Ukraina fuqaroligini olgan o‘zbeklar ham O‘zbekistonga evakuatsiya qilinadimi?

➖ So‘nggi vaqtlarda aralash nikohdagi oilalar vakillari yoki O‘zbekistonda tug‘ilgan, ammo Ukraina fuqaroligini qabul qilgan fuqarolardan evakuatsiya qilish bo‘yicha murojaatlar ham ko‘paydi.

O‘zbekistonning Kiyevdagi Elchixonasi ularni Lvovdagi to‘planish nuqtasidan “Krakoves” (Polsha) nazorat-o‘tkazish punktigacha yetkazishda yordam berishga tayyor.

Aralash nikohlar guruhi vakillarini O‘zbekistonga evakuatsiya qilish imkoniyati bo‘yicha so‘rovlarga javoban Elchixona ushbu shaxslar O‘zbekiston fuqarolari olib chiqib ketilganidan so‘ng, ehtimol, pullik asosda evakuatsiya qilinishi mumkinligi haqida tushuntirishlar bermoqda.

Ukrainadan Moldova orqali ham Vatanga qaytsa bo‘ladimi?

➖ Ukrainaning Moldova Respublikasi bilan chegaradosh joylarida yashovchi 200 ga yaqin fuqarolarimiz boshpana izlab Moldova hududiga o‘tgan.

Hozirgi paytda ustuvorlik Polsha orqali evakuatsiya qilishga qaratilganligini inobatga olgan holda, fuqarolarimizni Moldovadan qaytarish masalasi keyinroq ishlab chiqiladi. Bundan tashqari, mazkur mamlakat havo hududi aviaqatnovlar uchun yopiqligicha qolmoqda.