Odam savdosi: sotilgan taqdirlar

Xorazm – Zarina tug‘ilib o‘sgan makon. Hayotining 14 yili shu joy bilan bog‘liq. Undan keyin esa qiz Jizzaxda yashay boshladi.

Uni uch marta… sotishdi. Birinchi marta onasi 7 yoshida farzandsiz oilaga sotib yuborgan. Zarinani asrab olgan ayolning kasbi o‘qituvchi edi, u qizchani yetti yil davomida tarbiyaladi. Lekin xastalik sabab dunyodan o‘tdi. Zarinaning haqiqiy onasi bundan xabar topgach, qizini olib ketdi. Yengil-yelpi hayotga o‘rgangan onaning uyi ko‘ngilxushlik uchun keluvchi erkaklar bilan to‘la edi. Bo‘yi cho‘zilib, ko‘zga yaqin bo‘la boshlagan qizni onasining xushtorlaridan biri so‘rab qoldi. Xullas, uning nomusi katta pulga sotib yuborildi. Ikkinchi bor buyumdek pullangan qizning taqdiri shu tariqa butkul o‘zgarib ketdi.

O‘sha voqeadan so‘ng ammasi Zarinani uyiga olib ketdi. Bir haftadan so‘ng esa qiz ammavachchasi bilan Jizzaxga yo‘l oldi. Ular bu yerda ayni to‘y mavsumi boshlangan vaqtda yetib kelishdi. Shahardagi ko‘p qavatli uylardan biriga joylashgan Zarina va uning qarindoshi to‘ylarda raqqosalik qilishardi. Jizzaxdagi odat shundayki, to‘ylarda odamlar turnaqator tizilishib olib, raqqosalarga pul qistirishadi. Bu Zarina singari qizlarni yengil hayot domiga tortish uchun ipsiz qarmoqdir. Shunday qilib, to‘ylardan tushadigan pullar qizning es-hushini o‘g‘irladi.

Kunlarning birida Zarinadan bir necha yosh katta kishi unga oila qurishni taklif etdi. Rafiqasi bevaqt olamdan o‘tgan bu erkakning bo‘yi yetgan farzandlari bor edi. Zarina rozi bo‘ldi, sharʼiy nikoh bilan oila qurishdi. Zarinaning homiladorligi yettinchi oyga borganda esa erining farzandlari uni janjal-to‘polon bilan uydan chiqib ketishga majbur qilishdi. Uydan ketgach, Zarina ijaraga kvartira topish uchun raqqosa hamkasblaridan biriga qo‘ng‘iroq qildi. Uy topildi. Zarinaning oy kuni yaqinlashib, qiz farzandli bo‘ldi. Lekin bolani boqishga, yashash uchun uy-joy qilishga imkon yo‘q edi.

Kunlarning birida u forishlik ayol bilan tanishib qoldi. Ayolning taklifiga ko‘ra, Forishdagi xonadonlardan birida Zarina va farzandi uchun barcha sharoit yaratib beriladi, evaziga u fohishalik qilishi kerak. Qiyinchiliklardan bezgan ayol shartga rozi bo‘ldi. Qariyb bir yil davomida u kelayotgan mijozlarga xizmat qilib yurdi. Lekin qo‘shmachilik qilayotgan ayol unga bir so‘m ham pul bermasdi. Qaytaga Zarina norozilik bildirgan kunlari bolasini yedirib- ichirishga ketgan pullarni hisoblab, katta qarzni bo‘yniga ilardi. Bora-bora bolani onaga ko‘rsatmay ham qo‘ydi. Telefoni, pasporti, bolasining tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasini birinchi kundanoq tortib olishgan edi…

2019-yil, dekabr. Voqealar shu sanadan boshlab, boshqa o‘zanga burildi. So‘ngroq bu mavzuga yana qaytamiz.

Muammo barham topmayapti

Jahonda odam savdosi – global muammo. Baʼzi davlatlar boshlang‘ich, baʼzilari tranzit yoki so‘nggi manzil sifatida harakat qilishadi. BMTning statistik maʼlumotlariga ko‘ra, odamlar kamida 127 mamlakatdan sotuvga chiqmoqda va ular 137 davlatda ekspluatatsiya qilinmoqda. Har yili turli hisob-kitoblarga ko‘ra, 20-40 million kishi quldorlikning zamonaviy shakli qurboniga aylanyapti.

Shu bilan birga, mazkur muammoning aniq ko‘lamini bilish juda ham qiyin, zero, jinoiy faoliyat yashirin sodir etiladi. Aniq statistika mavjud emas. Xalqaro darajada odam savdosi qurbonlarining atigi 0,04 foizigina aniqlangan.

Bugun jahonda odam savdosining uchta keng tarqalgan turi mavjud:

1. Jinsiy aloqa. Odam savdosi qurbonlarini tanlab oluvchi eng keng tarqalgan mashg‘ulot bu – fohishabozlikdir. Ayollarning 72 foizi jinsiy ekspluatatsiya maqsadida sotilgan. Qora bozorga tovar sifatida tushadiganlar umumiy sonining 71 foizini ayollar va yosh qizlar tashkil etadi.

2. Majburiy mehnat. Bunday holda odam savdosi qurbonlari nafaqat noqonuniy joylarda, balki qonuniy rasmiylashtirilgan ishlarda ham ishlashadi. Majburiy mehnat, masalan, massaj salonlari, qishloq xo‘jaligi, restoranlar, mehmonxonalar va jamoat xizmatlarida (ko‘chalar yoki uy tozalash xizmatlari) keng tarqalgan. Erkaklarning 85,7 foizi majburiy mehnatga jalb qilingan.

3. Odam aʼzolarini sotish. Odam savdosining ko‘p ham ko‘zga tashlanmaydigan turi bu tana aʼzolarini sotishdir. Ayni turdagi jinoyat “tovarlar” umumiy sonining 1 foizidan ko‘p bo‘lmagan miqdorini tashkil etadi. Bu borada tovar ayirboshlashni aniq baholashning iloji yo‘q, ammo mutaxassislar bu miqdorni 600 milliondan 1,2 milliard dollargacha deyishadi.

Odamlar qay yo‘l bilan sotuvga chiqarilmoqda?

Jabrlanuvchilar har qanday yosh, irq, jins va millatga mansub bo‘lishi mumkin. Odam savdosi bilan shug‘ullanuvchilar “mahsulot” uchun zo‘ravonlik, manipulyatsiya, pullik ish vaʼda qilish yoki romantik munosabatlardan foydalanishlari mumkin. Ular odamlarning eng zaif nuqtalarini topishadi. Ko‘pincha, qurbon sifatida – yaxshi taʼlim olmagan, qashshoqlik darajasiga tushib qolgan yoki ishsiz oilalarda o‘sgan, zo‘ravonlikni boshdan kechirganlar tanlanadi. Ular orasida uysizlar, uydan qochib ketgan bolalar yoki nogironlar bo‘lishi ham mumkin.

Odam savdosi yashirin jinoyatligicha qolmoqda.

Bu turdagi jinoyatdan “dilerlar” yiliga taxminan 150 milliard dollar foyda ko‘radi. Shuning uchun yildan- yilga odam savdosi rentabelligi o‘sib bormoqda.

Nima uchun bu muammo mavjud?

 Odam savdosi o‘ta foydali biznes hisoblanadi va shu bilan birga, unda qo‘lga tushish xavfi noqonuniy qurol savdosidagi kabi katta emas. Chunki qurbonlar, ko‘pincha, o‘zlari haqida gapirishmaydi, sotib oluvchilar ham faoliyatini reklama qilmaydi.

Odamfurushlarni jinoiy javobgarlikka tortish darajasi nihoyatda past: ularning aybdorligini isbotlovchi dalillar topish qiyin. Misol uchun, 2016-yili jahon bo‘ylab 14 894 ta sud ishi ochilgan. Ularning faqat 9071 tasida jinoyatchilar sudlangan.

O‘zbekistonda odam savdosiga qarshi kurash

Xalqaro talablarga muvofiq, odam savdosi og‘ir jinoyat va inson huquqlarini qo‘pol ravishda buzilishi deb tasniflanadi. Mamlakatlar buning uchun jazoni mustaqil ravishda belgilaydilar. Odam savdosiga qarshi kurashish borasida O‘zbekistonda 2008-yili tegishli Qonun qabul qilingan edi. Oradan 12 yil o‘tib, qonun talabga javob bermay qoldi. Joriy yilning 17-avgustida yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasining «Odam savdosiga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi Qonuni qabul qilindi. Qonunda odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha muhim tamoyillar belgilanib, asosiy tushunchalarga aniq taʼriflar berilgan. Bu, o‘z navbatida, odam savdosi bilan shug‘ullanuvchilarni jinoiy taʼqib etish, shuningdek, jabrlanuvchilarning huquqiy manfaatlarini himoyalashda qonuniy asos bo‘lib xizmat qiladi.

Milliy qonunchilikda ilgari bo‘lmagan odam savdosi jabrdiydalarini identifikatsiya qilish va ularni qayta yo‘naltirish tushunchalari alohida bobda aks etgan. Voyaga yetmaganlar savdosining oldini olish ham muhim jihat hisoblanadi. Qonun odam savdosi jabrdiydalari bo‘lmish fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoyalash hamda davlat organlari tashabbuskorligini oshirish, Odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi boshchiligida vakolatli organlarning o‘zaro hamkorligini taʼminlashga xizmat qiladi. Va eng muhimi, odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida xolis va to‘g‘ri maʼlumotlarni keng jamoatchilik hamda xalqaro hamjamiyatga yetkazishga ko‘maklashadi.

Odam savdosiga qarshi NNTlar bilan hamkorlik

Bu yil O‘zbekistonda odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha muhim qadam qo‘yildi – yangi tahrirdagi qonun qabul qilindi. Bundan maqsad, odam savdosiga qarshi kurash masalasida davlat organlarining nodavlat-notijorat tashkilotlar bilan hamkorligini kuchaytirishdir.

Hozir respublikada 9 mingdan ortiq nodavlat- notijorat tashkilotlari mavjud. Ularning 100ga yaqini odam savdosiga qarshi kurashish borasida ish olib bormoqda. Qonunda mazkur yo‘nalishga doir faoliyatni amalga oshirayotgan davlat organlariga ko‘maklashuvchi tashkilotlar qatorida nodavlat-notijorat tashkilotlar ham belgilandi. Ularning vakolat va vazifalari aniq ko‘rsatildi.

Odam savdosiga qarshi kurashda alohida yo‘nalishlardan biri – chaqaloqlar savdosi. Chaqaloqlar savdosi bilan bog‘liq holatlar yo avval aytilmagan yoki hozir ko‘payib ketdi. Mahalliy ommaviy axborot vositalarida ayni mavzu keng yoritilmoqda. Tergov organlari taqdim etgan maʼlumotlardan O‘zbekistonning turli hududlarida odam savdosi, xususan, chaqaloqlar va bolalar savdosi jinoyatlari fosh etilganini ko‘rish mumkin.

O‘zbekistonda bolalar savdosi: noxush holatlar

O‘zbekistonning turli hududlarida chaqaloqlar va bolalar savdosi bilan bog‘liq jinoyatlar fosh etilmoqda. 2019-yilda odam savdosi bilan bog‘liq jinoyatlar 2018-yilga nisbatan 22 foizga kamaygan, ammo chaqaloqlar savdosi 38dan 43 foizgacha oshgan.

Senat raisi Tanzila Norboyeva chaqaloqlar savdosida vositachilarning uchdan ikki qismi (32 foizi) tibbiyot xodimlari ekanini taʼkidladi.

«Odam savdosida faqatgina ayollar yoki bir kishi aybdor emas. Unga sharoit yaratib berayotgan, shu narsaga undayotgan muhit ham borligi maʼlum. Bunday holat o‘zbek jamiyati uchun mutlaqo xos emas. Shuning uchun bu masalaga boshqacha yondashishimiz kerak», dedi Senat rahbari. Senator O‘zbekistonda avval ham odam savdosi holatlari bo‘lgani, biroq mavzu yopiqligicha qoldirilganini taʼkidlagan.

Afsuski, O‘zbekistonda chaqaloqlar savdosiga oid ko‘plab hayotiy misollar mavjud: 2019-yilda chaqaloq savdosi bilan bog‘liq jinoyatlar 72 nafar shaxs tomonidan sodir etilgan. Quyidagilar ushbu ro‘yxatdan ayrim misollar:

Shu yilning 23-iyun kuni Sirdaryo viloyati IIB TEQKB Odam savdosi va noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida Sardoba tumanida yashovchi “L” va “M” ismli shaxslar “L” ismli shaxsning 2020-yil, may oyida tug‘ilgan chaqalog‘ini 18 000 (o‘n sakkiz ming) AQSH dollariga sotayotgan vaqtda qo‘lga olingan. Mazkur holat yuzasidan hozirgi vaqtda Sirdaryo viloyati IIB TEQKB xodimlari tezkor tekshiruv olib bormoqda.

2020-yilning 3-iyun kuni Samarqand viloyati, Paxtachi tumanida yashovchi fuqaro, 22 yoshli N.Yo. 11 may kuni tug‘ilgan 23 kunlik farzandini Navoiy shahrida yashovchi fuqaro N.I.ga 3 000 000 so‘mga sotishga kelishgan. O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti xabariga ko‘ra, N.Yo. chaqalog‘ini sotib, kelishilgan pulni Navoiy shahridagi “Navoiy” jome masjidi yonida olgan vaqtida o‘tkazilgan tezkor tadbir natijasida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.

Farg‘ona viloyatida 2020-yilning 1-sentabr kuni IIB va Milliy gvardiya xodimlari hamkorlikda o‘tkazgan tezkor tadbir davomida 24 yoshli G.S., (ayol) voyaga yetmagan 1 yoshli farzandi Sh.T., ni 1500 AQSH dollariga sotishga kelishib, ushbu summadan 500 AQSH dollarini olayotgan vaqtida ushlangan.

«Chaqaloqni sotish sabablari o‘rganilganda 19 holat bo‘yicha oilaviy sharoit og‘irligi, bolani boqishga imkon yo‘qligi, 3 ta holatda uy-joy olish, 9 ta holatda o‘z aybini yashirish va 10 ta holatda moddiy manfaaat uchun bunga qo‘l urilgani maʼlum bo‘lmoqda», — deydi Senat raisi Tanzila Norboyeva.

Jizzax viloyatidagi nodavlat tashkilotning ishonch telefoniga 18 nafar fuqaro odam savdosi qurboni bo‘lganligini maʼlum qildi

Respublika «Istiqbolli avlod» ijtimoiy-axborot markazining Jizzax viloyati bo‘limi – O‘zbekistonda odam savdosiga qarshi kurashayotgan 100 dan ortiq nodavlat-notijorat tashkilotlardan biri. NNT tomonidan odam savdosi va noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish, odam savdosidan jabrlangan shaxslarni reabilitatsiya va reintegratsiya qilish borasida 2020-yilning o‘tgan 8 oyida qator ishlar amalga oshirildi.

Markazning “Dolzarb aloqa” tarmog‘iga jami 1604 ta murojaat kelib tushgan (NNTning 2020-yilning 8 oyidagi faoliyati haqidagi maʼlumotlarga asosan). Shu murojaatlardan 857 tasi erkaklarniki bo‘lsa, 747 tasi ayollarnikidir. Mazkur qo‘ng‘iroqlar yuzasidan fuqarolarning 796 nafariga turli yo‘nalishlar bo‘yicha huquqiy maslahatlar berilgan.

NNT tomonidan 104 nafar fuqarodan murojaatlar qabul qilinib, tahlil etilganda, ulardan 99 nafariga huquqiy maslahatlar berish so‘ralgan, 16 nafarini esa Vatanga qaytarish bo‘yicha amaliy yordam so‘ralgan. 18 kishi odam savdosi qurboni bo‘lganligi maʼlum qilingan. 14 kishining hujjatini tiklash, 1 kishining nomusga tegish haqidagi murojaati kelib tushgan. Murojaatlardagi 6 ta holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Zarinaning taqdiri nima bo‘ldi?

Forish. 2019-yilning dekabr oyi. Kunlar sovuq. Mijozlardan biri Zarinani o‘zi bilan Jizzax shahriga olib ketadigan bo‘ldi. Bu Zarina uchun katta imkoniyat edi. O‘zi tushib qolgan vaziyat haqida unga aytib berdi va telefondan tanishlariga qo‘ng‘iroq qilib olishga ruxsat so‘radi. Telefon go‘shagini ichki ishlar bo‘limida tergovchi bo‘lib ishlaydigan tanishi ko‘tardi. Qisqa fursatda ular ko‘rishishdi, haqiqiy ahvol qandayligi aniq bo‘ldi. Zarina va uning farzandi o‘sha xonadondan olib chiqilib, Jizzax viloyati “Ayollar reabilitatsiya va ijtimoiy moslashuv” markaziga keltirildi.

Suratda: psixolog Dilfuza Ahmedova (chapda) Zarina (o‘ngda) bilan suhbatda.

Markaz huquqshunosi, psixologi va boshqa masʼullar ko‘magida ayolni ijtimoiy hayotga moslashtirishga qaratilgan olti oylik mashaqqatli vazifa uddalandi. Zarina hozir tikuvchilik korxonasida hunar o‘rganmoqda. Bundan tashqari, viloyat Bandlik boshqarmasining jamoat ishlariga jalb etilib, belgilangan tartibda oylik maoshga ega bo‘ldi. Uning hayotini do‘zaxga aylantirgan kimsalarga esa sud bir necha yillik qamoq jazosini tayinladi.

Suratda: Zarina tikuvchilik korxonasida

Jizzaxda Zarina singari ayollar ko‘p bo‘lmasa-da, oilasi va jamiyatdan zulm ko‘rgan, turli dashnomlarga qolib, qiynalayotganlar bizga murojaat qilib turadi, – deydi markaz psixologi Dilfuza Ahmedova. – Bu yerda jabrdiyda ayollar farzandlari bilan vaqtincha istiqomat qilishi uchun oila muhitiga yaqin sharoit yaratilgan. Ruhshunos, yurist mutaxassislar ko‘magi, onalar va bolalar xonasi mavjud. Kerak bo‘lganda ayollarga kasb-hunar o‘rgatilib, ularning ijtimoiy moslashuvi uchun imkoniyat yaratiladi.

Odam savdosi haqida 3 dalil:

1. Odam savdosidan jabr ko‘rganlarning deyarli barchasi yaqin tanishlari yoki qo‘ni-qo‘shnilari orqali xorijdagi “ishga joylashgan”.

2. Deyarli barchaga “Yo‘lkirangni qoplashadi, hujjatlar muammosini ham o‘zlari hal qilishadi”, deb aytiladi.

3. Ish uchun patent olish bahonasida pasportlar olib qo‘yiladi.

Muallif: Hakimjon Fozilov

Maqoladagi suratlar muallif tomonidan taqdim etilgan.