Saylov oldidan dahshatli topilma

“New York Times” Donald Trampning Buyuk Britaniya va Irlandiya qatorida AQSH bilan savdo urushi olib borayotgan davlat – Xitoyda ham bank hisob raqami borligi haqida yozdi. Prezidentlik saylovi oldidan bu dahshatli topilma uning raqibiga qo‘l kelishi mumkin. Chunki bir yil avval aynan Tramp Jo Baydenni Xitoy banki bilan aloqadorlikda ayblagan edi.

Trampning Xitoydagi hisob raqami hech bir moliyaviy hisobotda ko‘rsatilmagan. Chunki u shaxsan o‘z nomiga emas, balki uning mehmonxonalarni boshqarish kompaniyasi – “Trump International Hotels Management LLC” uchun 2013 yilda ochilgan. Kompaniya 2015 yilgacha XXRda 188 ming 561 dollar miqdorida soliq to‘lagan.

Nashrning qayd etishicha, soliq hujjatlarida chet eldagi hisob raqamlaridan qancha pul o‘tganligi haqida batafsil maʼlumot berilmagan. Ammo soliq idorasi boshqa mamlakatlardan olingan daromad to‘g‘risida hisobot talab qiladi.

Buyuk Britaniya va Irlandiyadagi hisob raqamlar Trampning Shotlandiya hamda Irlandiyadagi golf maydonchalarini boshqaradigan kompaniyasiga tegishli bo‘lib, ular muntazam ravishda mazkur mamlakatlardan millionlab daromad olgani haqida hisobot berib turadi. “Trump International Hotels Management LLC” esa Xitoydan atigi bir necha ming dollar qozonilgani to‘g‘risida maʼlum qilgan xolos.

Axborot hamkorimiz @platformauzb telegram kanali