Twitter koronavirus haqidagi yolg‘on va tasdiqlanmagan xabarlarini alohida belgi bilan ajratadi

Dushanba kunidan AQSHning Twitter kompaniyasi koronavirusga oid noto‘g‘ri maʼlumotlarni tarmoqda belgilashni boshladi.

Bu belgi istalgan “tvit”ga (mullifi kim bo‘lishidan qatʼiy nazar) — shov-shuv ko‘tarish maqsadida tarqatiluvchi tekshirilmagan axborotlarga, davolash usullari va statistika bilan bog‘liq manipulyatsion xabarlarga qo‘yiladi.

“Bizning maqsadimiz — jamoatchilik muloqotiga ko‘maklashish orqali Tvitterda ishonchli maʼlumotlarni topish hamda ehtimoliy xavfli va chalg‘ituvchi maʼlumotlar tarqatishni cheklashdir”, — deyiladi kompaniya rasmiy bayonotida.

Bunday maxsus belgilar — foydalanuvchini ijtimoiy tarmoqning rasmiy sahifasiga yoki koronavirus haqida tasdiqlangan va ishonchli maʼlumotni o‘z ichiga olgan boshqa veb-saytga yo‘naltiradi. 12 maygacha eʼlon qilingan xabarlarda ham belgilar paydo bo‘ladi.