Sherzod Kudbiyev Davlat soliq qo‘mitasi raisi, Behzod Musayev esa bosh vazir o‘rinbosari etib tayinlanadi

Prezidentning davlat xizmati va hokimiyat vakillik organlari bilan hamkorlik qilish masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimida ishlab kelayotgan Sherzod Kudbiyev Davlat soliq qo‘mitasi raisi etib tayinlanadi. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, “Yuksalish” umummilliy harakati raisi Akmal Burhonov ma’lum qildi.

Burhonovning ta’kidlashicha, shu vaqtgacha Davlat soliq qo‘mitasi raislik qilib kelgan Behzod Musayev O‘zbekiston bosh vazirining ijtimoiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlanishi kutilmoqda.

“Ayni paytda siyosiy partiyalar fraksiyalari tomonidan hukumatdagi yangi tayinlovlar masalasi ko‘rib chiqilmoqda. Ushbu nomzodlar Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 13-may bo‘lib o‘tadigan yalpi majlisida ma’qullanishi kutilmoqda”, — deyiladi deputat Burhonov qoldirgan xabarda.

Qonunchilikka ko‘ra, parlament tomonidan ma’qullangan hukumat a’zosi nomzodi O‘zbekiston Prezidenti tomonidan tayinlanadi.