Shavkat Mirziyoyev: Karantin tugagani yo‘q

Prezident Shavkat Mirziyeyov 13-may kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida epidemiologik vaziyat tufayli cheklovlar bosqichma-bosqich yumshatib borilayotganiga qaramay, hamon karantin tartibi amalda ekanini ta’kidladi.

“Takror aytaman, yurtimizda karantin tugagani yo‘q. Lekin karantinni yumshatishga majburmiz — odamlarni boqishimiz, iqtisodiyotni tiklashimiz kerak”, — dedi Prezident.

Davlat rahbarining ta’kidlashicha, “pandemiyani jilovlashga juda katta kuch sarflayapmiz”.

“Bu borada ancha qiyin va og‘ir yo‘lni bosib o‘tdik. Og‘ir yo‘lni tanlaganmiz. Lekin bu yo‘l o‘zining samarasini sekin-sekinlik bilan beryapti. Boshqa yo‘l yo‘q”, — dedi u.

Shavkat Mirziyoyevning alohida qayd etishicha, “xalqimiz karantin boshlangan dastlabki kunlardagi tashvishli vaziyat yana qaytarilishini mutlaqo istamaydi”.

“Qaysidir viloyatda, hududda, korxonada koronavirus aniqlansa, darrov yopiladi, biz majbur bo‘lamiz. Lekin jinoiy javobgarlik bilan yopiladi. O‘sha hokimiga ham, korxona rahbariga ham — agar karantin normalariga e’tibor qilmasa”, — dedi Prezident.