doiralariga bog‘lanib, o‘z noroziligini izhor qilganini aytdi. 

Hisobot mualliflaridan biri Gennadiy Donchis, Bi-Bi-Si o‘zbek xizmati jurnalisti Ibrat Safoga o‘z tadqiqotlari spekulyatsiya qilinganidan taassufda ekanini aytadi.

“Hisobotimizdan bunday spekulyatsiya yuzaga kelganidan afsusdaman. Bu kabi hisobotlardan yana bir maqsad — ana shunday hollar yuzaga kelganda, qanday yo‘l tutish kerakligini o‘rganish. Hatto tijoriy kompaniyalar ham ofat yuz berganda bajonidil real vaqtdagi satellit tasvirlarni ulashishga tayyorlar, shunday ekan, ulardan foydalansa bo‘ladi. Undan tashqari, hodisaning kattaroq taʼsirini o‘rganishni istadik. Ochiq maʼlumotlar yordamida dunyoning har burchagidagi to‘g‘onga qarab, agar u o‘pirilsa, qancha hududga xavf tug‘dirishini aniqlash mumkin. Hozircha bu kabi tahlillar hamma davlatda ham, yo har bir suv ombori bo‘yicha ham qilinmayapti”, deydi u.

Eslatib o‘tamiz, Tergovchilar tomonidan ro‘y bergan voqeaning to‘rtta versiyasi ko‘rib chiqilmoqda: loyihalash xatolari, qurilish qoidalariga rioya qilmaslik, foydalanish jarayonidagi xatolar va tabiiy ofat.