Shimoliy Koreya Kim Chen Insiz: Eng yopiq mamlakatni nimalar kutmoqda

KXDR rahbari komaga tushgani yoki hatto oʻlgan degan mish-mishlar shanba kuni paydo boʻldi. Ammo Shimoliy Koreya yetakchisi birinchi marta “oʻlayotgani” yoʻq, deya yozadi RIA Novosti kolumnisti.

KXDR rahbari komaga tushgani yoki hatto oʻlgan degan mish-mishlar shanba (25 aprel) kuni paydo boʻldi. Ammo Shimoliy Koreya yetakchisi birinchi marta “oʻlayotgani” yoʻq. Eng asosiysi esa bu maʼlumotlarning ishonchliligida emas. Kim Chen Inning toʻsatdan vafot etgan taqdirda nima boʻlishini, uning vorisi kim boʻlishini va harbiylarning oʻzini qanday tutishini oldindan aytish amri mahol.

Kim qayerga yoʻqolib qoldi

Muvaffaqiyatsiz yurak jarrohligi natijasida vafot etdi. Yoʻq, u tirik, ammo komada – bu haqda bir necha kundan beri bong urishmoqda.

Hammasi 11 aprelda Kim Chen Inning “yoʻqolib qolgani” haqidagi xabarlardan boshlandi. Ertasi kuni shimollik koʻplab qochqinlar ishlaydigan Janubiy Koreyaning Daily NK nashri yurak jarrohligi haqida gapirdi. Goʻyoki haddan tashqari chekish, semirib ketish va haddan tashqari kuchlanishlar tufayli jarrohlik amaliyoti talab qilingan. Amaliyot yaxshi yakunlandi va shifokorlar jamoasi deyarli deyarli toʻliq tarkibda 19 aprel kuni Pxenyanga qaytib keldi, deb yozdi gazeta.

Biroz vaqt oʻtgach, Yaponiyaning “Syukan Genday” haftalik nashrida tafsilotlar paydo boʻldi. “Mintaqani tekshirish paytida KXDR raisi toʻsatdan yuragini ushlab yiqildi. Unga hamrohlik qilgan shifokorlar guruhi darhol yurak massajini oʻtkazib, eng yaqin atrofdagi tez yordam hizmatiga yetkazishdi”, – deya nashrga xabar berdi nomaʼlum manba. Ushbu talqinga koʻra, Xitoydan yordam soʻraldi, u yerdan uskunalar bilan 50 kishi maxsus bort orqali Pxenyanga yetkazildi. Shu orada Shimoliy Koreyalik shifokorlar mustaqil ravishda jarrohlikni boshladilar. Ammo jarroh asabiylashib, qoʻllari titraganidan bir daqiqada oʻrnatiladigan stent sakkiz daqiqada oʻrnatildi.

U yerga yetib kelgan xitoylik shifokorlar “vegetativ holatga tushib qolgan” Kim Chen Inga yordam berisholmadi. Keyinchalik versiyalar farqlandi. Yetakchi yoki hamon komada yoki u vafot etgan. Yoki shunchaki tirik va sogʻ-salomat.

Bir narsa aniq: 15 aprel kuni Kim Chen In Quyosh kunini nishonlashda ishtirok etmadi. Bu kun uning bobosi, KXDR asoschisi Kim Ir Senning tugʻilgan kuni ham edi.

Haqiqat qayerda

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi Kim Chen Inga yordam uchun shifokorlar yuborilganini tasdiqlamadi.

KXDR davlat radiosining xabar berishicha, davlat rahbari Samjiyon “sotsutopik shahrini” yaratgan ishchilarga minnatdorchilik bildirdi. Biroq, u buni qanday amalga oshirgani aniq koʻrsatilmagan. Shimoliy Koreyaning davlat axborot agentligi saytida 26 aprel kuni Kim Chen In RF Kommunistik partiyasi Markaziy qoʻmitasi raisi Gennadiy Zyuganovdan tabrik telegrammasini olganligi toʻgʻrisida xabar mavjud.

Milliy birlashish ishlari vakili Cho Xe Silning soʻzlariga koʻra, Janubiy Koreya hukumati “gʻayritabiiy narsa sezilmagan”. RIA Novosti bilan suhbatda Rossiya Fanlar akademiyasi Uzoq Sharq instituti Koreys tadqiqotlari ilmiy markazining yetakchi ilmiy xodimi Konstantin Asmolov rasmiy tuzilmalar vakillarining hech biri Kim Chen Inning oʻlimi yoki jiddiy kasalligi haqida hatto anonim ravishda gapirmaganiga eʼtibor qaratdi.

“U bir muncha vaqt ommaga chiqmagan, yangi suratlar ham yoʻq. Ehtimol, u biroz betob boʻlgan boʻlishi mumkin, ammo bu oʻlim yoki koma degani emas”, – deydi Asmolov. Ekspertning taʼkidlashicha, agar haqiqiy favqulodda holat yuzaga kelsa Pxenyan koʻchalarida texnikalar paydo boʻlardi va shahar boʻylab, shuningdek, diplomatik muhitda ham mish-mishlar tarqalishi mumkin edi.

Asmolov, shuningdek, iqtibos qilinayotgan nashrlar axborot agentliklari emasligini taʼkidlaydi. U anonim manbalarga ishonishga hech qanday sabab koʻrmayapti. Agar haqiqatan ham jiddiy holat yuz bergan boʻlsa, Pxenyanda ishlaydigan xorijiy muxbirlar buni bilishgan boʻlardi.

“Yana bir jihat bor: qanday qilib qandaydir manba Kimning ahvoli haqidagi dahshatli tafsilotlardan xabardor boʻlishi mumkin? – deb hayron boʻladi Asmolov. – Bir qator savollar vujudga keladi. Masalan, qanday qilib qandaydir xitoylik shifokor u yerga yetib borganidan keyin Kim Chen Inning yuragi ushlab qolganini, uni kasalxonaga olib borishganini qanday aniqladi? Yanada ajablanarlisi, nega u yapon va xitoy munosabatlari uncha yaxshi emasligi bila turib, bu toʻgʻrisida Xitoy ommaviy axborot vositalariga emas, balki qandaydir yapon gazetasiga xabar berdi”.

Keyingisi kim

Qanday boʻlmasin, shuni taʼkidlash kerakki, Shimoliy Koreyada hokimiyatni topshirishning rasmiy tasdiqlangan tartibi mavjud emas.

Kim Chen In 1994 yilda Kim Chen Ir tomonidan lavozimga tayinlanganidan beri vorislikka tayyorlangan. Ammo uning oʻrniga kim kelishi nomaʼlum. Baʼzilar davlat rahbarining singlisi Kim YO Chjongga ishora qilmoqdalar. Aprel oyida u Siyosiy byuroga nomzod boʻldi. Boshqalar esa vaziyatni oldindan aytib boʻlmaydi deb taʼkidlamoqda.

“Eng oʻta ogʻir sharoitlarda “qonunda yozilganiga qaramay, toʻpponchasi bor – haq” tamoyili amal qiladi, – deydi Asmolov. – Pxenyandagi turli “minoralar”ning taʼsiri haqida biz juda kam maʼlumotga egamiz, agar ular mavjud boʻlsa, albatta. Va hozircha aniq emas, yangi rahbar kelishi siyosiy yoʻnalishning ham oʻzgarishini anglatadimi yoki yoʻqmi”.

Rossiya Fanlar akademiyasi Uzoq Sharq instituti Koreys markazining yetakchi ilmiy xodimi Yevgeniy Kimning fikriga koʻra, KXDRda hech qanday vaziyatda ham beqarorlik boʻlmaydi. “Agar biron narsa roʻy bersa, Siyosiy byuro yigʻilib qarorlar va koʻrsatmalar qabul qilinadi. Ular mamlakat ustidan nazoratni yoʻqotadi deb oʻylash oʻrinsiz, – dedi u. – KXDR tizim shunday qurilganki, yetakchining vaqtincha yoʻqligi barqarorlikka taʼsir qilmaydi. 2008 yilda Kim Chen Ir qariyb toʻrt oyga gʻoyib boʻlgan, hammasi nazorat ostida boʻldi, yadro qurolini yaratish boʻyicha ishlar davom etdi”.

Yevgeniy Kim taʼkidlashicha, KXDRda rahbar kadrlar bilan muammolar yoʻq: “Sekin-asta qobiliyatli odamlar koʻtarilishyapti, Siyosiy byuroda yangi odamlar paydo boʻlmoqda, 60 yoshdan yoshlari, maʼlum sohalardagi mutaxassislar”.

Suhbatdoshning taʼkidlashicha, Pxenyan, KXDRda favqulodda vaziyat yuzaga kelgan taqdirda, Koreya Respublikasi va AQShning qoʻshma kuchlar kiritish boʻyicha operativ rejasini yaxshi biladi. “KXDRni amerikaliklardan himoya qiladigan bufer hududi deb hisoblaydigan Xitoy, qulashga yoʻl qoʻymaydi. Xuddi shu narsa Rossiyaga ham tegishli, chunki biz Shimoliy Koreya bilan chegaradoshmiz”, – deb eslatadi Yevgeniy Kim. “Bu yerda hammasi yaxshi boʻladi, hech narsa qulamaydi”, – deya xulosa qiladi u.

Oldinlari ham vafot etishgan

“Hech narsa qulamasligiga” ishonchga Shimoliy Koreya rahbarlarining soxta oʻlimlari haqida ulkan tarix ham dalolat boʻla oladi. Kim Chen In gʻoyib boʻlishi birinchi bor emas. 2014 yilda KXDR rahbari 40 kunga gʻoyib boʻldi. Unda, mish-mishlarga koʻra, u ortiqcha vazn tufayli yoki jarohati tufayli oyogʻida jarrohliqni boshdan kechirdi. U tez orada ommada hassa bilan koʻrindi.

2012 yilda ijtimoiy tarmoqlarda unga 11 fevral kuni KXDRning Pekindagi elchixonasida hujum uyushtirilganini yozishdi. Yirik ommaviy axborot vositalari ushbu mavzu boʻyicha biroz izoh bilan-da, fikrini bildirishdi.

Sogʻligʻi bilan bogʻliq mish-mishlar, shuningdek, Kim Chen Ir davriga ham xos boʻlgan. 2008 yilda ham ommaviy axborot vositalari uni yoʻqotib qoʻydilar. Uning kasalligi va hatto oʻlimi faol muhokama qilindi. Avgust oyida unda insult roʻy berdi va qisman falaj boʻldi. Bu bilan uning KXDRning 60 yilligi sharafiga oʻtkazilgan paradda, shuningdek, mamlakatning yuqori martabali siyosatchisining dafn marosimida qatnashmaganligini tushuntirildi. Bir yil oʻtgach, uning oshqozon osti bezi saratoni bilan kasallanganligini xabari berildi. Maʼlumot rasman tasdiqlanmagan.

Kim Chen Ir 2011 yil 17 dekabr kuni yurak xurujidan vafot etdi.

1986 yil noyabr oyida Janubiy Koreyaning “Choson ilbo” gazetasi Kim Ir Senning oʻlimi haqida yozdi. Ikkala Koreya chegarasida motam belgisi sifatida hatto KXDR davlat bayrogʻi ham tushirildi. Ammo bir necha kun oʻtgach, u hech narsa boʻlmagandek Pxenyan aeroportida Moʻgʻiliston prezidentini qarshi oldi.

Manba: RIA Novosti.