“Lokomotiv” sport direktori: “PFL rahbari bo‘ladigan odam birinchi navbatda mutaxassis bo‘lishi kerak”

PFL rahbari klublar tomonidan saylanishi kerakmi yoki O‘FA tomonidan tayinlanishi lozimmi?

Bu borada hamkorimiz championat.asia saytidagi “Tezkor Studiya” loyihasida “Lokomotiv” klubida uzoq yillardan buyon faoliyat yuritib kelayotgan mutaxassis, jamoa sport direktori Ravshan Muqimov fikrlarini bildirdi.

“Saylanadimi yoki boshqami buni farqi yo‘q. Eng asosiysi kelayotgan odam shu ishni mutaxassisi bo‘lishi kerak. Kim kelsa ham shu ligani ko‘taraman, klublarni kuchaytiraman, rivojlantiraman degan maqsadda kelishi lozim. Ruschada aytganda avtoritetni o‘zini ishini yaxshi biladigan odam kerak.

Shaxsan o‘zimda to‘g‘risi bironta ko‘rsata oladigan nomzodim yo‘q. Yaxshi bir nomzod topib bering, qani o‘sha yo‘q. Hozir mana bolalar futboli haqida ham gapirildi. Biz borini ham yo‘qotib yubordik. Turli chempionatlar, musobaqalar, turnirlarga olib bordik. Oldinlari stadionlarga 30 mingdan kam odam kelmasdi. Biz Namanganga o‘ynagani borganimizda 60 mingacha muxlis kelardi. Hozirgi kelayotgan 25 ming odam u payt bilan solishtirganda hech narsa emas.

 Hozir faqat futbolda emas, maktab va boshqa sohalarda ham kadr yo‘q. Hamma pul topish bilan ovora bo‘ldi, o‘qishni o‘ylamadi hech kim. Bor stadionlar yo‘q bo‘lib ketdi. Oldinlari har bir hududni va klubni o‘z maktabi bo‘lardi. Har bir jamoani sodiq o‘yinchisi bo‘lardi, hozirgidek sotqinlar yo‘q edi hisob.

Hozirda zamon zayli bilan barcha klublar endi o‘z akademiyasini qurishni boshladi. “Bunyodkor” va “Paxtakor” o‘z vaqtida futbol maktabiga asos solib qo‘ydi. Aslida barchada infratuzilma shunaqa bo‘lishi kerak. PFLda kim kelishidan qatʼiy nazar maʼlum bir aniq tizim ishlashi lozim”,- deydi “Lokomotiv” sport direktori.

Kechagi “Tezkor studiya”ni quyida tomosha qilish mumkin:  

Manba:championat.asia